Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 74-DARS

Iso Masih etib tayinlanadi

Iso Masih etib tayinlanadi

Yahyo payg‘ambar: «Mendan ham buyukroq inson kelyapti!» — deb va’z qilardi. Taxminan 30 yoshida Iso Jaliladan Iordan daryosi bo‘yiga keldi. U yerda Yahyo odamlarni suvga cho‘mdirardi. Iso Yahyo uni ham suvga cho‘mdirishini istadi. Biroq Yahyo unga: «Men seni emas, aslida sen meni suvga cho‘mdirishing kerak»,— dedi. Iso esa Yahyoga: «Yahova sen meni suvga cho‘mdirishingni istaydi»,— deb aytdi. Shu bois ular Iordan daryosiga tushdi va Yahyo Isoni suvga cho‘mdirdi.

Suvdan chiqqach Iso ibodat qildi. O‘sha payt osmon ochilib, Xudoning muqaddas ruhi kaptar shaklida Isoning ustiga tushdi. Keyin Yahova osmondan gapirib: «Sen Mening sevikli O‘g‘limsan, sendan mamnunman»,— dedi.

Yahovaning muqaddas ruhi Isoning ustiga tushganida u Masih bo‘ldi. Endi Iso Yahova unga yer yuzida bajarishni topshirgan ishni boshlaydi.

Suvga cho‘mib chiqqanidan keyin Iso sahroga ketdi va 40 kun o‘sha yerda qoldi. Qaytib kelganida esa Yahyoni ko‘rgani bordi. Iso u tomonga kelayotganini ko‘rib, Yahyo: «Mana Xudoning Qo‘zisi. U tufayli odamzodning gunohi kechiriladi»,— dedi. Bu so‘zlari bilan Yahyo odamlarga Isoning Masih ekanini ma’lum qildi. Iso sahroda bo‘lganida u bilan nima yuz berganini bilasizmi? Keling, bilib olamiz.

«Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O‘g‘limsan, sendan mamnunman”,— degan sado keldi». (Mark 1:11)