Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 91-DARS

Iso tiriladi

Iso tiriladi

Isoning o‘limidan so‘ng, Yusuf ismli boy kishi Pilatning yoniga bordi. U Isoning tanasini ustundan tushirish uchun ruxsat so‘radi. Yusuf uning jasadini xushbo‘y o‘tlar bilan a’lo sifatli zig‘ir kafanga o‘rab, yangi qabrga qo‘ydi. So‘ng qabr og‘ziga katta toshni yumalatib qo‘ydi. Bosh ruhoniylar Pilatga: «Isoning shogirdlari jasadni o‘g‘irlab, keyin u tirildi, deb aytishidan qo‘rqyapmiz»,— deyishdi. Shunda Pilat ularga: «Qabrga muhr bosib, soqchilarni qo‘yinglar»,— deb aytdi.

Oradan uch kun o‘tib, erta tongda ba’zi ayollar qabr boshiga kelishdi. Qarashsa, tosh chetga yumalatib qo‘yilgan ekan. Qabr ichida esa bir farishta ayollarga: «Qo‘rqmanglar, Iso tirildi. Boringlar, shogirdlariga uni Jalilada kutib olishni aytinglar»,— dedi.

Bu payt magdalalik Maryam Butrus va Yuhannoning yoniga yugurib ketdi. Maryam ularga: «Kimdir Isoning tanasini olib ketibdi!» — deb aytdi. Butrus bilan Yuhanno qabr boshiga yugurib borishdi. Ular qabr bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘rib, uyga qaytishdi.

Maryam qabr boshiga qaytganida, ichkarida ikkita farishta o‘tirganini ko‘rib qoldi. Shunda u farishtalarga: «Hazratimni olib ketishibdi. Uni qayerga qo‘yishganini bilmayman»,— dedi. So‘ng Maryam bitta kishini ko‘rib qolib, uni bog‘bon deb o‘yladi va undan: «Taqsir, uni qayerga qo‘yganingizni ayting»,— deb so‘radi. Ammo o‘sha kishi: «Maryam!» — deganida Maryam bu Iso ekanini tushundi va: «Ustoz!» — deya uni quchoqlab oldi. Iso esa unga: «Borib, birodarlarimga meni ko‘rganingizni aytib bering»,— dedi. Maryam o‘sha zahoti shogirdlarning oldiga borib, Isoni ko‘rgani haqida gapirib berdi.

O‘sha kuni ikkita shogird Quddusdan Emmaus degan qishloqqa ketayotgandi. Yo‘l-yo‘lakay bir kishi ularga qo‘shilib, nima haqda gaplashib kelayotganini so‘radi. Ular: «Nahotki eshitmagan bo‘lsangiz? Bundan uch kun oldin bosh ruhoniylar Isoni o‘ldirishdi. Endi esa ayrim ayollar uni tirik deb aytishyapti!» — deb javob berishdi. O‘sha kishi: «Sizlar payg‘ambarlar aytgan gaplarga ishonmaysizmi?  Axir ular Masih o‘lishi va tirilishi haqida aytgan-ku»,— dedi. U yo‘l-yo‘lakay Muqaddas Kitobni tushuntirib ketdi. Emmausga yetib kelgach, shogirdlar o‘sha kishidan ular bilan qolishni so‘rashdi. Kechki ovqat paytida u nonni sindirib duo aytgach, shogirdlar bu Iso ekanini tushunishdi. So‘ng Iso ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Bu ikkita shogird shoshilib Quddusga, havoriylar yig‘ilgan uyga bordi va bo‘lib o‘tganlarni aytib berdi. Ular ichkarida bo‘lganida oralarida Iso paydo bo‘ldi. Boshida havoriylar bu Iso ekaniga ishonishmadi. Shunda Iso: «Qo‘llarimga qaranglar, meni ushlab ko‘ringlar. Muqaddas Yozuvlarda Masih tirilishi haqida aytilgan-ku»,— dedi.

«Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otamning oldiga kela olmaydi». (Yuhanno 14:6)