Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 61-DARS

Ular haykalga sajda qilishmadi

Ular haykalga sajda qilishmadi

Shoh Navuxodonosor haykal haqida tush ko‘rganidan bir muncha vaqt o‘tib, ulkan oltin haykal yasadi. U haykalni Durax tekisligida o‘rnatdi. So‘ng yurtning eng obro‘li kishilarini, jumladan, Shadrax, Meshax va Abednaxuni ham chaqirtirib, haykal oldiga yig‘di. Shoh shunday buyruq berdi: «Burg‘u, arfa va nay tovushini eshitishingiz bilanoq haykalga sajda qiling! Kimki sajda qilmasa, yonib turgan pechga tashlanadi». Xo‘sh, uchta ibroniy yigit haykalga sajda qiladimi yoki faqat Yahovaga topinadimi?

Shoh Navuxodonosor musiqa chalinishini buyurdi. Shadrax, Meshax va Abednaxudan tashqari barcha tiz cho‘kib, haykalga sajda qildi. Ayrim kishilar buni payqab qolishdi va shohga: «Manavi uchta ibroniy siz o‘rnatgan haykalga sajda qilmayapti»,— deb aytishdi. Navuxodonosor ularni chaqirtirib, shunday dedi: «Haykalga sajda qilishingiz uchun sizlarga yana bir imkoniyat beraman. Agar aytganimni qilmasangiz, sizlarni pechga tashlayman. Hech bir xudo sizlarni mendan qutqara olmaydi». Ular esa shunday deyishdi: «Bizga yana bir imkonning keragi yo‘q. Xudoyimiz bizni qutqara oladi. Bordi-yu, U bizni qutqarmasa ham, ey, shoh hazratlari biz haykalga sajda qilmaymiz».

Navuxodonosor bundan qattiq g‘azablandi. U odamlariga: «Pechni odatdagidan yetti barobar qattiqroq qizdiringlar!» — dedi. Keyin askarlariga: «Mana bu kishilarni bog‘lab, pechga tashlanglar!» — deb buyurdi. Pech shu qadar qattiq qizdirilgan ediki,  unga yaqinlashgan kishilar o‘sha zahotiyoq o‘ldi. Uchta ibroniy yigit esa yonib turgan pech ichiga qulab tushdi. Shoh pechning ichiga qaraganida, u yerda uchta emas, to‘rtta odam yurganini ko‘rdi. U qo‘rqib ketib, amaldorlariga shunday dedi: «Biz olovga uchta kishini tashlamaganmidik? Olov ichida to‘rt kishi yuribdi-ku. Ulardan biri xuddi farishtaga o‘xshaydi-ya!»

Keyin Navuxodonosor pechga yaqinroq borib: «Ey, Alloh Taoloning xizmatkorlari, bu yoqqa chiqinglar!» — dedi. O‘sha yerdagi odamlar Shadrax, Meshax va Abednaxu olovdan sog‘-salomat chiqqanini ko‘rib, hayron qolishdi. Ularning tanasi, sochlari va kiyimlari kuymagandi, ulardan hatto olov hidi ham kelmayotgan edi.

Navuxodonosor shunday dedi: «Shadrax, Meshax va Abednaxuning Xudosi buyukdir. U O‘z farishtasini yuborib ularni qutqardi. Ularning Xudosiga o‘xshagan xudo yo‘q».

Ibroniy yigitlar singari siz ham nima bo‘lishidan qat’i nazar Yahovaga sadoqatli qolasizmi?

«Allohing Yahovaga sajda qil, birgina Unga muqaddas xizmatni ado et». (Matto 4:10)