Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 90-DARS

Iso Go‘lgotada o‘ladi

Iso Go‘lgotada o‘ladi

Bosh ruhoniylar Isoni hokimning saroyiga olib kelishdi. Shunda Pilat ulardan: «Bu insonni nimada ayblayapsizlar?» — deb so‘radi. Ular: «U o‘zini shoh deb atayapti!» — deya javob berishdi. Pilat esa Isodan: «Sen yahudiylarning shohimisan?» — deb so‘radi. Iso: «Mening Shohligim bu dunyodan emas»,— dedi.

So‘ng Pilat Isoni Jalilada hokimlik qilayotgan Hirodning yoniga yubordi. Chunki u Hirod Isodan biron ayb topa oladi deb umid qildi. Biroq Hirod Isodan hech qanday ayb topa olmay, uni Pilatning oldiga qaytarib yubordi. Pilat bo‘lsa odamlarga: «Hirod ham, men ham bu insondan hech qanday ayb topa olmadik. Men uni ozod qilaman»,— deb aytdi. Shunda ular: «Uni o‘ldiring»,— deb baqirishdi. Askarlar esa uni qamchilab, yuziga tupurishdi va urishdi. Ular tikanakdan to‘qilgan tojni Isoning boshiga kiygizib, uni mazax qilgancha shunday deyishdi: «Salom, yahudiylarning shohi!» Pilat yana xaloyiqqa qarata: «Men bu insondan hech qanday ayb topa olmadim»,— deb aytdi. Ammo ular: «Uni ustunga mixlating»,— deya baqirishdi. Shunda Pilat Isoni qatl qilish uchun askarlarning qo‘liga topshirdi.

Ular Isoni Go‘lgota degan joyga olib borib, ustunga mixlashdi, so‘ng ustunni turg‘izib qo‘yishdi. Iso: «Otajon, ularni kechir, chunki ular nima qilayotganini bilmaydi»,— deb ibodat qildi. Odamlar esa: «Agar sen Xudoning O‘g‘li bo‘lsang, qani ustundan tush! O‘zingni qutqar!» — deya Isoni masxara qilishdi.

Isoning ikki yonida ikkita jinoyatchi ham ustunga mixlangandi. Ulardan biri unga: «Iso, shoh bo‘lganingizda meni eslang»,— deb aytdi. Shunda Iso: «Sizga va’da beraman, siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz»,— dedi. Peshinda butun yerni zulmat bosdi va bu taxminan uch soat davom etdi. Isoning onasi Maryam va ba’zi shogirdlar ustun yonida turishgandi. Shunda Iso onasi Maryamni Yuhannoga topshirib, o‘z onasidek g‘amxo‘rlik qilishni so‘radi.

Oxiri Iso: «Amalga oshdi!» — dedi-yu, boshini egdi va nafasi uzildi. Shu payt kuchli zilzila yuz berdi. Ma’baddagi Muqaddas xona va Eng muqaddas xonani ajratib turgan parda o‘rtasidan yirtilib ketdi. Yuzboshi  esa: «Bu kishi chindan ham Xudoning O‘g‘li ekan»,— deb aytdi.

«Allohning qancha va’dalari bor bo‘lsa, bari uning vositasida “ha” bo‘ldi». (2 Korinfliklarga 1:20)