Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 82-DARS

Iso shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatadi

Iso shogirdlariga ibodat qilishni o‘rgatadi

Farziylar nimaiki qilmasin, niyati odamlarda taassurot qoldirish edi. Masalan, ular boshqalarning ko‘z o‘ngida yaxshilik qilishardi. Hamma ko‘rishi uchun odamlar ko‘p joyda ibodat qilishardi. Boshqalar eshitishi uchun ular uzun ibodatlarni yodlab olib, ibodatxonalarda va ko‘chalarning burchaklarida takrorlashardi. Shu bois, Isoning quyidagi so‘zlari odamlarni hayron qoldirdi: «Farziylar kabi ibodat qilmanglar. Ular ko‘p so‘zlasam Tangri meni eshitadi, deb o‘ylashadi. Aslida esa unday emas. Ibodat faqat siz va Yahova o‘rtasidagi suhbat bo‘lishi kerak. O‘sha-o‘sha so‘zlarni hadeb takrorlamang. Yahova siz Unga ichingizda borini aytishingizni istaydi.

Sizlar esa shunday ibodat qilinglar: “Osmondagi Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin. Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham  Sening irodang bajo bo‘lsin”». Shuningdek, Iso ularga ibodatda har kunga rizq-ro‘z, gunohlar kechirilishi va shaxsiy narsalar haqida so‘rash mumkinligini aytdi.

Iso yana shularni ham aytdi: «Doim ibodat qiling. Otangiz Yahovadan yaxshi narsalarni so‘rashdan to‘xtamang. Har bir ota-ona bolalariga yaxshi narsalarni berishni istaydi. Agar bolangiz sizdan non so‘rasa, unga tosh berarmidingiz? Yoki baliq so‘rasa, unga ilon berarmidingiz?»

Keyin Iso bu so‘zlarni quyidagicha tushuntirdi: «Agar sizlar bolalaringizga yaxshi sovg‘alarni berishni bilsangiz, samoviy Otangiz Yahova ham sizlarga muqaddas ruhini bermaydimi? Undan so‘rasangiz bas, albatta beradi». Siz ham Isoning maslahatiga amal qilyapsizmi? Siz nimalar haqida ibodat qilasiz?

«So‘rab turinglar va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar, taqillatib turinglar va sizlarga eshik ochiladi». (Matto 7:7)