Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 25-DARS

Topinish uchun muqaddas chodir quriladi

Topinish uchun muqaddas chodir quriladi

Muso Sinay tog‘ida bo‘lganida Yahova unga o‘zgacha bir chodir qurishni buyurdi. U muqaddas chodir deya atalib, u yerda isroilliklar Yahovaga topinishi mumkin edi. Ular yo‘lga tushganida muqaddas chodirni yig‘ib, o‘zlari bilan olib ketishi mumkin bo‘lgan.

Yahova Musoga: «Xalqqa ayt: “Muqaddas chodirning qurilishi uchun, kim nima bera olsa shuni olib kelsin”»,— dedi. Isroilliklar oltin, kumush, mis, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlarini olib kelishdi. Yana ular jun, zig‘ir mato, hayvonlarning terisi va ko‘pgina boshqa narsalarni berishdi. Ular shunchalik saxiylik ko‘rsatishdiki, oxiri Muso: «Bo‘ldi, yetadi, boshqa hech narsa olib kelmanglar»,— dedi.

Ko‘plab qobiliyatli erkag-u ayollar muqaddas chodirning qurilishida yordam berishdi. Bu ishlarni bajarishlari uchun Yahova ularga donolik ato etdi. Ayrimlar ip yigirdi, mato to‘qidi va kashta tikdi. Boshqalar esa tosh yo‘ndi, oltin va yog‘ochdan buyumlar yasadi.

Xalq muqaddas chodirni xuddi Yahova aytganday qilib qurdi. Ular muqaddas chodirni ikki qismga, ya’ni Muqaddas xona va Eng muqaddas xonaga ajratish uchun chiroyli pardalar tikishdi. Eng muqaddas xonada ahd sandig‘i bor bo‘lib, u akasiya yog‘ochidan va oltindan yasalgan edi. Muqaddas xonada esa oltin chiroqpoya, stol va tutatqi tutatiladigan qurbongoh turardi. Hovlida misdan yasalgan tos va katta qurbongoh bor edi. Ahd sandig‘i isroilliklarga Yahovaga itoat qilish haqida bergan va’dasini eslatib  turardi. Ahd nimaligini bilasizmi? Bu — o‘zaro berilgan qat’iy va’da.

Yahova Horun bilan o‘g‘illarini muqaddas chodirda ruhoniylar bo‘lib xizmat qilishi uchun tanladi. Ular muqaddas chodirdagi ishlarga javobgar edi va Yahovaga qurbonliklar keltirishardi. Faqat Horunga, ya’ni oliy ruhoniyga Eng muqaddas xonaga kirish ruxsat etilardi. Horun u yerga o‘zi, oilasi va Isroil xalqining gunohlarini yuvish uchun qurbonlik keltirish maqsadida yiliga bir marta kirardi.

Isroilliklar Misrdan chiqqaniga bir yil bo‘lganida muqaddas chodirning qurilishini tugatishdi. Endi ularda Yahovaga topinadigan joy bor.

Yahova muqaddas chodir Unga yoqqanini ko‘rsatish uchun, uning ustida bulut paydo qildi. Bulut muqaddas chodirning tepasida bo‘lgan paytda isroilliklar o‘z joyida qolishardi. Bulut ko‘tarilganida esa, ular yo‘lga tushish payti kelganini bilishardi. Shunda ular muqaddas chodirni yig‘ib, bulutning ortidan ergashishardi.

«Shu payt taxtdan kuchli ovoz shunday deganini eshitdim: “Mana, Allohning chodiri insonlar orasida. Xudoning O‘zi ular bilan birga yashaydi va ular Uning xalqi bo‘lishadi. Allohning O‘zi ular bilan bo‘ladi”». (Vahiy 21:3)