Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 9- QISM

Yo‘lboshchimiz Masihdan ibrat olaylik

Yo‘lboshchimiz Masihdan ibrat olaylik

ALLOH Masihni barcha xalqlar uchun Yo‘lboshchi qilib tayinlashini karomat qilgan. Qanday Yo‘lboshchiga muhtoj ekanimizni bilgan holda, Alloh biz uchun eng zo‘r Yo‘lboshchini sayladi. Masih qanaqa Yo‘lboshchi bo‘lgan ekan? U kuchli sarkarda yoki mohir siyosatchi yoxud donishmand faylasuf bo‘lganmi? Muqaddas Kitobga binoan, Masih boshqa payg‘ambarlardan farq qilardi. Bu payg‘ambar Iso edi (Matto 23:10).

Alloh Isoning mukammal va muqaddas bo‘lib tug‘ilishiga g‘amxo‘rlik qildi. Keyinchalik Shayton uning benuqsonligiga putur yetkazishga rosa urindi. Lekin Iso so‘zda ham, amalda ham Allohga taqlid qilgani uchun, jon-jahdi bilan Shaytonga qarshilik ko‘rsatardi. Iso Allohning sifatlarini, ya’ni qudrat, adolat, hikmat va muhabbatni mukammal tarzda namoyon etardi. Keling, Isodan qanday ibrat olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

Iso odamlarga jon deb yordam bergan

U Allohdan olgan qudrat bilan boshqalarga yordam berardi. Iso alayhissalom odamlarni chin dildan yaxshi ko‘rgan va ularning ehtiyojlarini qondirish uchun jon deb kuch sarflagan. «Xalqqa rahmim kelyapti... yegani hech narsalari yo‘q»,— degan edi u (Mark 8:2). Shundan keyin Iso, uni tinglashga kelgan xaloyiqni mo‘jizaviy tarzda to‘ydirgan.

Iso payg‘ambar shuningdek, hamma yoqda ta’lim berib, «odamlarning har turli xastalik va darmonsizliklarini davolardi» (Matto 4:23). Ana shu sababdan, orqasidan ergashib yurgan «xaloyiq Isoga qo‘l tekkizishga intilardi, chunki undan chiqqan kuchdan hammasi sog‘ayib ketardi» (Luqo 6:19). Chindan ham, Iso «o‘ziga xizmat qildirishga emas, aksincha xizmat qilgani va ko‘plar uchun jonini to‘lov sifatida bergani kelgan» (Matto 20:28) *. Hozirgi hukmdorlardan qanchasi shunday fidoyilik ruhini namoyon eta oladi?

Bolajonlarni yaxshi ko‘rgan

U Allohning adolatini aks ettirgan. Iso payg‘ambar Allohning qonunini yaxshi tushunib, undagi talablarga muvofiq yo‘l tutgan. U sano bastakorining mana shu karomatli so‘zlariga qo‘shilgan: «Xohishingni bajarmoq istayman, ey Xudoyim, Sening Qonuning yuragimda mening» (Zabur 39:9). Iso alayhissalom hammaning — boyu kambag‘alning, erkagu ayolning, yoshu qarining — hurmatini joyiga qo‘yib, Alloh singari yuzxotirchilik qilmagan. Bir kuni uning shogirdlari, yoniga bolalarini olib kelgan ota-onalarni koyib berishgan edi. Iso bo‘lsa: «Bolajonlarga to‘sqinlik qilmanglar, oldimga kelaverishsin. Axir Xudoning Shohligi shundaylarga tegishlidir»,— degan (Mark 10:14).

U ilohiy donolikka ega bo‘lgan. Iso odamlarni yaxshi tushunardi. «Boisi u har bir kishining qalbini ko‘ra olardi» (Yuhanno 2:25). Dushmanlari uni xibsga olish uchun odam yuborishganda, hatto ular ham: «Hech kim, hech qachon u kabi gapirmagan»,— deb tan olishgan. Qiziq, Iso bunday donolikka qanday ega bo‘lgan? Uning o‘zi shunday degan: «Mening ta’limotim meniki emas, meni Yuborgannikidir» (Yuhanno 7:16, 46).

Kasallarga ich-ichidan kuyinib, shifo bergan

 U Allohning mehrini namoyon etgan. Iso nihoyatda rahm-shafqatli odam edi. Bir kuni uning oldiga «butun tanasi moxov bo‘lgan kishi kelib qoldi». U Isoga: «Hazratim, siz meni pok qila olasiz, faqat istasangiz bas»,— dedi. Shunda Isoning rahmi keldi va «qo‘lini unga tekkizib: “Albatta istayman. Pok bo‘ling”,— dedi. Moxov kishi shu zahotiyoq dardidan forig‘ bo‘ldi» (Luqo 5:12, 13; Mark 1:41, 42). Ha, Iso o‘sha bechoraning dardini olay, deb jon kuydirgan.

Iso sizga ham g‘amxo‘rlik qilarmikan? Bu savolga uning o‘zi javob beryapti: «Ey, zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlar, barchangiz oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman. Mening bo‘yinturug‘imni olib, mendan o‘rganinglar, chunki men muloyim va soddadilman. Shunday qilib, jonlaringiz rohat topadi» (Matto 11:28, 29).

Hazrati Iso eng zo‘r Yo‘lboshchidir. Aynan shu sababli u: «Mendan o‘rganinglar»,— deb bizni chorlayapti. Siz uning samimiy taklifini qabul qilasizmi? Shunday yo‘l tutsangiz baxt-saodatga erishasiz.

^ 6- x.b. To‘lov haqida ko‘proq bilishni istasangiz, «Muqaddas Kitob ta’limotlari», nomli kitobning 5- bobiga qarang.