Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

U Allohning marhamatiga ega bo‘lishi mumkin edi

U Allohning marhamatiga ega bo‘lishi mumkin edi

BIZ Tangri Yahovaga xizmat qilamiz va Uning marhamatiga ega bo‘lishni istaymiz, shunday emasmi?! Xo‘sh, Alloh qanday insonlarga marhamat ko‘rsatib, baraka yog‘diradi? Qadimda ba’zilar jiddiy gunohga qo‘l urgan bo‘lsa-da, Uning marhamatiga sazovor bo‘la olgan. Ammo boshqalar ajoyib fazilatlari bo‘lishiga qaramay, Xudoning marhamatiga ega bo‘la olmagan. Shunday savol tug‘ilishi mumkin: «Yahova har birimizda nimani ko‘radi?» Yahudo shohi Raxabomning misolini ko‘rib chiqish mazkur savolga javob topishga yordam beradi.

BOSHLANISHI YOMON EDI

Raxabomning otasi Isroilda 40 yil hukmronlik qilgan Sulaymon edi. (3 Shoh. 11:42) Sulaymon mil. avv. 997-yili hayotdan ko‘z yumdi. Shunda Raxabom shoh sifatida moylanish uchun Quddusning shimolidan Shakamga bordi. (2 Sol. 10:1) U taxtni egallashdan qo‘rqqanmi? Axir Sulaymon tengi yo‘q donoligi bilan tanilgan edi. Tez orada Raxabom ham qiyin muammolarni hal qilish uchun yetarlicha dono ekanini ko‘rsatishi kerak edi.

Raxabom davrida Isroildagi vaziyat tarang edi. Vaqt o‘tgach, xalq vakillari kelib tashvishlarini unga ochiqchasiga ayon qilishdi: «Otangiz bo‘ynimizga og‘ir bo‘yinturuq solgan edi. Ammo otangiz zimmamizga ortgan bu sermashaqqat ishni va og‘ir bo‘yinturuqni yengillatsangiz, sizga xizmat qilamiz». (2 Sol. 10:3, 4)

Raxabom muhim qaror oldida turgan edi. Bordi-yu, xalqning talablarini bajarsa, u va uning oilasi hamda saroyidagilar ba’zi hashamatli narsalardan voz kechishi va odamlardan kamroq soliq talab qilishi mumkin edi. Boshqa tarafdan, agar xalqning iltimosini rad etsa, isyon ko‘tarilishi ehtimoli bor edi. Qiziq, u qanday yo‘l tutdi? Avval u Sulaymonga xizmat qilgan oqsoqollar bilan maslahatlashdi. Biroq keyin yosh Raxabom tengdoshlariga maslahat soldi. Ularning maslahatiga ko‘ra, xalqqa zulm o‘tkazmoqchi bo‘ldi va quyidagicha javob qaytardi: «Men bo‘yinturug‘ingizni yanada og‘irroq qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan savalagan bo‘lsa, men sizlarni tikanli qamchi bilan savalayman». (2 Sol. 10:6–14)

Qanday saboq oldingiz? Aniqki, yoshi kattalarga, ma’nan yetuk kishilarga quloq solish ko‘pincha oqilonadir. Ular qarorlar qanday natija olib kelishi mumkinligi borasida tajribaga ega bo‘lgani bois, bizga yaxshi maslahat beradi. (Ayub 12:12)

«ULAR YAHOVANING SO‘ZLARIGA QULOQ SOLDI»

Raxabom chiqargan qarordan so‘ng xalq isyon ko‘tardi. Shu bois, u o‘z qo‘shinini yig‘di. Ammo Yahova vaziyatga aralashib Shamayo payg‘ambar  orqali shunday dedi: «Isroillik birodarlaringizga qarshi jang qilgani bormanglar. Bu voqealar yuz berishiga Men yo‘l qo‘yganim uchun hammangiz uy-uyingizga tarqaling». (3 Shoh. 12:21–24) *

Hech qanday urushsiz-a?! Bu Raxabomni qanchalar tashvishlantirganini bir tasavvur qiling! Odamlarni «tikanli qamchi» bilan jazolashini aytgan, lekin isyon ko‘targanlarga yon bergan shoh haqida boshqalar nima deb o‘ylaydi? (2 Solnomalar 13:7 ni solishtiring.) Shunga qaramay, shoh va uning qo‘shini «Yahovaning so‘zlariga quloq solib, Yahova aytganiday uylariga qaytib ketishdi».

Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Boshqalarga kulgili tuyulsa ham Xudoga itoatli bo‘lsak, oqilona yo‘l tutamiz. Itoatkorlik Allohning marhamatiyu barakasiga yetaklaydi. (Qonun. 28:2)

Raxabom qanday natijaga erishdi? U paydo bo‘lgan yangi xalqqa qarshi chiqish rejasidan itoatkorlik ila voz kechib, e’tiborini hukmi ostidagi Yahudo va Benyamin qabilasining hududlarida shaharlar qurishga qaratdi. U bir nechta shaharlarni «g‘oyat» kuchaytirdi. (2 Sol. 11:5–12) Eng muhimi, u muayyan vaqt davomida Yahovaning amrlariga amal qildi. Yorubomning boshqaruvi ostidagi o‘n qabilali Isroil shohligi butparastlikka to‘lib-toshganida, u yerdagi ko‘plar haq topinish tarafini egallash maqsadida Quddusga kelib, «Raxabomni qo‘llab-quvvatlashdi». (2 Sol. 11:16, 17) Shunday qilib, Raxabom itoatkor bo‘lgani tufayli uning shohligi mustahkamlandi.

GUNOH VA TAVBA

Biroq shohligi mustahkam bo‘lgach, Raxabom kutilmagan tarzda yo‘l tutdi. U Yahovaning amrlariga quloq solmay, butparastlikka berildi. Nega? U ommonlik bo‘lgan onasining ta’siri tufayli shunday yo‘l tutganmi? (3 Shoh. 14:21) Buning sabablari nima bo‘lishidan qat’i nazar, butun xalq unga ergashdi. Garchi Raxabom shaharlarni mustahkamlagan bo‘lsa-da, Yahova Misr shohi Shishax Yahudoning ko‘pgina shaharlarini bosib olishiga yo‘l qo‘ydi. (3 Shoh. 14:22–24; 2 Sol. 12:1–4)

Vaziyat shunday tus oldiki, Shishax Raxabom hukmronlik qilayotgan Quddusgacha yetdi. Shunda Alloh Shamayo payg‘ambar orqali Raxabomga va uning beklariga quyidagi xabarni yetkazdi: «Sizlar Meni tark etganingiz bois, Men ham sizlarni tark etib, Shishaxning qo‘liga topshiraman». Xo‘sh, mazkur xabarga Raxabom qanday munosabat bildirdi? Juda yaxshi! Muqaddas Kitobda mana shu so‘zlarni o‘qiymiz: «Isroil beklari bilan shoh buni eshitgach, Tangrining oldida bo‘yin egib: “Yahova adolatlidir”,— deb aytishdi». Shu bois, Yahova Raxabomni va Quddusni vayronagarchilikdan asradi. (2 Sol. 12:5–7, 12)

Bundan keyin Raxabom janubiy shohlik ustidan hukmronlik qilishda davom etdi. O‘limidan oldin u ko‘pgina o‘g‘illariga saxiylik ila hadyalar qildi. Ehtimol, Raxabom o‘g‘illari taxtni egallaydigan Abiyoga qarshi isyon ko‘tarmasligi uchun harakat qilgandir. (2 Sol. 11:21–23) Shu yo‘sin, Raxabom oldin namoyon etmagan fahm-farosatni ko‘rsatdi.

YAXSHIMI YOKI YOMONMI?

Garchi Raxabom ba’zi yaxshi ishlar qilishga uringan bo‘lsa-da, Muqaddas Kitobda u «yomon ishlarga qo‘l urdi» deb aytilgan. Nega deganda, u «qalbida Yahovani izlashga qat’iy qaror qilmagan edi». (2 Sol. 12:14)

Shoh Dovuddan farqli ravishda Raxabom Yahova bilan kuchli munosabatlarni rivojlantirmadi

Raxabomning misolidan nimani o‘rgansak bo‘ladi? Raxabom muayyan vaqt davomida Xudoga itoatkor bo‘lgan. U Yahovaning xalqi uchun ba’zi yaxshi ishlar qilgan. Lekin Rahabom Yahova bilan kuchli munosabatlarni va Uni mamnun qilish istagini rivojlantirmagan. Shuning uchun ham u yomon ishlarga qo‘l urib, soxta xudolarga sajda qilgan. Balki qiziqayotgandirsiz: «Raxabom qilgan xatolaridan pushaymon bo‘lgani va Xudoni mamnun qilishni istagani tufayli Unga itoatli bo‘lganmi? Yoki boshqalarning gapiga quloq solib shunday yo‘l tutganmi?» (2 Sol. 11:3, 4; 12:6) Gap shundaki, keyin u yana yomon ishlarga qo‘l ura boshlagan. U bobosi shoh Dovuddan qanchalar farq qilgan-a?! To‘g‘ri, Dovud xatolar qilgan. Ammo u qilmishlaridan chin dildan tavba qilgan va butun hayoti davomida Yahovani hamda haq topinishni sevgan. (3 Shoh. 14:8; Zab. 51:1, 17; 63:1)

 Ha, Raxabomning misolidan saboqlar olsak bo‘ladi. Oilamizni ta’minlayotganimiz hamda Yahovaning xizmatida muayyan maqsadlar sari intilayotganimiz maqtovga sazovor. Lekin Xudoning marhamatiga ega bo‘lish uchun eng asosiysi haq topinishni qo‘llab-quvvatlashimiz va bu yo‘lda mahkam turishimiz kerak.

Yahovaga nisbatan chuqur sevgini rivojlantirsak, buni qila olamiz. Masalan, gulxan o‘chmasligi uchun unga o‘tin tashlab turish kerak bo‘lganidek, biz ham Muqaddas Kitobni muntazam tadqiq qilish, o‘qiganlarimiz ustida mulohaza yuritish va doim ibodat qilish orqali Yahovaga bo‘lgan sevgimizni alangalatib turishimiz lozim. (Zab. 1:2; Rim. 12:12) O‘z navbatida, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz barcha ishlarimizda Uni mamnun qilish istagini uyg‘otadi. Shuningdek, bu sevgi xatolarga yo‘l qo‘yganimizda chin dildan tavba qilib, Yahovadan kechirim so‘rashimizga undaydi. Raxabomdan farqli o‘laroq, biz haq topinishda sadoqatli qolamiz. (Yahd. 20, 21)

^ 9- x.b. Sulaymonning sadoqatsizligi tufayli Xudo shohlik bo‘linishini bashorat qilgan edi. (3 Shoh. 11:31)