Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 80-DARS

Iso o‘n ikkita havoriyni tanlaydi

Iso o‘n ikkita havoriyni tanlaydi

Iso va’z qila boshlaganiga bir yarim yil bo‘ldi. Endi u muhim bir qaror chiqarishi kerak. Kimlar u bilan yaqindan hamkorlik qiladi? Masihiylar jamoatida boshchilikni zimmasiga olishi uchun kimlarga ta’lim berish kerak? Mana shunday qarorlarni chiqarish uchun Iso Yahovaning irodasini bilishni istadi. Shu sababli u yolg‘iz qolish niyatida toqqa chiqdi va tuni bilan ibodat qildi. Tong otganda Iso ba’zi shogirdlarini chaqirib, ularning orasidan 12 tasini havoriylar sifatida tanladi. Ularning ismlari yodingizdami? Ularning ismlari quyidagicha: Butrus, Idris, Yoqub, Yuhanno, Filip, Bartolmey, To‘ma, Matto, Alfeyning o‘g‘li Yoqub, Taddey, Simun va Yahudo Ishqariyot.

Idris, Butrus, Filip, Yoqub

Bu 12 ta havoriy Iso bilan birga va’z qilib yurdi. Ularga ta’lim bergach, Iso ularning o‘zini va’zgo‘ylikka yubordi. Yahova ularga jinlarni quvib chiqarish va kasallarni sog‘aytirish qudratini berdi.

Yuhanno, Matto, Bartolmey, To‘ma

Iso havoriylarini do‘stlarim deb atardi va ularga ishonardi. Farziylar ularni savodsiz va oddiy kishilar deb hisoblardi. Ammo havoriylar zimmasidagi vazifani bajara olishlari uchun Iso ularga  ta’lim berdi. Ular Isoning hayotidagi eng muhim paytlarda — o‘limidan oldin va tirilganidan keyin uning yonida bo‘lishdi. Ularning aksariyati Iso kabi Jaliladan edi. Ayrimlari esa uylangan edi.

Alfeyning o‘g‘li Yoqub, Yahudo Ishqariyot, Taddey, Simun

Havoriylar nomukammal edi va xatolar qilib turishardi. Ba’zida ular o‘ylamasdan gapirishardi va noto‘g‘ri qarorlar chiqarishardi. Ayrim paytlari esa sabrsizlik qilishardi. Ular hatto oralarida kim eng buyukligi haqida bahslashishardi. Bunga qaramay, ular Yahovani sevadigan yaxshi insonlar bo‘lgan. Iso osmonga ketganidan so‘ng, ular masihiylar jamoatining ilk a’zolari sifatida muhim topshiriqlarni bajarishlari kerak edi.

«Sizlarni do‘stlarim deb atayman, zero Otamdan nimaiki eshitgan bo‘lsam, barchasini sizlarga oshkor etdim». (Yuhanno 15:15)