Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 TARJIMAI HOL

Yahova qarorimga mo‘l-ko‘l baraka berdi

Yahova qarorimga mo‘l-ko‘l baraka berdi

Bizga tayinlangan hududdagi oxirgi bir nechta uy ostonasiga buklamalarni qo‘yar ekanmiz, tong ham yorishib qolgan edi. Bu 1939-yil edi. Missurining (AQSH) janubi-g‘arbidagi Joplin shahrigacha bo‘lgan bir soatlik yo‘lni bosib o‘tish uchun yarim tunda yo‘lga chiqqan edik. Vazifamiz tugashi bilanoq, uchrashish uchun kelishib olgan joyga mashinada yo‘l oldik. U yerda boshqa guruhlar ham kelishini kutib turdik. Balki nega saharda xizmatga chiqqanimiz va hududni tezda tark etganimiz bilan qiziqayotgandirsiz. Bu haqida sal keyinroq aytib beraman.

MENI Xudoning xizmatchilari bo‘lgan ota-onam Fred va Edna Moloxen xudojo‘y qilib tarbiyalaganidan minnatdorman. 1934-yili dunyoga keldim. O‘shanda ota-onam 20 yildan beri faol Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari (Yahovaning Shohidlari) edi. Biz Kanzasning janubi-sharqidagi kichik shaharda, Parsonzda yashardik. Jamoatimizning deyarli barcha a’zosi moylangan masihiy edi. Oilamiz jamoat yig‘ilishlariga borishdan va Xudoning Kalomidagi haqiqatlarni boshqalarga va’z qilishdan zavq olardi. Odatda shanba tushlikdan keyin ko‘chama-ko‘cha xizmat qilardik. O‘sha paytlari bu omma oldida xizmat qilish edi. Gohida bir oz charchardik, ammo dadam xizmatni tugatgach, muzqaymoq olib berib bizni xursand qilardi.

Jamoatimiz uncha katta emasdi. Lekin katta hududni, ya’ni bir nechta kichkina shaharni, jumladan, shtat yaqinidagi ko‘pgina fermalarni o‘z ichiga olardi. Fermalarga tashrif buyurganimizda adabiyotlarni sabzavotlarga, tuxumlarga yoki hatto jo‘jalarga almashardik. Dadam adabiyotlarni oldindan tarqatgani tufayli uyimizda yetarlicha oziq-ovqat bo‘lardi.

VA’ZGO‘YLIK KAMPANIYALARI

Ota-onam xizmatda foydalanish uchun fonograf olishdi. Men undan foydalanish uchun juda kichkina edim, ammo ota-onam takroriy tashriflarda, Muqaddas Kitob tadqiqlarida birodar Ruterfordning nutqlarini qo‘yib berishganda ularga yordam berishni yoqtirardim.

Dadam va oyim bilan ovozli mashinamiz oldida

Dadam «Ford 1936» rusumli mashinasini ovozli mashinaga aylantirdi, ya’ni tomiga katta rupor o‘rnatdi. Bu mashina Shohlik xabarini tarqatishda juda asqatgan. Odamlarning diqqatini tortish uchun avval musiqa, keyin esa Muqaddas Kitobga asoslangan nutq qo‘yardik. Nutq tugaganda qiziqish bildirgan odamlarga adabiyot taklif qilardik.

Kanzasning kichik shahri Cherrylvaleda politsiya xodimi dadamga shahar xiyoboniga  ovozli mashina bilan kirish mumkin emasligini, yakshanba kunlari ko‘plar u yerda dam olishini aytdi. Lekin xiyobon tashqarisida turish mumkin edi. Shunday qilib dadam qarshilik ko‘rsatmay, mashinani xiyobondan keyingi ko‘chaga oldi. U yerda ham odamlar xabarni eshitishi mumkin edi, so‘ng dadam nutqni yana qo‘yib berdi. Shu kabi vaziyatlarda dadam va akam Jerri bilan maza qilardim.

1930-yillarning oxirida qarshiliklar ko‘p bo‘lgan hududlarda xizmat qilish uchun maxsus kampaniyalarda qatnashdik. Joplinda (Missuri shtati) bo‘lgani kabi, u yerda ham sahar turardik va odamlarning uylari ostonasiga buklama yoki risolalarni qoldirib ketardik. Keyin shahar tashqarisida uchrashardik va hech kim qo‘lga tushmaganini va hibsga olinmaganini tekshirardik.

O‘sha yillari xizmatimizning yana bir turida qatnashardik. Uni informatsion marsh deb atardik. Shohlik xabarini e’lon qilish uchun plakatlar taqib olib shahar bo‘ylab saf tortib yurardik. Birodarlarimiz «Din — bu to‘r va aldov» nomli plakatlarni taqib, shahrimizdagi marshda ishtirok etganini eslayman. Ular marshni uyimizdan boshlab, shahar ichida taxminan 1,6 kilometr yurib, so‘ng yana biznikiga qaytib kelishgan. Yaxshiyamki, ular marsh davomida qarshiliklarga uchramagan, ammo qiziqish bildirgan ko‘pgina insonlarni topgan.

ILK ANJUMANLAR

Oilamiz bilan anjumanlarga borish uchun ko‘pincha Texasga yo‘l olardik. Dadam Missuri-Kanzas-Texas temir yo‘lida (shuningdek, M-K-T yoki Keti temir yo‘li deb tanilgan) ishlagani bois, poyezdda bepul ketardik. Bu tufayli esa, ham qarindoshlarimiznikiga tashrif buyura olardik, ham anjumanlarga borardik. Onamning akasi Fred Vismar va uning turmush o‘rtog‘i Yulale Texasning Templ shahrida yashardi. Tog‘am Fred haqiqatni 1900-yillarning boshida hali yoshligida eshitgan va suvga cho‘mgan. Bilib olganlarini u singillari, jumladan, onam bilan bo‘lishgan. Markaziy Texasdagi birodarlar uni yaxshi tanishardi, chunki tog‘am u yerda mintaqa noziri (hozir tuman noziri) bo‘lib xizmat qilgan. U mehribon edi va doim baxtiyor bo‘lib quvonib yurardi. Tog‘am g‘ayratli edi va bu menga yoshligimda ijobiy ta’sir qilgan.

1941-yili oilamiz bilan poyezdda Sent-Luisga (Missuri shtati), katta anjumanga bordik. Barcha yoshlarni birodarimiz Ruterfordning «Shoh farzandlari» nomli nutqini tinglash uchun sahna oldidagi maxsus joyda birga o‘tirishga taklif qilishdi. Nutqning so‘ngida birodar Ruterford va uning yordamchilari yoshlarga «Farzandlar» nomli kitobni hadya qilgani biz uchun kutilmagan sovg‘a bo‘lgan. O‘sha anjumanda mazkur ma’naviy hadyadan behad quvongan 15 000 dan ziyod yoshlar bor edi.

1943-yili aprelda Kanzasning Koffivill shahrida kichik, lekin nomi e’tiborni tortadigan «Harakatga undov» nomli anjumandan zavq oldik. Anjumanda endi yig‘ilishlarda Voizlik maktabi o‘tkazilishi haqida e’lon qilindi. Shuningdek, 52 ta darsdan iborat bo‘lgan risolani oldik. O‘sha yili  sal keyinroq men maktabda ilk nutqimni so‘zladim. Bu anjuman men uchun o‘zgacha bo‘lgan. Sababi, bir nechta birodar va men yaqin atrofdagi fermada sovuq suvda suvga cho‘mganmiz.

BAYTIL XIZMATINI ORZU QILGANMAN

1951-yili o‘rta maktabni tugatdim va kelajagimga tegishli qarorlar chiqarishim kerak edi. Baytilda xizmat qilishni juda istardim. Akam Jerri ham u yerda xizmat qilgan. Xullas, arizamni Bruklin ofisiga jo‘natdim. Bu qarorim tufayli ma’naviy tarafdan ko‘p foyda oldim. Ko‘p o‘tmay, Baytilga taklif etishdi va 1952-yili 10- martdan boshlab u yerda xizmat qila boshladim.

Jurnal va adabiyotlarimizni ishlab chiqarishda qatnashaman deb umid qilgandim. Lekin meni u yerga tayinlashmadi, aksincha, ofitsiant etib, keyinroq esa oshxonaga tayinlashdi. Bu sohani o‘rganish men uchun qiziq bo‘lgan. Shuningdek, oshxona uchun mo‘ljallangan ish tartibi menga ko‘p foyda keltirdi. Chunki kun davomida bir oz bo‘sh vaqtim bo‘lgani tufayli Baytilning kitoblarga boy kutubxonasidan foydalanib shaxsiy tadqiq o‘tkaza olardim. Bu menga ma’nan o‘sishimga va imonimni mustahkamlashga yordam berdi. Shuningdek, bu qo‘limdan kelgancha uzoq vaqt davomida Yahovaga Baytilda xizmat qilish qarorimni mustahkam qildi. 1949-yili Jerri Baytildan ketdi va Patritsiya bilan oila qurdi. Ular Bruklin yaqinida yashardi. Baytildagi xizmatimni endi boshlaganimda ular menga doim yordam va dalda berardi.

Baytilga kelganimdan ko‘p o‘tmay, birodarlar nutq so‘zlay oladigan baytilchilarning sonini ko‘paytirmoqchi edi. Bu ro‘yxatdagi birodarlar Bruklindan 322 kilometr uzoqlikda joylashgan jamoatlarga tashrif buyurish uchun tayinlanishardi. U yerda ular ommaviy nutq so‘zlab, jamoat a’zolari bilan va’zgo‘ylik xizmatida hamkorlik qilishardi. Men ham bu vazifa uchun tanlandim. Ilk marotaba bir soatlik ommaviy nutq so‘zlaganimda, juda hayajonlangan edim. Odatda jamoatlarga poyezdda borardim. Bir safar 1954-yili qishda yakshanba tushlikdan keyin poyezdga o‘tirganim hali ham yodimda. O‘shanda Nyu-Yorkka qaytadigan poyezdga o‘tirgandim va kechki paytga yaqin Baytilga kelishim kerak edi. Ammo bo‘ron ko‘tarilib sovuq shamol esdi va qor yog‘di. Poyezd yurmay qoldi. Oxiri poyezd Nyu-Yorkka dushanba kuni sahar beshda yetib keldi. U yerdan Bruklinga yetib olish uchun metroga o‘tirdim va to‘g‘ri oshxonaga borib, ishga kirishdim. Bir oz kechikdim va tuni bo‘yi poyezdda o‘tirib chiqqanim uchun rosa charchagan edim. Lekin bunday noqulayliklar imondoshlarga xizmat qilishning va jamoatlarga tashrif buyurib, yangi do‘stlar orttirishning xursandchiligi oldida hech narsa emas edi.

WBBR radiostansiyamizda dasturga tayyorgarlik

Baytildagi ilk xizmat yillarim davomida WBBR nomli radiostansiyamizda ishtirok etishga taklif qilishdi. Studiyalarimiz Kolumbiya-Xayts 124 binosining ikkinchi qavatida joylashgan edi. Men har hafta o‘tadigan Muqaddas Kitob tadqiqi dasturida ishtirokchilarni tanishtirishim lozim edi. Ancha yillardan beri Baytil oilasining a’zosi bo‘lgan birodarimiz Makmillan radio dasturlarimizda muntazam qatnashardi. Mak deb tanilgan bu birodarimiz, Yahovaga sadoqat ila xizmat qilish borasida biz yosh baytilchilar uchun ajoyib o‘rnak edi.

WBBR radiostansiyamizni odamlarga tanishtirish uchun mana shunday e’londan foydalanardik

1958-yili meni Gilad maktabi bilan yaqindan hamkorlik qilishga taklif etishdi. Gilad maktabining bitiruvchilari manzillariga yetib olishi uchun ularga viza olishga hamda yo‘lga chiqish uchun tayyorgarlik ko‘rishga yordamlashadigan bo‘ldim. O‘sha paytlari samolyotda uchish juda qimmat edi. Shuning uchun faqatgina bir nechta bitiruvchi samolyotda uchishi mumkin edi. Afrikaga va Osiyoga tayinlangan ko‘plar kemada ketardi. Bir necha yillar o‘tgach, samolyot chiptalari arzonroq bo‘ldi va to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarning aksariyati tayinlangan hududiga samolyotda yetib oladigan bo‘ldi.

Bitiruv marosimidan avval Gilad maktabi bitiruvchilarining diplomlarini tayyorlayapman

ANJUMANLARGA BORISH

1960-yili menga Qo‘shma Shtatlardan Yevropaga 1961-yili bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanlarga boradigan imondoshlar uchun samolyot tashkillashtirish topshirildi. Men ham  Gamburgda (Germaniya) o‘tgan o‘sha anjumanga bordim. Anjumandan so‘ng uchta baytilchi birodar bilan mashinani ijaraga oldik va Germaniya orqali Italiyaga yo‘l oldik. U yerda Rimdagi filialimizga tashrif buyurdik. Keyin Pireney tog‘laridan o‘tib Fransiyaga, u yerdan esa faoliyatimiz taqiqlangan Ispaniyaga bordik. Barselonadagi imondoshlarimiz uchun ozgina adabiyot olib o‘ta oldik. Ularning ustini o‘raganimiz uchun xuddi sovg‘alardek ko‘rinardi. Ular bilan uchrashish quvonchli edi. So‘ng Amsterdamga bordik va u yerdan Nyu-Yorkka qaytdik.

1962-yili menga dunyo bo‘ylab maxsus xalqaro anjumanlarga tashrif buyurganlar uchun sayohatlarni tashkillashtirish vazifasi topshirildi. Bu 1963-yili bo‘lib o‘tgan «Abadiy xushxabar» anjumani edi. 583 ta imondoshimiz Yevropa, Osiyo, Tinch okeanining janubiy hududlariga keyin esa, Gonolulu, Gavayi orollari va oxiri Pasadinada (Kaliforniya shtati) bo‘lib o‘tadigan anjumanlarga borishi uchun tayyorgarlik ko‘rildi. Qolaversa, ular Muqaddas Kitobda aytib o‘tilgan Livan va Iordaniya hududlariga sayohat qilishlari uchun maxsus turlar tashkillashtirildi. Chipta olish va mehmonxonalarni band qilishdan tashqari, bo‘limimiz kerakli bo‘lgan vizalarni olishga ham yordamlashardi.

SAYOHATDAGI YANGI HAMKORIM

1963-yil yana boshqa sabab bilan men uchun o‘zgacha bo‘lgan. O‘sha yili 29- iyunda Missuridan bo‘lgan Lila Rogers bilan oila qurdim. U uch yildan beri Baytilda xizmat qilar edi. To‘yimizdan bir hafta o‘tib, Lila bilan dunyo bo‘ylab sayohat qila boshladik va Gretsiya, Misr hamda Livanga bordik. Bayrutdan esa Iordaniya hududidagi kichik aeroportga uchdik. Bu mamlakatda faoliyatimiz taqiqlangani tufayli bizga Yahovaning Shohidlariga viza berilmasligini aytishdi. Shuning uchun, u yerga borsak, nima bo‘lar ekan deb qiziqayotgan edik. Kelganimizda esa, bizni «Yahovaning Shohidlari, xush kelibsiz!» degan katta yozuv bilan kutib turishganini ko‘rib suyunib ketdik. Muqaddas Kitobda aytib o‘tilgan joylarni shaxsan ko‘rish ajoyib edi. Ibrohim, Is’hoq va Yoqub yashagan yerlarni, Iso va havoriylar va’z qilgan hududlarni, xushxabar yer chekkalarigacha tarqalishni boshlagan joylarni ko‘rdik. (Havor. 13:47)

Lila 55 yil davomida meni barcha vazifalarimda sadoqat ila qo‘llab-quvvatladi. Ispaniya va Portugaliyada faoliyatimiz taqiqlangan paytda u yerga bir necha marotaba borishga muvaffaq bo‘ldik. Imondoshlarimizga dalda baxsh eta oldik va adabiyotlaru ular uchun kerak bo‘lgan boshqa narsalarni yetkazib bera oldik. Hatto Ispaniyaning Kadis shahridagi qamoqda o‘tirgan ayrim birodarlarimiz bilan ko‘rishdik. Ular uchun nutq so‘zlab dalda bera olganimdan, qalbim shod edi.

Patritsiya va Jerri Moloxen bilan «Yer yuzida tinchlik» anjumaniga ketyapmiz, 1969-yil

1963-yildan boshlab Afrika, Avstraliya, Markaziy va Janubiy Amerika, Yevropa, Osiyo, Gavayi orollari, Yangi Zelandiya va Puerto-Rikoda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarni tashkillashtirishda  yordam berish sharafiga ega bo‘ldim. Lila bilan ko‘pgina unutilmas anjumanlarga tashrif buyurdik. 1989-yili Varshavada (Polsha) bo‘lib o‘tgan anjuman shular jumlasidandir. Rossiyadagi ko‘pgina imondoshlarimiz ilk marotaba shunday katta anjumanga borishga muvaffaq bo‘ldi. Sovet Ittifoqida imoni uchun ko‘p yillar davomida qamoqda o‘tirgan imondoshlarni uchratdik.

Baytil oilasiga va to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarga dalda berish uchun dunyo bo‘ylab filiallarimizga tashrif buyurish menga ulkan quvonch keltirdi. So‘nggi marotaba Koreyadagi filialga tashrif buyurdik. O‘shanda Suvon shahridagi qamoqda o‘tirgan 50 ta birodar bilan uchrashdik. Birodarlarimiz ijobiy munosabatni saqlab, hech qanday to‘siqlarsiz yana xizmatda ishtirok etishni intiqib kutishayotgan edi. Ular bilan ko‘rishish bizga rosa dalda baxsh etdi. (Rim. 1:11, 12)

O‘SISH XURSANDCHILIK KELTIRMOQDA

Tangri Yahova yillar davomida O‘z xizmatchilariga baraka yog‘dirganining guvohi bo‘ldim. 1943-yili suvga cho‘mganimda taxminan 100 000 ta va’zgo‘y bo‘lgan bo‘lsa, hozir 240 ta mamlakat va hududlarda 8 000 000 dan oshiq kishi Yahovaga xizmat qilmoqda. Bunga Gilad maktabining bitiruvchilari ulkan hissa qo‘shdi. Yillar davomida ko‘pgina to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bilan yaqindan hamkorlik qilib, vazifasiga kirishishlariga yordam berish men uchun quvonchli edi.

Yoshligimda xizmatimni kengaytirib Baytilda xizmat qilish uchun ariza yozishga qaror qilganimdan xursandman. Yahova har bir qadamimga mo‘l-ko‘l baraka berdi. Baytilda quvonch ila xizmat qilishdan tashqari, Lila va men 50 yildan oshiq vaqt davomida Bruklindagi bir nechta jamoat bilan hamkorlik qilish sharafiga ega bo‘ldik. U yerda ko‘pgina ajoyib do‘stlar orttirdik.

Hozir Lilaning ko‘magi bilan Baytildagi xizmatimni har kuni davom ettiryapman. Garchi yoshim 84 dan oshgan bo‘lsa-da, xatlarga javob berish bo‘limida yordam berib, mazmunli xizmatimdan zavq olaman.

Hozir Lila bilan

Yahovaning ajoyib tashkilotiga tegishli bo‘lish va Unga xizmat qiladiganlar bilan xizmat qilmaydiganlar orasidagi farqni ko‘rish katta baxtdir. Malaki 3:18 da yozilgan quyidagi so‘zlarni yaxshiroq tushunishimiz mumkin: «Odil kishi bilan yovuz kishi, Xudoga xizmat qilayotgan kishi bilan Unga xizmat qilmayotgan kishi o‘rtasidagi farqni yana ko‘rasizlar». Shaytonning dunyosi buzilib ketayotganini, odamlar tobora umidsizlikka tushib quvonchni yo‘qotayotganini har kuni ko‘ryapmiz. Lekin Yahovani sevib Unga xizmat qilayotganlar hatto qiyin paytlarda ham baxtiyor va ularda kelajakka nisbatan umid bor. Biz Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilish sharafiga egamiz. (Mat. 24:14) Barchamiz tez orada Xudoning Shohligi bu yovuz dunyoga barham berishini hamda va’da qilingan barakalarga, jumladan, mukammal sog‘lik va abadiy hayotga ega bo‘ladigan yangi dunyoni kutyapmiz. O‘shanda Yahovaning sadoqatli xizmatchilari yer yuzida abadiy baxtiyor yashaydi.