Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 8- QISM

Boshga kulfat tushganda

Boshga kulfat tushganda

«Behad xursandsizlar. Hozir turli sinovlar dastidan vaqtincha g‘am chekishingizga to‘g‘ri kelyapti» (1 Butrus 1:6).

Nikohingiz va oilangiz baxtli bo‘lishi uchun bor kuchingizni ishga solsangiz ham, kutilmagan voqealar quvonchni saqlashingizga xalal berishi mumkin (Voiz 9:11). Qiyinchiliklarga duch kelganingizda, Alloh sevgi ila sizga yordam berishga tayyor. Agar quyida keltiriladigan Muqaddas Kitob me’yorlarini qo‘llasangiz, siz va oilangiz hatto mushkul damlarni ham yenga olasiz.

 1 YAHOVA TAOLOGA TAYANING

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Butun g‘am-tashvishlaringizni Unga tashlanglar, chunki U sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi» (1 Butrus 5:7). Siz duch kelayotgan qiyinchiliklarga Xudo sababchi emasligini doimo yodda tuting (Yoqub 1:13). Allohga yaqinlashsangiz, U muammoni hal qilishning eng yaxshi yo‘lini ko‘rsatadi (Ishayo 41:10). Muqaddas Yozuvlarda: «Yuragingni ochgin doimo Unga»,— deya bejizga aytilmagan (Zabur 61:9).

Muqaddas Kitobni kunda o‘qib, tadqiq qilish ham tasalli baxsh etadi. Shunda, Yahova qay yo‘sin «barcha qayg‘ularimizda bizga tasalli berishini» o‘zimizda his etamiz (2 Korinfliklarga 1:3, 4; Rimliklarga 15:4). Allohning Kalomida, «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi» berilishi va’da qilingan (Filippiliklarga 4:6, 7, 13).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Xotirjamlikni saqlashga va sog‘lom fikrlashga yordam berishini so‘rab, Yahovaga ibodat qiling.

  • Muammoni hal qilishning turli yo‘llarini ko‘rib chiqing va sizga eng mos bo‘lganini tanlang.

2 O‘ZINGIZ VA OILANGIZNING G‘AMINI YENG

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Aqllining qalbi bilim oladi, dono ilmu ma’rifatga intiladi» (Hikmatlar 18:15). Kengroq tushunchaga ega bo‘lish uchun, iloji boricha ko‘proq ma’lumot yig‘ing. Oilangizning har bir a’zosi nimaga muhtojligini bilishga intiling. Ular bilan suhbatlashib, diqqat ila tinglang (Hikmatlar 20:5).

Bordi-yu, sevgan kishilaringizdan birontasi olamdan o‘tsa-chi? Tuyg‘ularingizga erk berishdan uyalmang. Masalan, Isoning do‘sti vafot etganda, uning «ko‘zidan yosh oqdi» (Yuhanno 11:35; Voiz 3:4). Bunday paytlarda, yetarlicha dam olish va uyquga to‘yish ham nihoyatda muhim (Mark 6:31). Shunda, qiyinchilikni yengib o‘tish osonroq kechadi.

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Boshingizga kulfat tushishidan oldin, oila a’zolaringiz bilan yaqindan muloqot qilishni odat tusiga kiriting. Shunday qilsangiz, muammo yuzaga kelganida ular sizga bemalol murojaat qilishadi.

  • Siznikiga o‘xshash qiyinchilikni boshdan kechirganlar bilan suhbatlashing.

 3 YORDAMDAN BOSH TORTMANG

MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Do‘st har qachon sevish uchundir, aka-ukalar ham og‘ir kun uchun tug‘ilgan» (Hikmatlar 17:17). Do‘stlaringiz yordam berishni istashadi, biroq buni qanday qilishni bilmasliklari mumkin. Shuning uchun, nimada muhtoj ekaningizni aytishdan tortinmang (Hikmatlar 12:25). Bundan tashqari, Muqaddas Kitobni yaxshi tushunadigan kishilardan u yerdagi me’yorlarni qanday qo‘llash mumkinligi borasida yordam so‘rang. Ular Allohning Kalomidan keltirgan fikrlar sizga qo‘l kelishi aniq (Yoqub 5:14).

Xudoga va Uning va’dalariga chindan ishonadigan kishilar bilan doim muloqot qilib, o‘zingizga kerakli ko‘makka ega bo‘lasiz. Shuningdek, daldaga muhtoj bo‘lgan kishilarni qo‘llab-quvvatlab, behad tasalli topasiz. Yahovaga va Uning va’dalariga bo‘lgan ishonchingizni ular bilan baham ko‘ring. Boshiga kulfat tushgan boshqa odamlarga ko‘maklashish bilan band bo‘ling. Sizni sevadigan va siz uchun qayg‘uradigan kishilardan o‘zingizni olib qochmang (Hikmatlar 18:1; 1 Korinfliklarga 15:58).

FOYDALI MASLAHATLAR

  • Yaqin do‘stingiz bilan suhbatlashing va yordamini rad etmang.

  • Sizga aynan nima kerakligi haqida ochiq ayting.