Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 64-DARS

Doniyor sherlar yotgan chuqurlikda

Doniyor sherlar yotgan chuqurlikda

Vaqt o‘tib Bobilda midiyalik Doro shoh bo‘ldi. U Doniyor boshqalarga qaraganda qobiliyatli ekanini ko‘rdi. Doro uni mamlakatdagi amaldorlar ustidan boshliq etib tayinladi. Bu amaldorlar Doniyorga hasad qilishardi va uni yo‘q qilishni istashardi. Ular Doniyor har kuni uch mahal Yahovaga ibodat qilishini bilishardi. Shuning uchun ular Doroga: «Ey, shoh hazratlari, siz shunday qonun chiqaringki, unga ko‘ra hamma faqatgina sizga iltijo qilsin. Qonunga bo‘ysunmagan har qanday odam esa sherlar yotgan chuqurlikka tashlansin»,— deb aytishdi. Doroga bu fikr yoqdi va u qonunga muhr bosdi.

Doniyor yangi qonun haqida eshitiboq, o‘z uyiga bordi. U ochiq deraza oldida tiz cho‘kib Yahovaga ibodat qildi. Shu payt o‘sha hasadgo‘y kishilar Doniyorning uyiga bostirib kirishdi va u ibodat qilayotganini ko‘rishdi. Ular yugurib borib Doroga: «Doniyor sizga bo‘ysunmayapti. U o‘zining Xudosiga kuniga uch mahal ibodat qilyapti»,— deb aytishdi. Doro Doniyorni yaxshi ko‘rgani uchun uning o‘lishini istamasdi. U kuni bilan Doniyorning hayotini saqlab qolish yo‘lini izladi. Biroq muhrlangan qonunni hatto shoh ham bekor qila olmasdi. U Doniyorni vahshiy sherlar yotgan chuqurlikka tashlash haqida buyruq berishga majbur bo‘ldi.

 Doniyor haqida xavotirlanganidan Doro o‘sha kecha uxlay olmadi. U tong otishi bilanoq sherlar yotgan chuqurlik tomon yugurib borib: «Ey Doniyor, Xudoying joningni asrab qoldimi?» — deb so‘radi.

Javoban Doro bir ovoz eshitdi. Bu Doniyorning ovozi edi! U Doroga: «Yahova O‘z farishtasini yuborib, sherlarning og‘zini yopib qo‘ydi. Ular menga hech qanday ziyon yetkazmadi»,— dedi. Doro xursand bo‘lib ketdi! Doniyorni chuqurlikdan chiqarib olishlarini aytdi. Uning birorta joyi ham tirnalmagan edi. Keyin shoh: «Doniyorni ayblagan kishilarni chuqurlikka tashlang»,— deb buyurdi. Ular chuqurlikka tushar-tushmas sherlar ularni yamlamay yutdi.

Doro xalqiga shunday farmon berdi: «Har bir odam Doniyorning Xudosidan qo‘rqsin. U Doniyorni sherlardan qutqardi».

Siz ham Doniyor kabi Yahovaga har kuni ibodat qilyapsizmi?

«Xudojo‘y kishilarni sinovlardan qanday qutqarishni... Yahova biladi». (2 Butrus 2:9)