Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 36-DARS

Yiftoxning va’dasi

Yiftoxning va’dasi

Isroilliklar yana Yahovani tark etib, soxta xudolarga sig‘ina boshlashdi. Ommonliklar isroilliklarga hujum qilganida, bu soxta xudolar ularga hech qanday yordam bera olmadi. Isroilliklar ko‘p yil davomida aziyat chekishdi. Oxiri ular Yahovaga yolvorib: «Biz gunoh qildik. Iltimos, dushmanlarimizdan bizni qutqar»,— deb aytishdi. Isroilliklar butlarini yo‘q qilib, yana Yahovaga topina boshlashdi. Yahova ularning azob chekishiga ortiq chidab turolmadi.

Yiftox ismli jangchi ommonliklarga qarshi urushda xalqni boshlab borish uchun tanlandi. U Yahovaga shunday dedi: «Jangda g‘alaba qozonishimizga yordam bersang, uyga qaytganimda eshigimdan menga peshvoz chiqqan birinchi kishini Senga beraman».  Yahova Yiftoxning ibodatini eshitdi va jangda g‘alaba qozonishiga yordam berdi.

Yiftox uyga qaytganida, yakka-yu yagona qizi unga birinchi bo‘lib peshvoz chiqdi. U childirma chalib, raqsga tushdi. Shunda Yiftox nima qildi? U bergan va’dasini eslab, shunday dedi: «Voy, qizim! Yurak-bag‘rimni qon qilding-ku! Men Yahovaga va’da berib qo‘ygandim. Endi va’damni bajarish uchun seni Shilo‘dagi muqaddas chodirda xizmat qilishga yuborishim kerak». Ammo qizi otasiga: «Otajon, agar siz Yahovaga va’da bergan bo‘lsangiz, va’dangizda turing. Faqat bitta tilagim bor: dugonalarim bilan ikki oyga toqqa chiqib kelishimga ruxsat bering. So‘ng muqaddas chodirga boraman»,— dedi. Yiftoxning qizi butun umr muqaddas chodirda sadoqat ila Xudoga xizmat qildi. Har yili dugonalari uni ko‘rgani Shilo‘ga kelishardi.

«Mendan ko‘ra o‘g‘lini yoki qizini ko‘proq sevgan... mening shogirdim bo‘lishga loyiq emas». (Matto 10:37)