Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 3-DARS

Odamato va Momohavo Xudoga quloq solmadi

Odamato va Momohavo Xudoga quloq solmadi

Bir kuni Momohavo yolg‘iz qolganida, ilon kelib unga gapirdi. Ilon: «Xudo bog‘dagi hech bir daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytgani rostmi?» — deb so‘radi. Momohavo esa: «Bog‘dagi barcha daraxtning mevasini yeyishimiz mumkin. Ammo bitta daraxtning mevasidan yeyish mumkin emas. Mabodo bu daraxtning mevasidan yesak o‘lamiz»,— deb javob berdi. Ilon esa: «Aslo o‘lmaysiz. Aksincha undan yesangiz, Xudo kabi bo‘lasiz»,— dedi. Bu rost edimi? Yo‘q, bu yolg‘on. Lekin Momohavo bunga ishondi. Boz ustiga, Momohavo mevaga qaragan sari yegisi kelaverdi. Oxiri u mevani yeb, Odamatoga ham berdi. Agar ular Xudoga itoatsizlik qilishsa, bu o‘limga olib kelishini Odamato bilardi. Shunga qaramay u mevani yedi.

O‘sha kuni kechqurun Yahova Odamato bilan Momohavoga gapirdi. Xudo nega ular Unga quloq solmaganini so‘radi. Shunda Momohavo ilonni, Odamato bo‘lsa Momohavoni aybladi. Odamato bilan Momohavo itoat qilmagani uchun, Yahova ularni bog‘dan haydadi. Ular bog’ga boshqa kirmasin, deb Xudo bog‘ kiraverishiga farishtalarni hamda aylanib turadigan olovli qilichni qo‘ydi.

Yahova Momohavoni aldagan kimsani ham jazolashini aytdi. Momohavoga aslida ilon gapirmagan. Chunki Yahova ilonlarni gapirish qobiliyati bilan yaratmagan. Ilon orqali yomon farishta gapirgan. U Momohavoni aldash uchun shunday qilgan. Bu farishta Shayton Iblis deb atalgan. Shayton odamlarni yomon ishlar qilishga og‘dirmasligi uchun Yahova kelajakda uni yo‘q qiladi.

«[Iblis] boshidanoq qotil edi... U yolg‘onchi». (Yuhanno 8:44)