Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 ILOVA

Qutlug‘ Kechlik — Xudoni sharaflaydigan marosim

Qutlug‘ Kechlik — Xudoni sharaflaydigan marosim

MASIHCHILARGA Hazrati Isoning o‘limini xotirlash amr etilgan edi. Bu marosim, «Qutlug‘ Kechlik» deb ataladi. Lekin, u qanday ahamiyatga ega? U qachon va qanday qutlanishi lozim?

Iso Masih bu marosimni milodiy 33- yili, yahudiylar Fisih bayramini nishonlaydigan paytda uyushtirgan edi. Fisih bayrami yiliga bir marta, yahudiylarning Nison oyining 14- kunida nishonlanar edi. Bu sanani aniqlash uchun, yahudiylar bahorgi tengkunlikni, ya’ni kecha bilan kunduzning uzunligi bir xil bo‘lishini kutishgan. Bahorgi tengkunlikda oy yangilanishi bilan Nison oyi boshlanar edi. Fisih bayramini esa shu oyning 14- kunida, quyosh botishi bilan nishonlashgan.

Iso o‘z shogirdlari bilan Fisih bayramini nishonlab bo‘lgach, Yahudo Ishqariyotga ruxsat berdi-yu, Qutlug‘ Kechlik marosimini uyushtirdi.  Qutlug‘ Kechlik marosimi Fisih bayramining o‘rnini olgani sabab, yiliga bir marta qutlanishi lozim.

Injilda quyidagi so‘zlarni o‘qishimiz mumkin: «Iso nonni oldi, duo o‘qib sindirdi va shogirdlariga tarqatib: “Olinglar, yenglar, bu Mening tanamdir” dedi. Kosani ham olib, shukrona duosini aytdi va ularga uzatib: “Bundan hammalaring ichinglar” dedi. “Chunki bu — ko‘plarning gunohlari kechirilishi uchun to‘kiladigan, Yangi Ahdni tasdiqlaydigan Mening qonimdir”» (Matto 26:26–28).

Ba’zilar Iso Masih nonni o‘z tanasiga, sharobni esa o‘z qoniga aylantirgan, deb ishonishadi. Va davom etib, Iso bunday qilgan bo‘lsa-da, unga hech qanday ziyon yetmagan, deb ta’kidlashadi. Xo‘sh, shogirdlari chindan ham Isoning tanasini yeb, qonini ichishganmikin? Aslo, chunki bu odamxo‘rlik bo‘lib, Xudoning qonuniga xilof bo‘lar edi (Ibtido 9:3, 4; Levilar 17:10). Injilda Iso Masihning shunday so‘zlarini o‘qishimiz mumkin: «Bu kosa Xudo odamzod ila tuzgan Yangi Ahdni bildiradi. Bu ahd Mening sizlar uchun to‘kayotgan qonim evaziga kuchga kiradi» (Luqo 22:20). Xo‘sh, kosa tom ma’noda «yangi ahdni» bildiradimi? Bunday bo‘lishi mumkin emas, chunki ahd moddiy bir narsa emas, balki kelishuvdir.

Xullas, non bilan sharob — ramz xolos. Non — Masihning mukammal tanasini anglatadi. Iso, Fisih bayrami kechligi uchun tayyorlanadigan xamirturushsiz nondan foydalangan edi (Chiqish 12:8). Chunki Muqaddas Kitobda xamirturush ko‘pincha gunoh va buzuqlikning ramzidir. Xamirturushsiz non — Iso Masihning qurbon bo‘lgan mukammal, ya’ni gunohdan holi tanasini bildiradi (Matto 16:11, 12; 1 Korinfliklarga 5:6, 7; 1 Butrus 2:22; 1 Yuhanno 2:1, 2).

Qizil sharob — Isoning qonini ifodalaydi. Uning qoni evaziga yangi ahd kuchga kiradi. Isoning aytishicha, uning qoni to‘kilishi natijasida «gunohlar kechiriladi». Shu yo‘sin odamlar Xudoning nazarida oqlanib, U bilan tuzilgan yangi ahd a’zolari bo‘lishlari mumkin (Ibroniylarga 9:14; 10:16, 17). Yangi ahd 144 000 sadoqatli masihchilarga samovotdan joy olish imkoniyatini beradi. Ular shohlar va ruhoniylar kabi  xizmat qilib, yer yuziga qut-barakalar yog‘diradilar (Ibtido 22:18; Yeremiyo 31:31–33; 1 Butrus 2:9; Vahiy 5:9, 10; 14:1–3).

Qutlug‘ Kechlik marosimida non bilan sharobni kim iste’mol qilishi mumkin? Ulardan faqat yangi ahd a’zosi bo‘lgan va samoda shohlik qilish umidiga ega bo‘lgan kishi iste’mol qilishi mumkin. Biroq kishi buni qayerdan bilsin? Xudoning muqaddas ruhi bu odamning ruhiga guvohlik beradi (Rimliklarga 8:16). Boz ustiga, bu odamlar bilan Iso Masih Shohlik ahdini tuzgan (Luqo 22:29).

Yer yuzida abadiy hayotga umidvor bo‘lganlar haqida esa nima deyish mumkin? Isoning buyrug‘iga tobe bo‘lib, bu odamlar ehtirom ila Qutlug‘ Kechlikda qatnashadilar, biroq non bilan sharobdan iste’mol qilmaydilar. Yahovaning Shohidlari Qutlug‘ Kechlik marosimini yiliga bir marta 14- nison kuni, quyosh botgach nishonlashadi. Garchi hozirga kelib masihchilarning atigi bir necha minggi osmonda yashash umidiga ega bo‘lsa-da, qolgan barchasi uchun ham bu kun alohida e’tiborga ega. Bu kuni ular Xudoyimiz Yahovaning hamda Iso Masihning sevgisini yana bir bor his etadilar (Yuhanno 3:16).