Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 99-DARS

Qamoqxona nazoratchisi haqiqatni qabul qiladi

Qamoqxona nazoratchisi haqiqatni qabul qiladi

Filippi shahrida ichiga jin kirib olgan cho‘ri qiz bor edi. Jin tufayli qiz kelajakni aytib berardi va xo‘jayinlariga ko‘p daromad keltirardi. Pavlus bilan Sila Filippiga kelganda, bu cho‘ri qiz bir necha kun mobaynida ularga ergashib yurdi. Jin qizni: «Bu odamlar Tangri Taoloning qullari»,— deb baqirishga majburlardi. Oxiri Pavlus jinga: «Iso Masih nomidan senga buyuraman: bu qizdan chiqib ket!» — dedi. Shu ondayoq jin chiqib ketdi.

Qizning xo‘jayinlari daromaddan ayrilib qolganini tushungach, qattiq g‘azablandi. Ular Pavlus bilan Silani shahar ma’murlari oldiga sudrab borib, shunday deyishdi: «Bu odamlar qonunni ham, butun shaharning tinchini ham buzishyapti!» Ma’murlar Pavlus bilan Silani savalab, qamoqqa tashlashni buyurdi. Qamoqxona nazoratchisi ularni qamoqxonaning eng ichkarisiga va qorong‘i joyiga tashlab, kundalab qo‘ydi.

Pavlus bilan Sila Yahovaga hamd-u sanolar kuylashdi va buni boshqa mahbuslar ham eshitdi. Kutilmaganda, yarim tunda kuchli zilzila bo‘ldi va butun qamoqxona qattiq silkinib ketdi. Qamoqxonaning eshiklari ochilib, mahbuslarning kishanlari-yu kundalari bo‘shab qoldi. Nazoratchi ichkariga yugurib kirdi va eshiklar ochilib qolganini ko‘rdi. U hamma mahbuslar qochib ketdi, deb o‘yladi va o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lib qilichini oldi.

Shunda Pavlus baland ovozda: «O‘zingizga ziyon yetkazmang! Hammamiz shu yerdamiz!» — dedi. Qamoqxona nazoratchisi yugurib bordi-da, Pavlus bilan Silaning oldida tiz cho‘kdi. Nazoratchi ulardan: «Najot topishim uchun nima qilishim kerak?» — deb so‘radi. Ular nazoratchiga: «O‘zingiz va xonadon ahlingiz Isoga ishoning»,— deyishdi. Keyin Pavlus va Sila ularga Yahovaning Kalomi haqda ta’lim berdi. Natijada qamoqxona nazoratchisi va uning xonadon ahli suvga cho‘mdi.

«Odamlar sizlarga qarshi chiqib, ta’qib qilishadi. Sizlarni ibodatxonalar-u qamoqxonalarga topshirib, mening nomim tufayli shohlar-u hokimlar qoshiga olib borishadi. O‘shanda sizlarda shohidlik qilish imkoniyati tug‘iladi». (Luqo 21:12, 13)