Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 TARJIMAI HOL

Yahova hech qachon meni tark etmagan!

Yahova hech qachon meni tark etmagan!

Bir safar Adolf Gitlerning nutqidan keyin uni gul bilan tabriklash uchun tanlangan to‘rtta qizaloqdan biri edim. Nega deysizmi? Otam fashistlar faoliyatiga qo‘shilgan kishi bo‘lib, o‘sha partiyaga tegishli mahalliy idora rahbarining haydovchisi edi. Onam esa katolik edi va men rohiba bo‘lishimni istardi. Bu ikkita kuchli ta’sirga qaramay, men na fashistlarga qo‘shildim, na rohiba bo‘ldim. Keling, buning sababini aytib beray.

MEN Avstriyaning Gras shahrida ulg‘ayganman. Diniy ta’lim olish uchun yetti yoshligimda maxsus maktabda o‘qiy boshladim. Biroq ruhoniylar va rohibalar orasidagi jinsiy axloqsizlikni ko‘rib dahshatga tushdim. Bir yil o‘tar-o‘tmas, onam u yerni tark etishimga ruxsat berdi.

Oilamiz, otam harbiy kiyim kiygan

Keyinchalik, men internatda o‘qiy boshladim. Bir kuni kechasi otam meni xavfsiz joyga olib ketish uchun keldi, chunki Gras bombardimon qilinayotgan edi. Biz Schladming shahrida panoh joy topdik. U yerga kelib, ko‘prikdan o‘tishimiz bilan unga zarba berildi. Boshqa safar esa samolyotlar past uchib, hovlimizda buvim ikkimizni o‘qqa tutdi. Urushning oxirida biz cherkov va hukumat tomonidan tark etilganday edik.

ISHONCHLI MADADNI TOPDIM

1950- yili Yahova Shohidlaridan biri onam bilan Muqaddas Kitobdagi xabarni baham ko‘ra boshladi. Men ularning suhbatini eshitardim va onam bilan hatto ba’zi yig‘ilishlarga borardim. Onam Yahovaning Shohidlarida haqiqat borligiga ishonch hosil qilgach, 1952- yili suvga cho‘mdi.

Mahalliy jamoat men uchun yoshi ulug‘ ayollarning klubiga o‘xshab ketardi. Lekin keyin boshqa bir jamoatga borganimizda u yerda yoshlar ko‘pligini ko‘rdim va bu men o‘ylaganday emasligini tushundim. Grasga qaytganimda esa, jamoat uchrashuvlarini qoldirmaydigan bo‘ldim va tez orada haqiqatni bilib olganimga ishonch hosil qildim. Shuningdek, Yahova O‘z xizmatchilariga ishonchli madadni ato etishini ham tushundim. Hatto chorasizday tuyulgan vaziyatlarga duch kelganimizda ham U bunday yo‘l tutadi. (Zab. 3:5, 6)

Haqiqatni boshqalarga ham aytishni xohlardim. Buni aka va opa-singillarimdan qilishni boshladim. To‘rtta opam o‘qituvchi bo‘lib, biz bilan yashamas edi. Ular yashagan turli  qishloqlarga borib, ularni Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashga undar edim. Vaqt o‘tgach, ularning hammasi tadqiq o‘tib, Yahovaning Shohidi bo‘ldi.

Uyma-uy xizmat qilayotganimning ikkinchi haftasida yoshi 30 dan oshgan ayolni uchratdim va u bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladik. U, keyinchalik esa eri va ikkita o‘g‘li suvga cho‘mdi. Bu tadqiq tufayli o‘zimning ham imonim ancha kuchaydi. Negaki, hech kim men bilan Muqaddas Kitob tadqiqini shu tarzda o‘tkazmagan edi. Men har bir tadqiqqa yaxshi tayyorgarlik ko‘rardim. Shu yo‘sin, avval o‘zimga, so‘ng esa o‘sha ayolga ta’lim berardim. Bu bilan haqiqatni yanada ko‘proq qadrlay boshladim. O‘zimni Yahovaga bag‘ishlaganimning ramzi sifatida, 1954- yili aprelda suvga cho‘mdim.

«TA’QIB QILINYAPMIZ, LEKIN TASHLAB QO‘YILMAGANMIZ»

1955- yili men Germaniya, Fransiya va Angliyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarga bordim. Londonda bo‘lganimda Albert Shryoder birodarimiz bilan tanishdim. U o‘shanda Gilad maktabida ta’lim bergan va so‘ngra Yetakchi kengash a’zosi sifatida xizmat qilgan. Britaniya muzeyiga borganda, Shryoder birodarimiz diqqatimizni Muqaddas Kitobning ba’zi qo‘lyozmalariga qaratdi. Ularda Xudoning ismi ibroniycha harflarda yozilgan edi. Akamiz ularning muhimligini bizga tushuntirdi. Bu menga hissan va ma’nan ta’sir qilib, Xudo Kalomidagi haqiqatni tarqatish qarorimni yanada kuchaytirdi.

Hamkorim bilan (o‘ngda) Mistelbachda (Avstriya) maxsus kashshof bo‘lganimizda

1956- yili 1- yanvardan kashshof bo‘lib xizmat qila boshladim. To‘rt oy o‘tgach, Avstriyada maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilish uchun taklif etildim. O‘shanda men xizmat qilgan Mistelbach shahrida Yahovaning Shohidlari yo‘q edi. Buning ustiga, o‘zgacha qiyinchiliklarga duch keldim. Gap shundaki, hamkorim va men har xil edik. Men shaharlik taxminan 19 yashar qiz edim, u esa 25 yoshda va qishloqdan edi. U sahar ertalab uyg‘onishni yoqtirar edi, men esa aksini. Men kech yotardim, u bo‘lsa erta. Shunday bo‘lsa-da, Muqaddas Kitob maslahatlariga amal qilib, kelishishga intildik. Natijada, hamkorlar sifatida muvaffaqiyatga erishdik.

Lekin boshqa jiddiyroq muammolarga ham uchraganmiz. Garchi ba’zi ta’qiblarga ro‘baro‘ kelgan bo‘lsak-da, «tashlab qo‘yilmagan» edik. (2 Kor. 4:7–9) Bir kuni qishloqda va’z qilib yurganimizda, odamlar itlarini qo‘yib yuborishgandi. Katta itlar vovullab, irillab bizni o‘rab oldi. Hamkorim ikkimiz qo‘llarimizni ushlab, men: «Yahova, iltimos, ular bizga hujum qilsa, darrov o‘laylik!» — deb ibodat qildim. Ular bizga yaqinlashib to‘xtadi-da, dumini likillatib ketib qoldi. Shunda bizni Yahova himoya qilganini his etdik. So‘ng va’z qilishda davom etdik. Baxtimizga, odamlar bizni juda yaxshi tinglashdi. Ehtimol, itlar bizga ziyon yetkazmaganidan yoki bu qo‘rqinchli vaziyatda taslim bo‘lmaganimizdan o‘sha odamlar hayron qolgandir. Ularning ayrimlari vaqt o‘tib Yahovaning Shohidi bo‘ldi.

Yana bir mushkul vaziyat bo‘lgan. Bir kuni uyimizning egasi mast bo‘lib, bizni qo‘ni-qo‘shnilarni bezovta qilayotganlikda aybladi va o‘ldiraman, deb dag‘dag‘a qildi. Xotini uni tinchlantirishga urindi, ammo bu ish bermadi.  Xonamizdan hammasi eshitilib turardi. Darrov stullarni eshikka tirab, narsalarimizni yig‘ishga tushdik. Eshikni ochib qaraganimizda esa, u kishi zinaning tepasida katta pichoq ushlab turgan ekan. U yerga boshqa qaytmaslik uchun hamma narsalarimizni olib, orqa eshikdan qochib ketdik.

Biz mehmonxonaga borib joylashdik. U yerda bir yilcha yashadik va bu joy xizmatimiz uchun juda qulay bo‘ldi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘sha mehmonxona shahar markazida edi va Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan ayrim kishilar uchun u yer qulay bo‘lgan. Xonamizda kitob tadqiqi va har hafta «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining muhokamasi o‘tardi va deyarli 15 ta kishi kelardi.

Mistelbachda bir yildan ko‘proq vaqt davomida yashadik. Keyin men Grasning janubi-sharqidagi Feldbach shahriga tayinlandim. Bu yerda yangi hamkorim bor edi, ammo jamoat yo‘q edi. Biz yog‘och uyning ikkinchi qavatidagi kichkina xonada yashardik. Shamol yog‘ochlar orasidagi teshiklardan guvullab kirardi. Shuning uchun teshiklarni gazetalar bilan bekitib qo‘yardik. Suvni ham quduqdan tashirdik. Lekin bu arzigulik edi. Bir necha oy ichida bitta guruh paydo bo‘ldi. Hatto bir oilaning taxminan 30 ta a’zosi Yahovaning xizmatchisi bo‘ldi!

Shu kabi vaziyatlar tufayli, Shohlik payida bo‘lganlarga Yahova ishonchli madad berishini ko‘proq qadrlay boshladim. Hatto odam yordam bera olmasa-da, Yahova doim biz bilan. (Zab. 121:1–3)

XUDO «ADOLATLI O‘NG QO‘LI BILAN» QO‘LLAB-QUVVATLAYDI

1958- yili Nyu-York shahridagi Yanki va Polo Graunds stadionlarida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tishi kerak edi. Men ham u yerga bormoqchi edim va Avstriya filialidagilar Gilad maktabining 32- sinfida o‘qiysizmi deb so‘rashdi. Bunday sharafni qanday rad eta olardim?! Taklifga darrov: «Ha!» — deb javob berdim.

Giladda Martin Pyotsinger birodarimiz bilan yonma-yon o‘tirardik. U fashistlar konslagerlarida dahshatli voqealarni boshdan kechirgan edi. Bu akamiz ham Yetakchi kengash a’zosi bo‘lib xizmat qilgan. Dars paytida, Martin gohida pichirlab: «Erika, nemis tilida bu qanday bo‘ladi?» — deb savol berardi.

 O‘qishimiz yarmiga kelganda, Neytan Norr biz tayinlangan hududlarni e’lon qildi. Men Paragvayga tayinlandim. Juda yosh bo‘lganim bois, u yerga borishim uchun otamning ruxsati talab etilardi. Ruxsat olgach, 1959- yili martda Paragvayga yetib keldim. Men Asunson shahriga tayinlanib, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar turadigan uyda yangi hamkorim bilan yashaydigan bo‘ldim.

Ko‘p o‘tmay, Gilad maktabining 30- sinfini bitirgan Valter Brayt ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bilan tanishdim. So‘ng biz turmush qurdik va endi hayotdagi qiyinchiliklarni birgalashib qarshi olishimiz mumkin edi. Qanday muammoga duch kelishimizdan qat’i nazar, Ishayo 41:10 da: «Hech qo‘rqma, Men sen bilanman. Dahshatga tushma, Men sening Xudoyingman. Senga kuch ato etaman»,— deb aytgan Yahovaning va’dasini o‘qirdik. Bu, Tangriga sodiq qolishga intilib, Shohlikni birinchi o‘ringa qo‘ysak, U bizni hech qachon tark etmasligiga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytirdi.

Vaqt o‘tib, Braziliyaning chegarasidan uzoq bo‘lmagan hududga tayinlandik. U yerdagi ruhoniylar yoshlarni to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bilan yashaydigan uyimizni toshbo‘ron qilishga gijgijlashdi. Bu uy shundoq ham yaxshi holatda emas edi. O‘shanda Valter politsiya boshlig‘i bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlagan edi. Bu kishi uyimizni bir hafta mobaynida qo‘riqlash uchun xodimlarni tayinladi va dushmanlarimiz bizni boshqa bezovta qilmadi. Ko‘p o‘tmay, Braziliyaning chegarasiga yaqinroq bo‘lgan qulayroq hududga ko‘chib o‘tdik. Shu bois, biz Paragvayda ham, Braziliyada ham yig‘ilishlar o‘tkaza olardik. O‘sha hududni tark etayotganimizda esa u yerda ikkita kichik jamoat bor edi.

Valter bilan Asunsonda (Paragvay) to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylik xizmatida

YAHOVA MENI QO‘LLAB-QUVVATLASHDA DAVOM ETYAPTI

Shifokorlar farzand ko‘ra olmasligimni aytishgan edi, ammo 1962- yili kutilmagan yangilikdan xabardor bo‘ldik! Natijada, Gollivudga (Florida) Valterning oilasiga yaqin joyga ko‘chib o‘tdik. Bir necha yil mobaynida Valter ikkimiz kashshoflik qila olmadik. Chunki oilamizga g‘amxo‘rlik qilishimiz lozim edi. Shunday bo‘lsa-da, biz Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishga harakat qilardik. (Mat. 6:33)

1962- yili noyabrda Floridaga ko‘chganimizda, mahalliy aholi qora va oq tanli kishilar bitta joyda yig‘ilishini yoqtirmagani bois, birodarlarimiz yig‘ilishlarni bir-biridan alohida o‘tkazib, ajratilgan hududlarda va’z qilayotganini bilib hayron qoldik. Biroq Yahova odamlarni irqlarga bo‘lmaydi va tez orada o‘sha jamoatlar birlashdi. Shubhasizki, bunda Yahovaning ko‘magi bor, zero u yerda hozir ko‘pgina jamoatlar mavjud.

Ming afsuski, Valter 2015- yili miya saratoni tufayli hayotdan ko‘z yumdi. U 55 yil davomida ajoyib turmush o‘rtoq bo‘lib, Yahovani yaxshi ko‘rardi va anchagina birodarlarga yordam berardi. Tirilish bo‘lganda uni yana sog‘lom ko‘rishni orziqib kutyapman. (Havor. 24:15)

40 yildan oshiq to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etganimdan va ko‘p xursandchiligu barakalar topganimdan minnatdorman. Misol uchun, Valter bilan 136 ta kishi suvga cho‘mishiga ko‘maklashdik. Albatta, ayrim qiyinchiliklarni ham boshdan kechirdik. Lekin hech qachon ularni sodiq Xudoyimizga xizmat qilishni to‘xtatish uchun sabab deb bilmaganmiz. Aksincha, U barchasini o‘z vaqtida va xohlaganday hal qilishiga ishonib, Unga yanada yaqinlashdik. Ha, Xudo aynan shunday qildi! (2 Tim. 4:16, 17)

Valterni juda ham sog‘inaman, lekin kashshoflik xizmati menga yordam beryapti. Boshqalarga tirilish haqidagi umid to‘g‘risida ta’lim berish menga ayniqsa kuch ato etadi. Darhaqiqat, sanab o‘tganimdan ham ko‘proq marotaba Yahova meni tark etmagan. O‘z va’dasida turib, U meni qo‘llab-quvvatladi, himoyaladi va «adolatli o‘ng qo‘li bilan» ushlab turdi. (Ishayo 41:10)