Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Baxtiyor Tangriga» xizmat qilayotganlar baxtlidir

«Baxtiyor Tangriga» xizmat qilayotganlar baxtlidir

Xudosi Yahova bo‘lgan xalq saodatlidir! ZAB. 144:15

QO‘SHIQLAR: 38, 21

1. Nega Yahovaning Shohidlari baxtiyor xalq? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

YAHOVANING SHOHIDLARI baxtiyor xalq ekani shubhasiz! Ularning yig‘ilish, anjuman va o‘tirishlarida o‘zaro suhbatlashib, quvonishayotgani eshitilib turadi. Qiziq, ular nima sababli baxtiyor? Buning asosiy sababi, ular «baxtiyor Tangri» Yahovani tanib-bilishadi, Unga xizmat qilishadi va Undan ibrat olishga intilishadi. (1 Tim. 1:11; Zab. 16:11) Tangri baxt Manbai ekan, baxtiyor bo‘lishimizni xohlaydi va buning uchun talaygina imkoniyatlar beryapti. (Qonun. 12:7; Voiz 3:12, 13)

2, 3. a) Baxt o‘zi nima? b) Nega baxtiyor bo‘lish oson bo‘lmasligi mumkin?

2 Xo‘sh, shaxsan siz haqingizda nima desa bo‘ladi? Siz baxtlimisiz? Yanada baxtiyor bo‘la olasizmi? Baxt haqida shunday desa bo‘ladi: «Bu, nisbatan doimiy ravishda hayotda mamnunlikni his etish bilan tavsiflangan farovonlik holati bo‘lib, qanoat qilishdan tortib chuqur xursandchilik kabi turli tuyg‘ularni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, bu tuyg‘ular aslo tugamasligini istashni ham anglatadi». Muqaddas Kitobga binoan, haqiqiy baxtni Yahova baraka ato etgan inson his etadi. Biroq hozirgi  kunda baxtiyor bo‘lish oson emas. Nima uchun?

3 Gap shundaki, qiyin vaziyatlar, masalan, yaqinimizning hayotdan ko‘z yumishi, jamoatdan chetlatilishi yoki ajralish yoxud ishsiz qolish quvonchdan mahrum qilishi mumkin. Uydagi janjallaru tinchlikning yo‘qolishi baxtimizga raxna soladi. Hamkasb yoki sinfdoshlarning masxaralari, ta’qiblar yoki hibsga olinish baxtiyorlikka putur yetkazadi. Sog‘likning zaiflashishi, surunkali kasalliklar yoki depressiya ham baxtsiz qiladi. Nima bo‘lganda ham, «baxtiyor va yagona Hukmdor» Iso Masih odamlarga tasalli va baxt keltirishdan zavq oladi. (1 Tim. 6:15; Mat. 11:28–30) Tog‘dagi va’zida Iso baxtimizga baxt qo‘shadigan bir nechta fazilatni aytib o‘tgan. Ular Shayton dunyosidagi qiyinchiliklarga qaramay baxtiyor bo‘lishimizga hissa qo‘shadi.

MA’NAN KUCHLI BO‘LISH BAXT POYDEVORI

4, 5. Qanday qilib yanada baxtli bo‘lishimiz mumkin?

4 Iso birinchi navbatda quyidagi muhim fikrni ta’kidlagan: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir». (Mat. 5:3) Ma’naviy narsalarga chanqoq ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz? Buni ma’naviy ozuqani qabul qilish, ma’naviy ishlarni qadrlash va baxtiyor Tangriga topinishni birinchi o‘ringa qo‘yish orqali ko‘rsatgan bo‘lamiz. Shunday yo‘l tutsak baxtimizga baxt qo‘shiladi. Qolaversa, Allohning va’dalari amalga oshishiga ko‘proq ishonamiz. Xudoning Kalomi haq topinuvchilarga taqdim etayotgan «muborak umid» tufayli dalda olamiz. (Titus. 2:13)

5 Cheksiz baxtiyorlikni topish uchun Yahova bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida: «Rabbimiz [Yahova] bilan birlikda bo‘lib hamisha quvoninglar. Yana bir bor aytaman, quvoninglar!» — deb yozgan. (Filip. 4:4) Bunday bebaho munosabatlar bo‘lishini istasak, ilohiy donolikka ega bo‘lishimiz lozim. Xudoning Kalomida shunday deyilgan: «Donolikka erishgan, aql-idrokka ega bo‘lgan inson baxtlidir. Unga ega bo‘lganlar uchun u hayot daraxtidir. Unga mahkam tirmashganlar baxtli deb ataladi». (Hik. 3:13, 18)

6. Abadulabad baxtiyor bo‘lishning siri nimada?

6 Lekin cheksiz baxtiyorlikni his etish uchun Xudoning Kalomini shunchaki o‘qishning o‘zi yetarli emas, undan olayotgan bilimlarga amal qilish o‘ta muhim. Bu borada Iso: «Bulardan xabardor ekansiz, ularga rioya qilsangiz, baxtiyor bo‘lasiz»,— deb aytgan. (Yuhan. 13:17; Yoqub 1:25 ni o‘qing.) Bu ma’naviy ehtiyojlarimizni qondirishning va abadulabad baxtiyor bo‘lishning siridir. Ammo baxtimizga raxna solayotgan shu qadar ko‘p narsa bor ekan, qanaqasiga baxtli bo‘la olamiz? Keling, Iso Tog‘dagi va’zida aytgan fikrlarni birma-bir ko‘rib chiqaylik.

BAXTIYORLIKKA YETAKLAYDIGAN FAZILATLAR

7. Qanday qilib qayg‘u-alam chekayotganlar baxtli bo‘la oladi?

7 «Qayg‘u-alam chekayotganlar baxtlidir, zero ularga tasalli beriladi». (Mat. 5:4) Kimdir: «Qanday qilib qayg‘u-alam chekayotganlar baxtli bo‘la oladi?» — deb so‘rar. Iso har qanday sabab dastidan qayg‘u-alam chekayotgan hammani nazarda tutmagan. Hatto yovuz odamlar ham ushbu «nihoyatda og‘ir vaqtlar»ga xos bo‘lgan qiyinchiliklardan azob chekmoqda. (2 Tim. 3:1) Nuqul o‘z tashvishlarini o‘ylaydigan kishilar Yahovaga  yaqinlasha olmaydi. Ha, bu ularni baxtga yetaklamaydi. Ehtimol, Iso ma’naviy narsalarga chanqoq va qayg‘u-alamning sababi ma’naviy tashnalik ekanini tan olayotgan odamlarni nazarda tutgandir. Ular gunohkor ekanini va qiyinchiliklari nomukammallik oqibatida yuzaga kelganini tan olishadi. Yahova qayg‘u-alam chekayotgan bunday odamlarga e’tibor qaratib, ma’naviy jihatdan tasalli hamda baraka berib, baxt va hayot ato etadi. (Hizqiyo 5:11; 9:4 ni o‘qing.)

8. Muloyim kishilar qay yo‘sin baxtli bo‘la oladi? Tushuntiring.

8 «Muloyim kishilar baxtlidir, chunki ular yer yuziga ega bo‘lishadi». (Mat. 5:5) Qay yo‘sin muloyim kishilar baxtli bo‘la oladi? Haqiqat borasida aniq bilimga ega bo‘lgan insonlar hayotiga o‘zgarishlar kiritgan. Qachonlardir ular qo‘pol, janjalkash va jahldor bo‘lgandir. Biroq hozir ular «yangi o‘zlikni kiyib olib», «mehr-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqat kabi yoqimli fazilatlarni» namoyon etmoqda. (Kolos. 3:9–12) Natijada ular tinchlikka, mehr va baxtga to‘la hayot kechirmoqda. Kelajakda esa, Xudoning Kalomidagi va’dalarga ko‘ra, ular «yer yuziga ega bo‘lishadi». (Zab. 37:8–10, 29)

9. a) Qaysi ma’noda «muloyim kishilar... yer yuziga ega bo‘lishadi»? b) Nima sababdan «adolatga ochu chanqoqlar» baxtli deb aytilgan?

9 Qaysi ma’noda «muloyim kishilar... yer yuziga ega bo‘lishadi»? Masihning moylangan shogirdlari yer yuzi ustidan shohlik va ruhoniylik qilganda unga egalik qilishadi. (Vah. 20:6) Osmonda yashash umidi bo‘lmagan millionlab kishilar esa yer yuzida mukammallik, tinchlik va baxtiyorlikda abadiy yashash sharafiga musharraf bo‘lib yer yuziga ega bo‘lishadi. Ular «adolatga ochu chanqoq» bo‘lgani uchun baxtli deb aytilgan. (Mat. 5:6) Ularning ma’naviy ehtiyoji va adolatga bo‘lgan chanqog‘i yangi dunyoda butunlayin qondiriladi. (2 Butr. 3:13) Xudo yovuzlikni butkul yo‘q qilganida, qonunsizlik va adolatsizlik odil kishilarning quvonchiga aslo raxna solmaydi. (Zab. 37:17)

10. Rahmdil bo‘lish nimani anglatadi?

10 «Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir, sababi ularga rahm-shafqat ko‘rsatiladi». (Mat. 5:7) Rahmdillikni ifodalovchi ibroniycha so‘z «iliq va nozik his-tuyg‘ularni tuymoq,.. hamdard bo‘lmoq» degan ma’nolarni beradi. Shu singari, rahmdillikni bildiruvchi yunoncha so‘z kimgadir hamdard bo‘lishni anglatadi. Ammo rahmdillik shunchaki nozik his-tuyg‘ulardan ko‘proq narsani bildiradi. Muqaddas Kitobga ko‘ra, mazkur so‘z insonga achinayotganimizni faol tarzda ko‘rsatish va rahm-shafqat ila yo‘l tutishni o‘z ichiga oladi.

11. Samariyalik kishining misolidan rahmdillik borasida nimani o‘rganyapmiz?

11 Luqo 10:30–37 ni o‘qing. Isoning samariyalik kishi haqidagi misoli rahmdillikni ko‘rsatish nimani anglatishini yaqqol namoyon etmoqda. Chin dildan hamdardlik va rahm-shafqat ko‘rsatib o‘sha samariyalik kishi azob chekayotgan odamga yordam berish uchun harakat qilgan. Bu misolni keltirgach, Iso: «Boring, siz ham shunday yo‘l tuting»,— deb aytgan. Shu bois, o‘zingizdan quyidagicha so‘rang: «Men ham shunday yo‘l tutyapmanmi? Rahmdil samariyalik kishi qilgan ishni qilyapmanmi? Qiynalayotganlarga yordam berish uchun rahmdillik va mehribonlikni yanada faol tarzda ko‘rsata olamanmi? Masalan, yoshi ulug‘ imondoshlarimga, bevalarga yoki ota-onasi Yahovaga xizmat qilmaydigan bolalarga amaliy yordam taklif qila olamanmi? “Ruhi tushganlarga tasalli berishda” tashabbus ko‘rsata olamanmi?» (1 Salon. 5:14; Yoqb. 1:27)

Rahmdil bo‘lishda tashabbus ko‘rsatib, baxtiyorlikni his eting (12- xatboshiga qarang.)

12. Qanday qilib rahmdil bo‘lish baxtiyorlikka eltadi?

 12 Xo‘sh, rahmdil bo‘lish qay yo‘sin baxtiyorligimizga ta’sir qiladi? Boshqalarga nisbatan rahmdil bo‘lsak, berishning baxtiyorligini his etamiz. Boz ustiga, Yahovani xursand qilayotganimizni bilamiz. (Havor. 20:35; Ibroniylarga 13:16 ni o‘qing.) Bechoraga yordam qo‘lini cho‘zgan kishi borasida shoh Dovud shunday degan: «Yahova uni himoya qilib, jonini omon saqlaydi. U yer yuzida baxtli inson deya ataladi». (Zab. 41:1, 2) Boshqalarga nisbatan rahmdillik ko‘rsatsak, Yahova ham bizga rahmdil bo‘lishiga yo‘l ochamiz va buning natijasida, mangu baxtiyorlikka erishamiz. (Yoqb. 2:13)

NEGA «POKDIL BO‘LGANLAR» BAXTLI?

13, 14. Pokdil bo‘lish va baxtiyorlik o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

13 «Pokdil bo‘lganlar baxtlidir, negaki ular Xudoni ko‘rishadi»,— deb aytgan Iso. (Mat. 5:8) Pokdil bo‘lish uchun qalbimiz va niyatimiz toza bo‘lishi zarur. Yahovaga bo‘lgan topinishimizda ma’nan mustahkam qolish uchun fikrlarimiz toza bo‘lishi muhim. (2 Korinfliklarga 4:2 ni o‘qing; 1 Tim. 1:5)

14 Pokdil bo‘lganlar Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘ladi. Tangri ular haqida: «Kiyimlarini yuvganlar baxtlidir»,— deb aytgan. (Vah. 22:14) Qiziq, «kiyimlarini yuvganlar» nima degani? Moylangan masihiylar uchun «kiyimlarini yuvgan» iborasi ular Yahovaning nazarida pok va samodagi hayotdan zavq olib yashash uchun o‘lmaslikka erishishni anglatadi. Yer yuzida abadiy yashashga umidvor bo‘lgan ulkan olomon esa Tangrining odil do‘stlari bo‘lishdan xursandchilik topadi. Ular hatto hozir «kiyimlarini Qo‘zining qonida yuvib oqartiryaptilar». (Vah. 7:9, 13, 14)

15, 16. Qanaqasiga pokdillar «Xudoni ko‘rishadi»?

15 «[Xudoni] ko‘rgan hech bir odam tirik qolmaydi» deb aytilgan bo‘lsa, qanaqasiga pokdillar «Xudoni ko‘rishadi»? (Chiq. 33:20) «Ko‘rish» deb o‘girilgan yunoncha so‘z «ong bilan ko‘rish, his etish, bilish» degan ma’nolarni anglatadi. Xudoni chinakamiga tanib-bilganlar, Uning fazilatlarini qadrlab, Uni qalb ko‘zlari bilan ko‘rishadi. (Efes. 1:18) Iso Tangrining shaxsiyatini mukammal tarzda aks etgan. Shuning uchun ham u: «Meni ko‘rgan, Otamni ham ko‘rgan bo‘ladi»,— deb ayta olgan. (Yuhan. 14:7–9)

16 Xudoning fazilatlarini tanib-bilishdan tashqari, haq topinuvchilar Xudo ularning manfaatini ko‘zlashini tushunib Uni «ko‘rishadi». (Ayub 42:5) Boz ustiga, ular poklikni saqlab sodiq qolayotgan xizmatchilariga Yahova qanday barakalar yog‘dirganini «ko‘rishadi». Albatta, tirilgan moylanganlar samoviy mukofotini olganida Yahovani tom ma’noda ko‘rishadi. (1 Yuhan. 3:2)

 QIYINCHILIKLARGA QARAMAY BAXTIYOR BO‘LISH

17. Baxtiyor bo‘lishda tinchlik qanday ahamiyatga ega?

17 Iso davom etib: «Tinchlik o‘rnatuvchilar baxtlidir»,— degan. (Mat. 5:9) Tinchlik o‘rnatishda tashabbus ko‘rsatadigan kishilar baxtli bo‘lish uchun asosli sababga ega. Yoqub: «Adolat hosilini beradigan urug‘ tinchlik o‘rnatuvchilar uchun tinchlik bor joyda sepiladi»,— deb yozgan edi. (Yoqb. 3:18) Jamoatda yoki oilada kim bilandir munosabatlarimiz tarang bo‘lsa, Yahovadan tinchlik o‘rnatishimizga yordam berishini so‘rab yolvorishimiz mumkin. Shunda, Yahovaning muqaddas ruhi, odilligi va baxtiyorligi ustuvor bo‘la oladi. Iso: «Agar nazringizni qurbongohga olib kelganingizda, birodaringiz sizdan xafa ekani yodingizga tushib qolsa, nazringizni qurbongoh oldida qoldiring-da, avvaliga borib birodaringiz bilan yarashing. Shundan so‘ng kelib, nazringizni baxshida eting»,— deb aytganida, u tinchlik o‘rnatishda tashabbuskor bo‘lish muhim ekaniga urg‘u bergan. (Mat. 5:23, 24)

18, 19. Nega hatto quvg‘unlarda ham masihiylar quvonishadi?

18 «Men uchun odamlar sizlarni haqoratlab, quvg‘un qilishsa, sizlar haqda yolg‘on va har qanday yaramas so‘zlarni aytishsa, baxtlisizlar». Iso nimani nazarda tutgan? U davom etib shunday degan: «Shod-xurram bo‘linglar, zero osmondagi mukofotingiz buyukdir. Axir sizlardan avval o‘tgan payg‘ambarlar ham shunday quvg‘un qilinishgan-ku». (Mat. 5:11, 12) Havoriylarni do‘pposlab, va’z qilishni man etishganda, ular «Oliy Kengashdan suyunib chiqib ketishgan». Aniqki, ular do‘pposlanganidan zavq olmagan. Aksincha, havoriylar «Isoning ismi uchun haqoratga sazovor bo‘ldik, deb» suyunishgan. (Havor. 5:41)

19 Bugungi kunda ham Yahovaning xizmatchilari Isoning ismi uchun azob chekishsa yoki og‘ir sinovlarga duch kelishsa, quvonch ila sabr-bardosh qilishadi. (Yoqub 1:2–4 ni o‘qing.) Havoriylar kabi biz ham azob chekkanimizdan zavq olmaymiz. Lekin sinovlar paytida benuqsonlikni saqlasak, Yahova sabr-bardoshli bo‘lishimizga kuch beradi. Masalan, 1944-yili avgustda totalitar rejimning hokimiyati Xenrik Dornik va uning ukasini konslagerga tashlaydi. Ammo qarshi chiqqanlar keyin quyidagicha tan olishdi: «Ularni fikridan qaytarib bo‘lmaydi. Ular qiynoqlardan zavq olyapti». Birodar Dornik shunday deb bo‘lishdi: «Meni qiynashlarini istamagandim. Lekin qadr-qimmatimni bilib Yahovaga sadoqatni saqlaganim va jasorat namoyon etganim menga quvonch keltirdi... Tinmay ibodat qilganim tufayli Yahovaga yaqinroq bo‘ldim va U ishonchli Yordamchi ekanini ko‘rsatdi».

20. Nega «baxtiyor Tangriga» xizmat qilishdan baxtiyormiz?

20 «Baxtiyor Tangrimiz» bizdan mamnun bo‘lsa, quvg‘un, uydagi qarshiliklar, kasalligu yoshimiz o‘tib borayotganiga qaramay, baxtiyorlikni his qilamiz. (1 Tim. 1:11) Bundan tashqari, «yolg‘ondan xoli bo‘lgan» Xudoyimizning ajoyib va’dalari bizga baxtiyorlik hissini beradi. (Titus. 1:2) Yahovaning va’dalari amalga oshganda shunchalik baxtiyor bo‘lamizki, hozirgi qiyinchiliklar ko‘zga ko‘rinmay qoladi. Yaqinlashib kelayotgan yangi dunyoda Yahova ato etadigan barakalarni biz hatto tasavvur qila olmaymiz. Qolaversa, biz hech qachon tugamaydigan baxtiyorlikka erishamiz. Ha, «tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘lamiz». (Zab. 37:11)