Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 4- QISM

Pulning sarf-xarajati

Pulning sarf-xarajati

«Maslahat bilan reja tuz» (Hikmatlar 20:18).

Oilaning zaruriy ehtiyojlarini qondirishda pul muhim o‘ringa ega (Hikmatlar 30:8). Shuningdek, pul qaysidir ma’noda himoya beradi (Voiz 7:12). Ehtimol, pul haqida gap ochish siz uchun oson emasdir, ammo pul nikohga sovuqchilik solishiga yo‘l qo‘ymang (Efesliklarga 4:32). Er-xotin bir-biriga ishonishi zarur va pulni qanday sarflashni muhokama qilayotib, fikrlarini inobatga olishlari kerak.

 1 YETTI O‘LCHAB, BIR KESING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Orangizdan kimdir imorat qurmoqchi bo‘lsa, uni bitirishga mablag‘i yetishini bilish uchun, avvaliga o‘tirib, qancha xarajat ketishini hisoblab olmaydimi?» (Luqo 14:28). Xarajatlarni birgalashib rejalashtirishingiz o‘ta muhim (Amos 3:3). Aynan nima sotib olishingiz kerakligini aniqlab, sharoitingiz bunga yo‘l qo‘yish-qo‘ymasligini hal qiling (Hikmatlar 31:16). Agar biron narsani sotib olishga qurbingiz yetsa ham, uni xarid qilish shart degani emas. Qarzga botib ketishdan ehtiyot bo‘ling. Bor pulingizga yarasha hayot kechiring (Hikmatlar 21:5; 22:7).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Zaruriy narsalarni xarid qilgach, ortib qolgan mablag‘ni nima qilishni birga hal qiling.

  • Pul yetmayotgan bo‘lsa, xarajatlarni kamaytirish uchun muayyan reja tuzing. Masalan, ko‘chada ovqatlanishdan ko‘ra, ovqatni uyda tayyorlash yaxshiroqdir.

 2 HALOL VA PULGA TO‘G‘RI MUNOSABATDA BO‘LING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Bu ishni faqatgina Yahovaning nazarida emas, balki odamlarning oldida ham halollik bilan bajarishga intilyapmiz» (2 Korinfliklarga 8:21). Qancha pul topib, sarflayotganingizni turmush o‘rtog‘ingizdan yashirmang.

Sarf-xarajat borasida jiddiy qarorlar chiqarayotib, buni doimo umr yo‘ldoshingiz bilan muhokama qiling (Hikmatlar 15:22). Mablag‘ haqida ochiqchasiga suhbatlashish, nikohingizda tinchlik hukm surishiga hissa qo‘shadi. Daromadingizni faqatgina o‘zingizga emas, balki oilangizga tegishli deb biling (1 Timo‘tiyga 5:8).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Har biringiz o‘z xohishingiz bo‘yicha qancha pul ishlatishingiz mumkinligini kelishib oling.

  • Muammo paydo bo‘lmasidan oldin, pul to‘g‘risida gaplashing.