Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 85-DARS

Iso Shabbat kuni shifo beradi

Iso Shabbat kuni shifo beradi

Farziylar Isodan nafratlanardi va uni hibsga olish uchun bahona qidirayotgan edi. Ular Iso Shabbat kuni kasallarga shifo bermasligi kerak deyishardi. Chunki bu kun dam olish kuni edi. Shabbat kunlarining birida Iso tug‘ma ko‘r bir odam ko‘chada tilanchilik qilib o‘tirganini ko‘rib qoldi. U shogirdlariga: «Hozir Xudoning qudrati bilan bu kishi qanday sog‘ayishini ko‘rasizlar»,— dedi. Iso tupugini tuproq bilan aralashtirib, loy qildi va uni o‘sha kishining ko‘ziga surtdi. So‘ng Iso unga: «Boring, Siloam hovuzida ko‘zlaringizni yuving»,— dedi. U Iso aytganidek qildi va hayotida birinchi marta ko‘zlari ko‘ra boshladi.

Odamlar hayron bo‘lib: «Bu tilanchilik qilib yurgan o‘sha odammi yoki shunchaki unga o‘xshaydimi?» — deb so‘rashdi. U kishi esa: «Men o‘shaman»,— dedi. Odamlar: «Qanday qilib ko‘zlaring ko‘ra boshladi?» — deb so‘rashdi. Bu kishi nima sodir bo‘lganini aytib berganida, odamlar uni farziylarning oldiga olib borishdi.

O‘sha kishi farziylarga: «Iso ko‘zimga loy surtdi-da, borib yuvinib kelishni aytdi. Men aytganlarini qildim. Mana endi ko‘ryapman»,— dedi. Farziylar esa: «Agar Iso Shabbat kuni shifo berayotgan bo‘lsa, demak, uning kuchi Xudodan emas»,— deb aytishdi. Ammo boshqalar: «Uning kuchi Xudodan bo‘lmaganida, u hech kimga shifo bera olmasdi»,— deb e’tiroz bildirishdi.

Farziylar o‘sha odamning ota-onasini chaqirtirib, ulardan: «Qanday qilib o‘g‘lingiz ko‘ra  boshladi?» — deb so‘rashdi. Uning ota-onasi bor gapni aytishdan qo‘rqdi. Chunki farziylar Isoga ishongan har qanday inson ibodatxonadan haydalishini aytishgandi. Shu sababli uning ota-onasi: «Biz bilmaymiz, uning o‘zidan so‘ranglar»,— dedi. Farziylar bu odamni rosa so‘roqqa tutishdi. Oxiri u: «Men sizlarga borini aytib berdim. Nega yana so‘rayapsizlar?» — dedi. Farziylarning jahli chiqib, uni haydab yuborishdi.

Iso o‘sha odamni qidirib topgach, undan: «Siz Masihga ishonasizmi?» — deb so‘radi. U esa: «Agar uning kimligini bilsam, albatta ishonaman»,— deb javob berdi. Shunda Iso: «Masih menman»,— deb aytdi. Iso unga mehribonlik ko‘rsatdi, shunday emasmi? U o‘sha insonni nafaqat sog‘aytirdi, balki Masihga ishonishiga yordam berdi.

«Sizlar Muqaddas Yozuvlarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaganingiz uchun adashyapsizlar». (Matto 22:29)