Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 5-DARS

Nuhning kemasi

Nuhning kemasi

Vaqt o‘tib yer yuzida odamlar ko‘paydi. Ularning aksariyati yomon edi. Hatto osmondagi ayrim farishtalar ham yomon bo‘lib ketishdi. Ular osmondagi makonini qoldirib, yer yuziga tushishdi. Ular nega bunday qilishganini bilasizmi? Chunki shunda ular inson qiyofasiga kirib, ayollarga uylana olishardi.

O‘sha farishtalar bilan ayollardan o‘g‘illar tug‘ildi. Bu bolalar juda kuchli va zo‘ravon bo‘lib ulg‘aydi. Ular odamlarga ozor berishardi. Yahova esa bunday davom etishiga yo‘l qo‘ya olmasdi. Shu bois U to‘fon yuborib, yomon odamlarni yo‘q qilishga qaror qildi. To‘fon kuchli yomg‘ir yoqqanda hamma joyni suv bosishini anglatadi.

Ammo o‘sha paytda boshqalardan ajralib turadigan bir inson yashardi. U Yahovani yaxshi ko‘rardi. Uning ismi Nuh bo‘lib, xotini, Som, Xom va Yofas ismli o‘g‘illari hamda uchta kelini bor edi. Nuh va oilasi To‘fonda omon qolishlari uchun, Yahova unga ulkan kema qurishni buyurdi. Kema ulkan yog‘och quti shaklida bo‘lib, suvda suza olardi. Hayvonlar ham qutqarilib qolishi uchun Yahova Nuhga ularni ham kemaga olib kirishni buyurdi.

Nuh shu zahoti kemani qura boshladi. Nuh va oilasi kemani qurishga taxminan 50 yil vaqt sarflashdi. Ular kemani aynan Yahova aytganday qilib qurishdi. Bu vaqt davomida Nuh odamlarni To‘fon bo‘lishi haqida ogohlantirib yurdi. Lekin hech kim unga quloq solmadi.

Oxiri kemaga kiradigan vaqt keldi. Keling, so‘ng nima bo‘lganini bilib olamiz.

«Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘li hozir bo‘lganida ham shunday bo‘ladi». (Matto 24:37)