Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Haqiqatni gapirish

Haqiqatni gapirish

Bir-biringizga haqiqatni gapiringlar. ZAKR. 8:16

QO‘SHIQLAR: 44, 18

1, 2. Qaysi yolg‘on insoniyatga salbiy ta’sir qildi va uni kim aytdi?

TELEFON, elektr lampa, mashina va sovitkich hayotimizni osonlashtirgan kashfiyotlardan ba’zilari. Ammo to‘pponcha, mina, tamaki mahsulotlari va atom bombasi hayotimizga xavf tug‘diradigan kashfiyotlar sirasidandir. Lekin mazkur barcha kashfiyotlardan oldin insoniyatning hayotiga salbiy ta’sir qilgan yana bir narsa bor. Bu nima deysizmi? Bu — yolg‘on. Yolg‘on haqiqatga zid bo‘lgan ma’lumotdir. Uni aytib boshqalarni aldash mumkin. Xo‘sh, ilk yolg‘onni kim gapirgan? Iso Masih «Iblis»ni «yolg‘onning otasi» deb atagan. (Yuhanno 8:44 ni o‘qing.) Ilk yolg‘onni Iblis qachon aytgan?

2 Bu bir necha ming yil oldin Adan bog‘ida yuz bergan. Ilk juftlik, ya’ni Odamato va Momohavo Yaratuvchi ular uchun barpo qilgan jannatda zavqlanib yashayotgan edi. Shunda Iblis harakatga tushdi. U Xudo bu juftlikka «nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtning mevasidan» yemaslikni aytganini va ular itoatsizlik qilsa, o‘lishini bilardi. Lekin shunda ham Shayton ilon orqali Momohavoga gapirib: «Aslo o‘lmaysizlar [mana shu ilk yolg‘ondir]. Xudo biladiki, undan yegan kuniyoq ko‘zlaringiz ochiladi va sizlar Xudo kabi nima yaxshi va nima yomon ekanini biladigan bo‘lasizlar»,— deb aytdi. (Ibt. 2:15–17; 3:1–5)

3. Nima uchun Shayton yovuz niyat bilan yolg‘on gapirgan deb ayta olamiz va buning natijasi qanday bo‘ldi?

 3 Shayton yovuz niyat bilan yolg‘on gapirgan. Chunki u Momohavo o‘sha mevadan yesa o‘lishini yaxshi bilar edi. Momohavo va Odamato Yahovaning amriga bo‘ysunishmagan va oxiri o‘lishgan. (Ibt. 3:6; 5:5) Ustiga-ustak, bu gunoh tufayli «o‘lim barcha insonlarga o‘tgan». Ha, o‘lim «hatto Odamato singari gunoh qilmaganlar ustidan ham hukmronlik qilib kelgan». (Rim. 5:12, 14) Hozir mukammal, baxtiyor hayot kechirib va Xudoning ilk niyatiga ko‘ra abadiy yashashning o‘rniga «umrimiz yetmish yil, agar bardamroq bo‘lsak sakson yil». Shunda ham ko‘pincha hayotimiz «g‘am-tashvishga to‘ladir». (Zab. 90:10) Afsuski, bularning bari Shaytonning yolg‘oni dastidan!

4. a) Qaysi savollarga javob topamiz? b) Zabur 15:1, 2 ga ko‘ra kimlar Yahovaning do‘sti bo‘lishi mumkin?

4 Iblisning harakatlarini tushuntirib, Iso quyidagicha ta’kidlagan: «Unda haqiqat bo‘lmagani uchun haqiqat yo‘lida tura olmadi». Shaytonda hanuzgacha haqiqat yo‘q, zero u o‘z yolg‘oni bilan «butun yer yuzini yo‘ldan ozdirib yuribdi». (Vah. 12:9) Iblis bizni aldab ketishini sira ham istamaymiz. Shunday ekan, keling, quyidagi uchta savol ustida mulohaza yuritaylik: qay yo‘sin Shayton odamlarni yo‘ldan ozdirmoqda? Nega insonlar ko‘pincha yolg‘on gapiradi? Odamato va Momohavo singari Yahova bilan bo‘lgan do‘stligimizni yo‘qotmaslik uchun qanday qilib doim «haqiqatni gapirayotganimizni» ko‘rsata olamiz? (Zabur 15:1, 2 ni o‘qing.)

QAY YO‘SIN SHAYTON ODAMLARNI YO‘LDAN OZDIRMOQDA?

5. Bugungi kunda Shayton odamlarni qay yo‘sin yo‘ldan ozdirmoqda?

5 Havoriy Pavlus shuni bilganki, Shaytonning «hiylalaridan bexabar» bo‘lsak, yolg‘oniga aldanib qolamiz. (2 Kor. 2:11) Bilamizki, butun dunyo — soxta din, siyosat va ochko‘z tijorat — Iblisning hukmida. (1 Yuhan. 5:19) Shuning uchun ham Shayton va uning jinlari yuqori mansabdagi kishilar yolg‘on gapirishiga ta’sir qilayotganidan hayron qolmaymiz. (1 Tim. 4:1, 2) Reklama orqali yolg‘on gapirib, zararli mahsulotlar chiqaradigan va hiyla-nayrang ishlatadigan biznes egalari haqida ham shunday desa bo‘ladi.

6, 7. a) Nima uchun yolg‘on gapiradigan din rahbarlari ayniqsa aybdor desa bo‘ladi? b) Din rahbarlarining qanday yolg‘onlarini eshitgansiz?

6 Ayniqsa, yolg‘on gapiradigan din rahbarlari aybdor. Chunki ularning yolg‘oniga ishongan kishilarning kelajagi xavf ostida qolmoqda. Agar kishi soxta ta’limotni qabul qilib, Xudo ma’qullamaydigan ishlarni qilsa, abadiy hayotdan mahrum bo‘ladi. (Ho‘sh. 4:9) Iso uning davridagi din rahbarlari aynan shunday yolg‘on tarqatishda aybdor ekanini bilgan. Ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri u quyidagilarni aytgan: «Ey ulamoyu farziylar, ikkiyuzlamachilar, holingizga voy! Negaki, sizlar hech bo‘lmaganda bir kishini diningizga kiritish uchun dengizu quruqlikni aylanib chiqasizlar. Maqsadga erishgach esa, uni jahannamga [batamom yo‘q qilinish] tashlanadigan darajada, o‘zingizdan ikki baravar battarroq qilasizlar». (Mat. 23:15, izoh) Iso din ulamolarini kuchli so‘zlar bilan koyigan. Ular rostdan ham qotil otasi Iblisga o‘xshar edi. (Yuhan. 8:44)

7 Bugungi kunda dunyo bo‘ylab pastor, ruhoniy, ravvin yoki boshqa unvonlar bilan ataladigan din rahbarlari bor. Ular ham birinchi asrdagi din ulamolari singari Muqaddas Kitobdagi «haqiqatning namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilib», «Xudo to‘g‘risidagi haqiqatni yolg‘onga almashtirgan». (Rim. 1:18, 25) Ular do‘zax, o‘lmas jon, reinkarnatsiya (qayta tug‘ilish) kabi soxta ta’limotlarniyu gomoseksual hayot  tarzi va bitta jinsdagi odamlar turmush qurishi Xudoga ma’qul keladi degan g‘oyani tarqatmoqda.

8. Tez orada siyosatchilar qanday yolg‘on aytishini kutyapmiz va bunga qanday munosabat bildiramiz?

8 Siyosatchilar ham yolg‘on ishlatib, odamlarni adashtirmoqda. Odamlar «tinchlik va xavfsizlikka» erishdik deb e’lon qilganda, eng achchiq yolg‘onlardan birini eshitamiz. Lekin «ular nogahon halokatga duchor bo‘lishadi». Iloyo, bu dunyo qanchalik qaltis vaziyatda ekanini unutmay, ularga ishonib qolmaylik! Zero, shunda aminmizki, «Yahovaning kuni o‘g‘ri tunda kelgandek keladi». (1 Salon. 5:1–4)

NEGA INSONLAR KO‘PINCHA YOLG‘ON GAPIRADI?

9, 10. a) Nima uchun odamlar yolg‘on gapiradi va buning oqibati qanday? b) Tangri Yahova haqida nimani unutmasligimiz kerak?

9 Qandaydir kashfiyot yoki ixtiro urfga kirsa, uni ko‘proq ishlab chiqarishadi. Yolg‘on gapirish haqida ham shunday desa bo‘ladi. Bugungi kunda aldash oddiy holga aylanib qoldi va faqatgina mansabdor kishilar emas, oddiy odamlar ham yolg‘on ishlatmoqda. Bxattacharjining «Nega yolg‘on gapiramiz?» nomli maqolasida ta’kidlanganidek, «yolg‘on gapirish insoniyatning tabiatiga chuqur singib ketgan». Ko‘pincha odamlar o‘zlarini himoya yoki tavsiya qilish uchun yolg‘on ishlatadi. Ular xatolariyu qing‘ir ishlarini bekitish maqsadida yoki moddiy va shaxsiy manfaatini ko‘zlagani sababli aldashadi. O‘sha maqolada aytilganidek, odamlar «kattayu kichik masalalarda begona, hamkasb, do‘sti va yaqinlarini osonlikcha aldaydi».

10 Xo‘sh, yolg‘on gapirishning oqibati qanday? O‘zaro ishonch yo‘qoladi va munosabatlar barbod bo‘lishi mumkin. Masalan, xotin nikohdan tashqari ishqiy munosabatlarini yashirish uchun sodiq eriga yolg‘on gapirishi qalbni qanchalik tilka-pora qilishini tasavvur qiling. Yoxud zo‘ravon ota boshqalar oldida o‘zini o‘rnakli ko‘rsatib, yolg‘iz qolganda esa rafiqasi va bolalariga azob bergani haqida bir o‘ylab ko‘ring. Lekin shuni unutmasligimiz kerakki, bunday makkor kishilar Tangri Yahovadan hech narsani yashira olmaydi, chunki «Uning ko‘zi oldida hamma narsa ochiq-oydindir». (Ibron. 4:13)

11. Hananiya va Saffiraning misolidan qanday saboq olsak bo‘ladi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

11 Muqaddas Kitobda birinchi asrdagi masihiy bir juftlik «Shaytonga aldanib», Xudoga yolg‘on gapirgani to‘g‘risida aytilgan. Hananiya va Saffira havoriylarni aldashga qaror qilishgan. Ular yerini sotib, tushgan pulning faqat muayyan qismini havoriylarga olib kelishgan. Bu juftlik o‘zini saxiylarcha ehson qilayotgandek ko‘rsatib, jamoatdagilar orasida yaxshi nom olmoqchi bo‘lgan. Biroq Yahova barchasini kuzatgan edi va ularni ishlariga yarasha jazoladi. (Havor. 5:1–10)

12. Tavba qilmagan yovuz niyatli yolg‘onchilar qayerda azob chekadi va nima uchun?

12 Yahova yolg‘onga qanday qaraydi? Shayton tavba qilmagan yovuz niyatli yolg‘onchi ekan, unga taqlid qilganlar «olovli... ko‘lda» azob chekadi. (Vah. 20:10; 21:8; Zab. 5:6) Nega deganda, Yahova yolg‘onchilarni Uning «nazarida jirkanch ishlar qiladiganlar» bilan bir qatorda ko‘radi. (Vah. 22:15, izoh)

13. Yahova haqida nimani bilamiz va bu bizni qanday yo‘l tutishga undaydi?

13 Shak-shubhasiz, Yahova «inson emaski yolg‘on gapirsa». Darhaqiqat «Xudo aslo yolg‘on gapirmaydi». (Sah. 23:19; Ibron. 6:18) Yahova yolg‘onchi tildan nafratlanadi. (Hik. 6:16, 17) Yahova bizdan mamnun bo‘lishini istasak, Uning rostgo‘ylik borasidagi me’yoriga muvofiq tarzda yashashimiz zarur. Shu bois  ham bir-birimizga yolg‘on gapirmaymiz. (Kolos. 3:9)

«HAQIQATNI GAPIRAMIZ»

14. a) Soxta din a’zolaridan nima bilan ajralib turamiz? b) Luqo 6:45 dagi prinsipni tushuntiring.

14 Xudoning xizmatchilari soxta din a’zolaridan nimasi bilan ajralib turadi? Biz «haqiqatni gapiramiz». (Zakariyo 8:16, 17 ni o‘qing.) Havoriy Pavlus: «O‘zimizni Allohning xizmatchilari sifatida tavsiya etyapmiz»,— deb yozgan. (2 Kor. 6:4, 7) Qolaversa, Iso: «Odamning dilida nima bo‘lsa, tili shuni gapiradi-ku»,— degan. (Luqo 6:45) Shunday ekan, inson haqiqatni qalbida gapirsa, o‘sha haqiqat og‘zidan ham chiqadi. U kattayu kichik masalalarda begona, hamkasb, do‘sti va yaqinlariga haq so‘zlarni aytadi. Rostgo‘y bo‘lishga harakat qilayotganimizni ko‘rsatuvchi ba’zi misollar borasida fikr yuritib ko‘raylik.

Ushbu singlimizning muammosini ko‘ryapsizmi? (15-, 16- xatboshilariga qarang.)

15. a) Nima sababdan ikki xil hayot kechirish donolikdan emas? b) Yoshlarga tengdoshlarining bosimiga qarshi turishga nima yordam beradi? (Izohga qarang.)

15 Yosh bo‘lsangiz, tengdoshlaringizga yoqishni istarsiz. Ikki xil hayot kechirishdan ehtiyot bo‘ling. Bunday insonlar oila a’zolari va jamoatdagilar oldida o‘zini kamtargina qilib ko‘rsatadi-yu, dunyodagi yoshlar bilan bo‘lganda va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda umuman boshqa odamga aylanadi. Buning ustiga, ular haqorat so‘zlarini ishlatishi, o‘z haddini bilmay kiyinishi, masihiylarga nomunosib musiqani tinglashi, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilishi, giyohvand moddalarini iste’mol qilishi, yashirincha uchrashib yurishi va bundan ham yomon ishlar bilan shug‘ullanishi mumkin. Ular yolg‘on bilan yashab, ota-onasini, imondoshini va Xudoni aldashadi. (Zab. 26:4, 5) Yahova Uni tildagina hurmat qilayotganimizni, qalbimiz esa Undan yiroqda ekanini ko‘radi. (Mark 7:6) Hikmatlarda yozilgan quyidagi so‘zlarga amal qilsak, qanchalar oqilona bo‘lar edi: «Qalbingda gunohkorlarga hasad qilma, har kuni Yahovadan qo‘rqib yasha». (Hik. 23:17) *

16. To‘la vaqtli xizmat uchun ariza to‘ldirganda qay yo‘sin rostgo‘y bo‘lish kerak?

16 Ehtimol, doimiy kashshof bo‘lmoqchidirsiz yoki Baytil xizmati kabi to‘la vaqtli maxsus xizmatning qaysidir turida ishtirok etmoqchidirsiz. Buning uchun ariza to‘ldirganingizda sog‘lik, o‘yin-kulgi borasidagi tanlov va axloq  masalasida barcha savollarga faqatgina rost javoblarni yozishingiz muhim. (Ibron. 13:18) Xo‘sh, nopok odatingiz bo‘lsa yoki shubhali ishlarga qo‘l urgan bo‘lsangiz, oqsoqollarga murojaat qildingizmi? Oqsoqollardan yordam so‘rang, shunda toza vijdon bilan xizmat qila olasiz. (Rim. 9:1; Galat. 6:1)

17. Ta’qib qiluvchilarga imondoshlarimiz to‘g‘risida biron narsa aytganda nimadan ehtiyot bo‘lishimiz zarur?

17 Masalan, siz yashayotgan joyda faoliyatimiz taqiqlangan bo‘lsa va sizni imondoshlarimiz haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun so‘roq qilishsa, qanday yo‘l tutasiz? Xo‘sh, ularga barchasini aytishingiz kerakmi? Rim hokimi Isoga savollar berganida, u nima qilgan? Muqaddas Yozuvlardagi «sukut saqlashning ham, gapirishning ham o‘z vaqti bor» degan so‘zlarga muvofiq ravishda Iso ba’zida hech narsa demagan. (Voiz 3:1, 7; Mat. 27:11–14) Bunday hollarda imondoshlarimizni xavfli vaziyatga tushirmaslik uchun mulohazakor bo‘lish yaxshiroq. (Hik. 10:19; 11:12)

Qachon sukut saqlashniyu qachon bor haqiqatni gapirishni qanday aniqlaysiz? (17-, 18- xatboshilariga qarang.)

18. Oqsoqollarga imondoshlarimiz to‘g‘risida nimani aytishimiz kerak?

18 Jamoatda jiddiy gunoh sodir qilingan bo‘lsa va siz bo‘lib o‘tganlardan xabardor bo‘lsangiz-chi? Jamoatni pok saqlashga mas’ul bo‘lgan oqsoqollar sizdan bu masala haqida nimalarni bilishingizni so‘rashi mumkin. Ayniqsa, gunoh sodir qilgan kishi yaqin do‘stingiz yoki qarindoshingiz bo‘lsa, qanday yo‘l tutasiz? «Ishonchli guvoh haqiqatni gapiradi». (Hik. 12:17; 21:28) Shuning uchun oqsoqollarga bo‘lib o‘tganlarni boricha, buzmay aytib berishga mas’ulmiz. Chunki ular gunoh qilgan kishiga Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarini tiklashga yordam berish uchun barchasini bilishga haqli. (Yoqb. 5:14, 15)

19. Navbatdagi maqolada nima haqida gap boradi?

19 Sano bastakori Dovud: «Inson yuragida haqiqatni topganingdan mamnun bo‘lasan»,— deb ibodat qilgan. (Zab. 51:6) Rostgo‘yligimiz qalbimiz tubidan, yuragimizdan chiqishini Dovud bilgan. Hayotning har bir sohasida Xudoning xizmatchilari bir-biriga haqiqatni gapiradi. Xudoning xizmatchilari sifatida boshqalardan ajralib turishimizni ko‘rsatishning yana bir yo‘li odamlarga Muqaddas Kitobdagi haqiqatni o‘rgatishdir. Bu haqida keyingi maqolada gap boradi.

^ 15- x.b. «Yoshlarning 10 ta savoli» nomli risolaning «Tengdoshlarning bosimiga qanday qarshi tura olaman?» nomli 6- savoliga va «Yoshlarning savollari. Amaliy maslahatlar» (rus) nomli kitobining 2- jildi, 16- bobida keltirilgan «Ikki xil hayot kechirishni bas qilish kerakmi?» nomli maqolaga qarang.