Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 28-DARS

Balomning eshagi gapiradi

Balomning eshagi gapiradi

Isroilliklar sahroda yashayotganiga deyarli 40 yil bo‘lib qoldi. Ular ko‘pgina mustahkam shaharlarni bosib olishdi. Ular Iordan daryosining sharqida joylashgan Mo‘ab dashtlarida qarorgoh qurishdi. Va’da qilingan yurtga kiradigan payt ham kelib qoldi. Mo‘ab shohi Boloq isroilliklar uning yurtini ham bosib olishidan qo‘rqayotgan edi. Shu bois u isroilliklarni la’natlash uchun Balom ismli kishini Mo‘abga chaqirdi.

Ammo Yahova Balomga: «Isroilliklarni zinhor la’natlama»,— deb aytdi. Shu sababli, Balom Mo‘abga borishni rad etdi. Shoh Boloq uni ikkinchi marta chaqirtirib, unga istagan narsasini berishni va’da qildi. Lekin Balom bu safar ham borishni istamadi. Shunda Yahova unga: «Agar boradigan bo‘lsang, faqat Men aytgan gapni aytasan»,— dedi.

Balom eshagiga minib, Mo‘abga yo‘l oldi. Yahova isroilliklarni la’natlashni man etgan bo‘lsa ham, Balom xalqni la’natlamoqchi edi. Yahovaning farishtasi yo‘lda uch marta paydo bo‘ldi. Farishta faqat eshakka ko‘rindi, Balom esa uni ko‘rmadi. Avvaliga eshak farishtani ko‘rib, dala tomonga qayrilib ketdi. Keyin tosh devor tomonga yurib, Balomning oyog‘ini siqib qo‘ydi. Eshak oxiri yo‘lning o‘rtasida o‘tirib oldi. Balom esa har safar eshagini tayog‘i bilan urdi.

Balom eshagini uchinchi marta urganida Yahova eshakni gapiradigan qilib qo‘ydi. Eshak Balomdan: «Nega meni uryapsan?» — deb so‘radi. Balom eshakka: «Sen meni ahmoq qilyapsan. Qo‘limda qilich bo‘lganida seni o‘ldirib qo‘yardim!» — deb aytdi. Eshak: «Necha yillardan beri meni minib yurasan. Bundan oldin biror marta o‘zimni shunday tutganmanmi?» — deb aytdi.

Keyin Balom farishtani ko‘ra olishi uchun Yahova uning ko‘zlarini ochdi. Farishta unga: «Isroilni la’natlama, deya Yahova seni  ogohlantirgandi-ku!» — dedi. Balom unga: «Men noto‘g‘ri ish qildim. Endi uyimga qaytib ketaman»,— deb aytdi. Lekin farishta unga: «Agar Mo‘abga borsang, faqat Yahova aytgan gapni aytasan»,— dedi.

Balom bundan saboq oldimi? Yo‘q. U Isroilni uch marta la’natlashga urindi. Biroq Yahova shunday qildiki, Balom har safar la’natlash o‘rniga ularni duo qildi. Oxir-oqibat isroilliklar Mo‘abga hujum qilishdi va Balom o‘ldirildi. U boshdanoq Yahovaga quloq solganida yaxshi bo‘lardi, shunday emasmi?

«O‘zingizni har turli ochko‘zlikdan saqlanglar, chunki odamning mol-mulki ko‘p bo‘lgan taqdirda ham, uning hayoti bunga bog‘liq emas». (Luqo 12:15)