Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 TARJIMAI HOL

Yahova bizga «yaxshilik qildi»

Yahova bizga «yaxshilik qildi»

RAFIQAM Daniel va men mehmonxonaning qabulxonasida ro‘yxatdan o‘tganimizdan keyin ro‘yxatchi menga: «Janob, chegara politsiyasiga qo‘ng‘iroq qila olasizmi?» — deb aytdi. Bir necha soat avval biz 1970-yillarda faoliyatimiz man etilgan Afrikadagi Gabon shahriga kelgandik.

Daniel chaqqonlik ila qulog‘imga: «Qo‘ng‘iroq qilishga hojat yo‘q, ular shu yerda!» — deb pichirlab aytdi. Qarasak, mehmonxonaning qarshisida mashina turgan ekan. Bir necha daqiqadan so‘ng hibsga olindik. Yaxshiyamki Daniel meni ogohlantirib qo‘ydi, chunki ba’zi hujjatlarni boshqa birodarimizga berib yuborishga ulgurdim.

Polisiya mahkamasiga ketayotganimizda, qanday baxtli odamman-a deb o‘yladim, chunki xotinim juda jasoratli va ma’naviy edi. Bu Daniel bilan yakdillik ila hamkorlik qilganimizning yagona misoli emas. Keling, voizlik faoliyatimiz taqiq ostida bo‘lgan mamlakatlarga nega borganimizning sababini tushuntirib beraman.

YAHOVA MEHR ILA KO‘ZLARIMNI OCHDI

Men 1930-yili Fransiyaning shimolidagi Krua nomli kichik shaharda katoliklar oilasida tug‘ilganman. Oila a’zolarimiz har hafta messaga (maxsus diniy marosim) borishardi, otam esa cherkovdagi ishlar bilan band bo‘lardi. Lekin taxminan 14 yoshligimda bir vaziyat tufayli ko‘zim ochildi, cherkovdagi ikkiyuzlamachilikni ko‘rdim.

Ikkinchi jahon urushi paytida Fransiya Germaniya tomonidan bosib olingan edi. Vishi shahrining rahbariyati nasistlar tarafdorlari edi, bitta ruhoniy esa da’vatlarida ularni qo‘llab-quvvatlashga doim undagan edi. Uning da’vatlarini eshitib dahshatga tushardik. Fransiyadagi ko‘pchilik kabi biz ham BBS (bi-bi-si) radiosida sobiq ittifoqchilar tomonidan tayyorlangan yangiliklarni yashirincha eshitardik. Keyinchalik o‘sha ruhoniy o‘zini boshqacha tuta boshladi va 1944-yili sentabrda sobiq ittifoqchilar qozongan g‘alaba munosabati bilan diniy marosim uyushtirishni tashkillashtirdi. Bu ikkiyuzlamachilikdan hayron qoldim va cherkovga bo‘lgan munosabatim umuman o‘zgardi.

Urushdan ko‘p vaqt o‘tmay, otam hayotdan ko‘z yumdi. Opam turmushga chiqib, Belgiyada yashardi, men esa onamga g‘amxo‘rlik qilardim. To‘qimachilik sanoatida ishlardim. Ish boshqaruvchim va uning o‘g‘illari katoliklar edi. Garchi bu ishim juda yaxshi bo‘lsa-da, tez orada qiyinchilikka duch keldim.

Opam Simona Yahovaning Shohidi bo‘lib, 1953-yili biznikiga mehmonga keldi. Muqaddas Kitob asosida u otashli do‘zax, uchlik va o‘lmas jon kabi katoliklarning ta’limotlari soxta ekanini mohirlik ila tushuntirib berdi. Avvaliga u  katoliklarning Muqaddas Kitobidan foydalanmayapti deb bahslashdim, ammo ko‘p o‘tmay, aytganlari haqiqat ekaniga amin bo‘ldim. Keyinchalik u menga «Qo‘riqchi minorasi»ning eski sonlarini berdi. Kechasi bilan ularni o‘qib chiqdim. Bu haqiqat ekanini darrov tushundim. Lekin Yahovaning Shohidi bo‘lsam, ishimdan ayrilib qolishdan qo‘rqardim.

Bir necha oy davomida men Muqaddas Kitobni va «Qo‘riqchi minorasi»dagi maqolalarni o‘zim tadqiq qilardim. Oxiri Yig‘ilish zaliga borishga qaror qildim. Jamoatdagi yoqimli ruhiyat menga juda ta’sir qildi. Olti oy mobaynida tajribali birodarimiz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tgach, 1954-yili sentabrda suvga cho‘mdim. Onam bilan singlim ham Yahovaning Shohidi bo‘lishganidan xursandman.

TO‘LA VAQTLI XIZMATDA YAHOVAGA TAYANISH

Men 1958-yili Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanga borish sharafiga ega bo‘ldim. Ming afsuski, undan bir necha hafta oldin onam hayotdan ko‘z yumdi. U yerdan qaytganimda, oilaviy mas’uliyatlarim bo‘lmagani bois ishimdan bo‘shadim va kashshoflikni boshladim. O‘sha paytlarda g‘ayratli kashshof Daniel Deli bilan unashtirildik, 1959-yili mayda esa turmush qurdik.

Oila qurishimizdan oldin Daniel uyidan uzoq bo‘lgan Bretanda to‘la vaqtli xizmatini boshlagan edi. Katoliklar yashaydigan o‘sha qishloq hududlariga velosipedda borib, va’z qilish uchun u jasoratli bo‘lishi kerak edi. Men singari u ham ishimiz shoshilinch ekanini tushunardi; oxirat kelishiga juda oz vaqt qolganini his qilardik. (Mat. 25:13) Uning fidoyi ruhi to‘la vaqtli xizmatimizni davom ettirishimizga yordam bergan.

Turmush qurganimizdan bir necha kun o‘tib, men tuman noziri etib tayinlandim. Juda oddiy hayot kechirishga ko‘nikdik. Ilk bor tashrif buyurgan jamoatda 14 ta va’zgo‘y bo‘lib, ularning uyida tunab qolishga imkon yo‘q edi. Shuning uchun Yig‘ilish zalida matraslarda uxlardik. To‘g‘ri, bu qulay yoki juda zo‘r bo‘lmagan, biroq belimiz uchun maza edi.

Jamoatlarga mana shu mashinada tashrif buyurganmiz

Ishlarimiz rosa ko‘p bo‘lishiga qaramay, Danielga xizmatimizning bu turi yoqardi. U ko‘pincha mashinamizda o‘tirib oqsoqollarning rejalashtirilmagan uchrashuvi tugashini kutardi, lekin hech qachon nolimas edi. Bu xizmat turida bor-yo‘g‘i ikki yil o‘tkazib, er-xotin o‘zaro rostgo‘ylik ila suhbatlashishi va hamkorlik qilishi o‘ta muhim ekanini bilib oldik. (Voiz 4:9)

YANGI TOPSHIRIQ

1962-yili bizni Bruklinga (Nyu-York), Gilad maktabining 37- sinfiga o‘n oy davom etgan o‘qishga taklif qilishdi. 100 ta o‘quvchi, ular qatorida 13 ta juftlik bu maktabda o‘qish sharafiga ega bo‘ldi. Imon ustunlari bo‘lmish Frederik Frens, Yulissis Glass va Aleksandr Makmillan birodarlarimiz bilan muloqot qilganimiz hali ham yodimda.

Daniel bilan birga Gilad maktabidamiz

O‘qiyotganimizda kuzatuvchan bo‘lish qobiliyatimizni charxlashga undalganmiz. Gohida shanba kuni kunduzi darsdan keyin Nyu-York Sitiga borib, obidalarni ko‘zdan kechirish o‘qish dasturiga kirardi. Ko‘rganlarimizni esa dushanba kuni darsda yozib berishimiz kutilardi. Ko‘pincha  shanba kuni kechki payt uyga charchab kelardik, lekin biz bilan sayr qilish uchun tayinlangan baytilchi insho yozganimizda asosiy fikrlarni eslashimiz uchun takrorlash savollarni berardi. Bir safar shanba kuni hammamiz aylanish uchun shaharga bordik. Meteor bilan meteoritlar orasida qanday farq borligini bilish uchun observatoriyaga bordik. Amerika tabiatshunoslik tarixi muzeyida esa alligator va timsoh o‘zaro qanday farq qilishini bilib oldik. Baytilga qaytayotganimizda, o‘sha baytilchi bizdan: «Xo‘sh, meteor bilan meteoritlar orasida qanday farq bor?» — deb so‘radi. Daniel qattiq charchaganidan: «Meteoritlarning tishi kattaroq ekan»,— deb javob berdi.

Afrikadagi sodiq imondoshlarimiznikiga tashrif buyurish bizga yoqardi

Fransiya filialida xizmat qilishga tayinlanish biz uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. U yerda 53 yildan oshiq vaqt davomida xizmat qildik. 1976-yili men Filial qo‘mitasi raisi etib va voizlik faoliyatimiz man etilgan yoki cheklangan Afrika hamda Yaqin Sharq mamlakatlariga tashrif buyurishga tayinlandim. Shu yo‘sin biz Gabonga bordik va yuqorida tilga olingan voqea o‘shanda yuz bergan. Rostini aytsam, ushbu sharafli topshiriqlarimni qanday bajaraman ekan deb doim tashvishlanardim. Biroq sevikli xotinimning ko‘magi bilan barini bajara oldim.

Teodor Yarach Parijda 1988-yili so‘zlagan «Xudoning adolati» nomli nutqni tarjima qilyapman

OG‘IR QIYINCHILIK

Eng boshidan Baytildagi xizmatimizni yoqtirib qoldik. Daniel Gilad maktabidan oldin besh oy davomida ingliz tilini o‘rganib olgan edi va Baytilda adabiyotlarimizni mohirlik ila tarjima qilardi. Baytildagi xizmatimizdan tashqari, jamoatdagi ishlar bilan band bo‘lish ham bizni yanada baxtli qildi. Esimda bor, Parij metrosida Daniel ikkovimiz tunda charchab uyga qaytardik, lekin Muqaddas Kitob tadqiqlarini birga o‘tkazib kelganimizdan baxtiyor edik. Ming afsuski, kutilmaganda Danielning sog‘ligi yomonlashib, u xohlaganday faol xizmat qilishiga to‘sqinlik tug‘dirdi.

1993-yili unga ko‘krak saratoni deb tashxis qo‘yishdi. Davolanish jarayoni, jumladan, jarrohlik va kimyoterapiya muolajalari ham juda og‘ir kechdi. O‘n besh yildan so‘ng saraton takrorlandi, bu galgisi oldingisidan ham kuchliroq edi. Lekin u tarjimonlik ishini shunchalik qattiq yaxshi ko‘rganki, sog‘ligi yo‘l qo‘yganda vazifasiga kirishardi.

Daniel og‘ir kasallikka chalingan bo‘lsa-da, Baytildagi xizmatimizni to‘xtatish xayolimizga ham kelmagan. Albatta kasallik tufayli Baytilda o‘zgacha qiyinchiliklarga duch keldik, ayniqsa, boshqalar vaziyatimizni oxirigacha tushunmaganda bu oson emas edi. (Hik. 14:13) Yoshi 75 dan oshib qolgan bo‘lsa-da, Danielning tashqi ko‘rinishidan kasalligi bilinmas edi. O‘ziga rahm qilib o‘tirmas edi. Aksincha, boshqalarga yordam berardi. U o‘zgalarni tinglab, dardiga sherik bo‘lardi. (Hik. 17:17) Daniel hech qachon boshqalarga maslahatlar berib yurmas edi. Ammo tajribasi bilan bo‘lishib, saratonga yo‘liqqan ko‘pgina opa-singillarimizga kasallikdan qo‘rqmaslikka yordam bergan.

Bundan tashqari boshqa qiyinchiliklar ham paydo bo‘ldi. Daniel to‘la vaqtli xizmatini to‘xtatganda, butun e’tiborini menga ko‘maklashishga qaratgan. Azizam hayotimni yengillashtirish uchun ko‘p harakat qilgan. Shu tufayli 37 yil mobaynida  Filial qo‘mitasi raisi bo‘lib xizmat qila oldim. Masalan, Daniel har kuni kechki ovqatni tayyorlab qo‘yardi va biz dam olib birga vaqt o‘tkazardik. (Hik. 18:22)

TASHVISHLARNI YENGISH

Daniel doim ijobiy nuqtai nazarga ega bo‘lib, hayotni yaxshi ko‘rardi. Vaqt o‘tgach, u uchinchi marta saratonga yo‘liqdi. Ruhimiz tushgan edi. Kimyoterapiya va rentgen nurlari bilan davolash muolajalari dastidan u holsiz bo‘lib, gohida hatto yura olmas edi. Shunaqa tajribali tarjimon bo‘lgan aziz rafiqam zo‘rg‘a gapirayotganini ko‘rganimda, yuragimga qilich sanchilganday bo‘lardi.

Hatto o‘zimizni kuchsizday his qilganimizda, ibodat qilib, Yahova biz dosh bera olmaydigan darajada qiynalishimizga yo‘l qo‘ymasligiga ishonardik. (1 Kor. 10:13) Biz hamisha Yahova O‘z Kalomi, Baytildagi tibbiy xodimlar va birodar-u opa-singillarimiz orqali ko‘rsatayotgan yordami uchun Undan minnatdor edik.

Biz tez-tez Yahovadan davolanish muolajalarining qaysi turini tanlash borasida yo‘l-yo‘riq berishini so‘rardik. Qaysidir payt davomida biz umuman davolanmagan edik. 23 yil mobaynida Danielni davolagan shifokor nega u har bir kimyoterapiyadan so‘ng xushidan ketayotganini tushuntirib bera olmagan. U boshqa davolanish muolajalarini taklif qila olmagan. O‘zimizni yolg‘iz qolganday his qildik va keyinchalik nima bo‘lishini bilmas edik. Keyin esa boshqa onkolog Danielga yordam berishga rozi bo‘ldi. O‘shanda xuddi Yahova vaziyatga aralashib bizga yordam berganday edi.

Biz ertangi kun tashvishlari haqida qayg‘urmaslikka o‘rgandik. Iso aytganiday, «har bir kunning o‘ziga yarasha muammolari bor». (Mat. 6:34) Qolaversa, ijobiy nuqtai nazar va hazillashib turish ham qo‘l keldi. Masalan, ikki oy mobaynida kimyoterapiya olmaganda Daniel tabassum ila: «Hozir, o‘zimni har qachongidan ham yaxshiroq his qilyapman»,— deb aytgan. (Hik. 17:22) Azob chekishiga qaramay, u yangi hamd-u sano qo‘shiqlarimizni baland ovozda kuylashni yoqtirardi.

Uning ijobiy nuqtai nazari o‘z qiyinchiliklarim bilan ham kurashishga yordam berdi. Ochig‘ini aytsam, 57 yillik turmushimiz davomida u mening turli ehtiyojlarim haqida g‘amxo‘rlik qildi. Men hatto tuxum qovurish nimaligini bilmas edim! Lekin azizamning ahvoli juda og‘irlashib ketganda, idish, kir yuvishga va oddiy taomlarni tayyorlashga o‘rgandim. Bir nechta stakan sindirdim, ammo rafiqamga yoqadigan ishlar qilish menga quvonch baxsh etardi *.

YAHOVANING YAXSHILIGI UCHUN MINNATDORMAN

Ortga qarab, sog‘lik muammolari va keksalik keltiradigan qiyinchiliklar tufayli muhim saboqlarga o‘rganganimni ko‘ryapman. Birinchidan, qanchalik band bo‘lishimizga qaramay, sevikli umr yo‘ldoshimizga g‘amxo‘rlik qilishga vaqt topish kerak. Sevikli yaqinlarimizga g‘amxo‘rlik qilayotganimizda qo‘limizdan kelganini qilib vaqtdan unumli foydalanishimiz lozim. (Voiz 9:9) Ikkinchidan, arzimagan mayda-chuyda narsalar haqida haddan ortiq tashvishlanmaslik darkor. Aks holda, kunda olayotgan ko‘pgina barakalarimizni nazardan chetda qoldirib ketishimiz mumkin. (Hik. 15:15)

To‘la vaqtli xizmatimiz haqida o‘ylaganimda, Yahova tasavvur qilganimizdan ko‘ra ko‘proq darajada barakalar yog‘dirganini rad eta olmayman. «Yahova menga yaxshilik qildi»,— deb aytgan sano bastakorining tuyg‘ulariga qo‘shilaman. (Zab. 116:7)

^ 32- x.b. Daniel Bokayyer bu maqola tayyorlanayotgan paytda hayotdan ko‘z yumdi. U 78 yoshda edi.