Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yoshi ulug‘ imondoshlar, Yahova sadoqatingizni qadrlaydi

Yoshi ulug‘ imondoshlar, Yahova sadoqatingizni qadrlaydi

DUNYO bo‘ylab oqsoqollar Yahovaning xalqiga xizmat qilish sharafini qadrlaydi. Ular barchamiz uchun ajoyib barakadir! Ammo yaqinda bir o‘zgarish bo‘ldi. Keksa oqsoqollardan ba’zi mas’uliyatli vazifalarini yoshroq oqsoqollarga topshirish so‘ralgan edi. Xo‘sh, nima uchun?

O‘zgarishga ko‘ra, tuman nozirlari va tashkilotimiz maktablarida ta’lim beruvchi birodarlar 70 ga kirgach, mazkur xizmat turini davom ettira olmaydi. Qolaversa, yoshi 80 da bo‘lgan oqsoqollar Filial qo‘mitasi a’zosi yoki oqsoqollar kengashining raisi bo‘lish kabi vazifalarni yoshroq oqsoqollarga topshirishi lozim. Yoshi ulug‘ aziz imondoshlarimiz bunday o‘zgarishga qanday munosabat ko‘rsatdi? Ular Yahovaga hamda Uning tashkilotiga sodiq qolishdi!

Deyarli 49 yil davomida Filial qo‘mitasining raisi bo‘lib xizmat qilgan Ken birodarimiz quyidagicha dedi: «Bu o‘zgarish menga juda ma’qul keldi. Aslida, o‘sha kuni ertalab Yahovaga ibodat qilib, rais sifatida xizmat qilish uchun yoshroq birodar kerakligini aytgandim». Dunyo bo‘ylab boshqa yoshi ulug‘ sadoqatli oqsoqollar ham Ken kabi munosabat ko‘rsatdi. Albatta, bu birodarlar xizmatini sevgani bois, boshida bir oz ruhi tushgan.

Oqsoqollar kengashining raisi bo‘lgan Esperandio: «Avvaliga ozgina xafa bo‘ldim»,— deb bo‘lishdi. Keyin u shunday dedi: «Zaiflashib borayotgan sog‘ligimga g‘amxo‘rlik qilish  uchun ko‘proq vaqt ajratishim kerak edi». Esperandio sadoqat ila xizmat qilishda davom etmoqda va jamoati uchun barakadir.

Uzoq vaqt mobaynida tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan va keyin vazifasi o‘zgargan birodarlar haqida nima desa bo‘ladi? Masalan, 38 yil davomida tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan Allan: «Boshida bu men uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi»,— deb aytdi. Ammo u yoshroq birodarlarni xizmat uchun tayyorlash foydali ekanini ko‘ryapti va sadoqat ila xizmat qilishdan to‘xtamayapti.

Rassel 40 yil mobaynida tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan va tashkilotimiz maktablarida ta’lim bergan. O‘zgarish haqida ilk bor eshitganida rafiqasi ikkovining ruhi tushgan. «Xizmatimizni rosa qadrlardik va uni davom ettirish uchun ham aqlan, ham jismonan kuchimiz bor deb o‘ylardik»,— deya bo‘lishdi u. Hozirda Rassel va uning rafiqasi mahalliy jamoatda ta’lim berib, o‘z tajribalari bilan bo‘lishmoqda. Jamoat a’zolari bundan juda xursand.

Bordi-yu, yuqorida aytib o‘tilgan vaziyatlarga shaxsan duch kelmagan bo‘lsangiz, Shohlar tarixining ikkinchi kitobida keltirilgan bir voqea ularning his-tuyg‘ularini tushunishingizga yordam beradi.

KAMTARINLIK VA XOLISLIK ILA YONDASHGAN BIR KISHI

Dovudning o‘g‘li Absalom isyon ko‘targan voqeani eslang. Dovud Quddusdan Iordan daryosining sharqiga, ya’ni Moxanayimga qochgan. Bu yerda Dovud va u bilan bo‘lganlar yashash uchun asosiy narsalarga muhtoj bo‘lgan. O‘shanda nima bo‘lgani yodingizdami?

U yerdagi uchta kishi to‘shak, turli xil oziq-ovqat va kerakli idishlarni saxiylik ila taqdim etdi. Bu uchta kishi orasida Borzulay ham bor edi. (2 Shoh. 17:27–29) Absalomning isyoniga chek qo‘yilganda Dovud Quddusga qaytishi mumkin edi. O‘shanda Borzulay uni Iordan daryosidan o‘tkazish uchun keldi. Dovud uni Quddusga borishga undadi. Garchi Borzulay «juda ham boy kishi bo‘lib» oziq-ovqatga muhtoj bo‘lmasa-da, shoh uni yegulik bilan ta’minlashni taklif qildi. (2 Shoh. 19:31–33) Aftidan, Dovud Borzulayning fazilatlarini va maslahatlarini qadrlagani uchun unga buni taklif qilgan. Shoh saroyida yashash va mehnat qilish ulkan sharaf edi!

Borzulay vaziyatga xolisona yondashdi va kamtarinlik ila yoshi 80 ga borib qolganini aytdi. Keyin esa: «Men yaxshi bilan yomonning farqiga bormayman»,— dedi. Qiziq, u nimani nazarda tutdi? Shubhasizki, hayoti davomida Borzulay donolik fazilatini rivojlantirgan. Shoh Raxabomga «oqsoqollar» maslahat berganidek, Borzulay hali ham yaxshi takliflar ayta olardi. (3 Shoh. 12:6, 7; Zab. 92:12–14; Hik. 16:31) Shunday ekan, Borzulay yaxshi bilan yomonning farqiga bormasligini aytganda, ehtimol, keksayib qolgani tufayli zaiflashib, imkoniyatlari  chegaralanganini nazarda tutgandir. U hatto qarilik uning ta’m sezish va eshitish qobiliyatlariga ta’sir qilganini tan oldi. (Voiz 12:4, 5) Shu yo‘sin Borzulay Dovudni Ximxam ismli yigit bilan birga Quddusga qaytishga undadi. Aftidan, bu yigit Borzulayning o‘g‘li bo‘lgan. (2 Shoh. 19:35–40)

KELAJAK UCHUN REJA TUZISH

Demak, yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar Borzulay namoyon etgan munosabatni aks ettiryapti. Shunisi aniqki, Borzulayning vaziyatida bo‘lganidek, bugungi kunda ham qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bir kishining sharoitiyu qobiliyatlaridan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Shunday ekan, dunyo bo‘ylab xizmat qilayotgan sadoqatli oqsoqollar uchun aynan nima yaxshi bo‘lishini xolisona ko‘rib chiqishga ehtiyoj tug‘ildi.

Kamtarin keksa oqsoqollar mas’uliyatli vazifalarini yoshroq birodarlarga topshirishsa, Yahovaning tashkiloti kelajakda mustahkam bo‘lishini tushunishdi. Borzulay ehtimol, o‘z o‘g‘liga, havoriy Pavlus esa Timo‘tiyga ta’lim bergani singari aksariyat hollarda yoshi ulug‘ oqsoqollar yoshroq birodarlarga ta’lim berishgan. (1 Kor. 4:17; Filip. 2:20–22) Hozir esa ushbu yoshroq birodarlar «Masihning tanasini barpo etish uchun» «hadya sifatida» berilgan odamlar ekanini ko‘rsatishdi. (Efes. 4:8–12; Sahroda 11:16, 17, 29 ni solishtiring.)

BO‘LISHISHNING TURLI IMKONIYATLARI

Jahon bo‘ylab jamoatlardagi ko‘plar muayyan vazifalaridan ozod bo‘lgach, xizmatini kengaytirishning yangi usullaridan foydalana olishdi.

19 yil davomida tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan Marko shunday dedi: «Hozirgi vaziyatim jamoatimizdagi opa-singillarning imondoshimiz bo‘lmagan erlari bilan tanishishga imkon bermoqda».

«Bizning yangi maqsadimiz faoliyatsiz bo‘lib qolganlarga yordam berish va ko‘proq Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish»,— deb bo‘lishdi 28 yil mobaynida tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan Geraldo. Uning aytishicha, hozir u turmush o‘rtog‘i bilan 15 ta tadqiq o‘tkazmoqda va faoliyatsiz bo‘lib qolgan anchagina va’zgo‘ylar yig‘ilishlarga qatnamoqda.

Yuqorida tilga olingan Allan quyidagicha dedi: «Bizda hozir va’zgo‘ylik xizmatining ko‘proq turlarida band bo‘lish imkoni bor. Biz omma oldida va ish joylarda shohidlik berishdan hamda qo‘shnilarimizga va’z qilishdan xursandmiz. Ulardan ikkitasi Yig‘ilish zaliga keldi».

Agar siz ham yangi vazifa olgan qobiliyatli va sadoqatli birodar bo‘lsangiz, Xudoga o‘zgacha yo‘llar bilan xizmat qilish imkoningiz bor. Misol uchun, jamoatdagi yoshroq birodarlar bilan bebaho tajribangizni bo‘lishib Yahovaning ishini qo‘llab-quvvatlay olasiz. «Yahova kelishgan, iste’dodli yoshroq birodarlarga ta’lim bermoqda»,— deb aytdi yuqorida tilga olingan Rassel. «Barcha imondoshlarimiz ular g‘ayrat ila ta’lim berganidan va oqsoqol sifatida xizmatini bajarganidan foyda oladi!» — deb qo‘shib qo‘ydi u. (« Yoshlarga to‘laqonli foyda keltirishga yordam bering» nomli ramkaga qarang.)

YAHOVA SADOQATINGIZNI QADRLAYDI

Sizning ham vazifangiz o‘zgargan bo‘lsa, ijobiy nuqtai nazarni saqlang. Sidqidildan xizmat qilib, behisob insonlarning hayotiga ta’sir qilgansiz va shunday qilishda davom etishingiz mumkin. Sizni yaxshi ko‘rishgan va bu doim shunday bo‘ladi.

Eng asosiysi, Yahovaning qalbidan abadiy joy olgansiz. Zero, U «sizlarning avval ham, hozir ham muqaddas kishilarga xizmat qilib, Uning ismiga ko‘rsatgan sevgingizni hamda mehnatingizni unutmaydi». (Ibron. 6:10) Bu oyat parchasi oldin qilgan barcha ishlarimizga tegishli va’dadir. Yahova uchun juda aziz  bo‘lganingiz bois, U avvalgi mehnatingizni va hozir ham Uni mamnun qilishga intilayotganingizni unutmaydi.

Xo‘sh, bunday o‘zgarishlarga shaxsan duch kelmagan bo‘lsangiz-chi? Shunda ham bu mavzu sizga tegishli bo‘lishi mumkin. Qanday qilib, deysizmi?

Vazifasi o‘zgargan sadoqatli keksa oqsoqol bilan hamkorlik qilayotgan bo‘lsangiz, uning yaxshi fazilatlaridan va ko‘p yillik tajribasidan foyda olishingiz mumkin. Maslahatlashib, undan takliflar so‘rang. Shuningdek, hozirgi vazifasida tajribasi unga qanday qo‘l kelayotganini kuzating.

Vazifasi o‘zgargan keksa oqsoqolmisiz yoki foyda keltirishi mumkin bo‘lgan birodar yo opa-singilmisiz, shuni unutmangki, Yahova Unga uzoq yillar davomida xizmat qilgan va buni davom ettirayotgan kishilarning sadoqatini qadrlaydi.