Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 ILOVA

Mikoil — kim o‘zi?

Mikoil — kim o‘zi?

MUQADDAS KITOBDA Mikoil ismi bir necha marta uchraydi xolos. Ammo bari juda muhim voqealar bilan bog‘liq. Masalan Doniyor payg‘ambar, Mikoil yovuz farishtalar bilan jang qilganini yozgan; aziz havoriy Yahudoning maktubida esa Mikoil Iblis bilan bahslashganini o‘qiymiz; va nihoyat Vahiy kitobidan, Mikoil Shayton va uning jinlariga qarshi chiqqanini bilib olamiz. «Xudoga kim bas kela olar ekan?» degan ma’noli ismiga yarasha Mikoil Xudoning dushmanlari bilan janglar olib boradi. Qiziq, Mikoil — kim o‘zi?

Ba’zan bir odamning bir necha ismi bo‘lishi mumkin. Masalan, Yoqub payg‘ambarni shuningdek Isroil, aziz havoriy Butrusni esa Simun deb atashar edi (Ibtido 49:1, 2; Matto 10:2). Xuddi shu kabi, Mikoil bu Hazrati Iso Masihning  samoda yashagan paytdagi ismidir. Keling, buning tasdig‘ini Muqaddas Kitobdan topaylik.

Bosh farishta. Muqaddas Kitobda Mikoil «bosh farishta» deb atalgan (Yahudo 9). Muqaddas Kitobda aytilishicha, faqatgina bitta bosh farishta mavjud. Boz ustiga, ushbu bosh farishta aynan Iso Masih ekanini Muqaddas Kitob aniq ko‘rsatmoqda: «Iso O‘zi buyuk nido, bosh farishtaning sadosi, Xudoning karnayi bilan osmondan tushadi» (1 Salonikaliklarga 4:16). Bu oyatdan ko‘rinyaptiki, Hazrati Iso Masih bosh farishtaning sadosiga ega. Demak Iso — bosh farishta Mikoilning o‘zginasidir.

Qo‘shin sardori. Muqaddas Kitobda quyidagini o‘qiymiz: «Mikoil va uning farishtalari ajdahoga qarshi urishdilar» (Vahiy 12:7). Ko‘ryapmizki, Mikoil farishtalardan iborat qo‘shinning sardoridir. Shuningdek, Iso Masihning ham farishtalardan iborat qo‘shini bor deb aytilgan (Vahiy 19:14–16). Aziz havoriy Pavlus: «Iso O‘zining qudratli farishtalari bilan birga... zohir bo‘ladi», deb aytgan edi (2 Salonikaliklarga 1:7). Bundan ko‘rinyaptiki, Mikoilning ham, Iso Masihning ham farishtalardan iborat qo‘shini bor (Matto 13:41; 16:27; 24:31; 1 Butrus 3:22). Xullasi kalom, Muqaddas Kitobning hech bir oyatida Xudoning ikkita samoviy qo‘shini va ikkita sardori bor deyilmas ekan, Mikoil bu samoviy shuhratidagi aynan Iso Masihdir *.

^ 2- x.b. Mikoil, bu ayni Iso Masih ekanini ko‘rish uchun, Yahovaning Shohidlari tomonidan ko‘p tillarda nashr etilgan «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining 2- jild, 393- va 394- sahifalariga qarang.