Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 58-DARS

Quddus vayron qilinadi

Quddus vayron qilinadi

Yahudo xalqi ko‘p marotaba Yahovani qoldirib, soxta xudolarga sig‘indi. Yahova ancha yillar davomida ularga yordam berishga harakat qildi. U xalqini ogohlantirish uchun payg‘ambarlarini yubordi, ammo ular quloq solmadi. Aksincha ular payg‘ambarlarni mazax qilishardi. Qanday qilib Yahova butparastlikka chek qo‘ydi?

Bobil shohi Navuxodonosor xalqlarni birma-bir mag‘lub qildi. Birinchi marta Quddusni zabt etganida, u shoh Yohayixin, beklar, jangchilar va hunarmandlarni Bobilga asir qilib olib ketdi. Shuningdek, u Yahovaning ma’badidagi butun xazinani qo‘lga kiritdi va Zidqiyoni Yahudo shohi etib tayinladi.

Boshida Zidqiyo Navuxodonosorga bo‘ysundi. Ammo qo‘shni xalqlar va soxta payg‘ambarlar unga Bobilga qarshi isyon ko‘tarishni maslahat berishdi. Yeremiyo Zidqiyoni: «Agar isyon ko‘tarsangiz, Yahudoda o‘lim, ocharchilik va kasallik bo‘ladi»,— deb ogohlantirdi.

Boshqaruvining sakkizinchi yili Zidqiyo Bobilga qarshi bosh ko‘tardi. U Misr qo‘shinidan yordam so‘radi. So‘ng Navuxodonosor Quddusga hujum qilish uchun qo‘shin yubordi va ular shahar atrofida qarorgoh qurdi. Yeremiyo Zidqiyoga: «Agar Bobilga taslim bo‘lsangiz, siz va shahar aholisi omon qolasizlar. Ammo taslim bo‘lmasangiz, bobilliklar Quddusga o‘t qo‘yib, sizni asir qilib olib ketishadi»,— deb aytdi. Zidqiyo esa: «Yo‘q, taslim bo‘lmayman!» — dedi.

 Bir yarim yildan so‘ng, Bobil qo‘shini Quddus devorini yorib, shaharga kirdi va unga o‘t qo‘ydi. Ular ma’badga ham o‘t qo‘yib, ko‘pchilikni o‘ldirishdi va minglab odamlarni asir qilib olib ketishdi.

Zidqiyo Quddusdan qochib ketdi, lekin bobilliklar uning orqasidan quvishdi. Ular uni Yerixo yaqinida tutib, Navuxodonosorning oldiga olib kelishdi. U Zidqiyoning ko‘z o‘ngida uning o‘g‘illarini o‘ldirdi. Keyin Zidqiyoning ko‘zlarini o‘yib olib, uni zindonga tashladi. O‘sha yerda u o‘ldi. Biroq Yahova Yahudo xalqiga: «70 yildan keyin sizlarni uyingizga, Quddusga qaytarib olib kelaman»,— deb va’da berdi.

Bobilga olib ketilgan yoshlar bilan nima bo‘ldi? Ular Yahovaga sadoqatli qolishdimi?

«Qodir Tangrimiz Yahova, Sening hukmlaring to‘g‘ri va adolatlidir». (Vahiy 16:7)