Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Jannatda ko‘rishguncha!»

«Jannatda ko‘rishguncha!»

Siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz. LUQO 23:43

QO‘SHIQLAR: 19, 55

1, 2. Jannat haqida qanday fikrlar mavjud?

BU JUDA ham ajoyib hodisa edi! Koreyaning Seul shahrida bo‘lib o‘tgan anjumandan so‘ng chet ellik mehmonlar ketayotganda mahalliy va’zgo‘ylar ularni o‘rab olgan edi. Ko‘plari mehmonlarga: «Jannatda ko‘rishguncha!» — deya xayrlashardi. Qiziq, ular qaysi jannat haqida aytishgan?

2 Turli odamlar uchun jannat har xil ma’nolarga ega. Ba’zilar uchun bu ertak. Ayrimlar uchun esa huzur-halovat qilib yashashga mo‘ljallangan joy. Masalan, qorni och kishi biron bazimda o‘tirib ovqatlansa, o‘zini xuddi jannatdagiday his qiladi. Ko‘p yillar oldin bir ayol daladagi go‘zal gullarni ko‘rib: «Bu jannat-ku!» — deya hayqirgan. Garchi o‘sha yerda har yili 15 metrdan oshiq qor yog‘sa-da, bugungi kunda ham o‘sha joy tom ma’noda «Jannat» deb ataladi. Xo‘sh, sizningcha, jannat bu nima? U yerda yashashga umid qilyapsizmi?

3. Jannat Muqaddas Kitobda qachon tilga olingan?

3 Muqaddas Kitobda aytilishicha, o‘tmishda bo‘lgan jannat kelajakda ham bo‘ladi. Jannat haqida Muqaddas Kitobning boshidayoq yozilgan. Muqaddas Kitobning bir tarjimasida Ibtido 2:8 da  quyidagicha yozilgan: «Tangri Yahova sharq tomonda, Adan degan joyda bir bog‘ni [huzur qilish uchun jannatni, «Catholic Douay Version»] barpo qilib, O‘zi yaratgan odamni o‘sha yerga joylashtirdi». Asl matnda esa «Adan degan joyda bir bog‘» deb aytilgan. Adan so‘zining ma’nosi «rohatlanish; lazzatlanish» bo‘lib, u joy rostdan ham huzur qilib yashash uchun mo‘ljallangan. U nihoyatda chiroyli edi, yegulik mo‘l-ko‘l bo‘lib, odamlar va hayvonlar orasida tinchlik hukm surar edi. (Ibt. 1:29–31)

4. Nima uchun Adan bog‘ini jannat deb aytsa bo‘ladi?

4 «Bog‘» degan ma’noga ega ibroniycha so‘z yunonchaga paradeisos deb o‘girilgan. Bir adabiyotda yozilishicha, bu so‘zni eshitgan yunon zabon sayohatchi keng va ko‘rkam bog‘ni tasavvur qilardi, u yerda zarar keltirishi mumkin bo‘lgan hech nima yo‘q, tabiati chiroyli bo‘lib, bahaybat daraxtlar ko‘pdan-ko‘p turli mevalar keltiradi, irmoqlarda oqayotgan toza suv ularni sug‘orib turadi, dalalarda antilopa va qo‘ylar poda-poda bo‘lib o‘tlab yuradi. («The Cyclopaedia by M’Clintock and Strong») (Ibtido 2:15, 16 ni solishtiring.)

5, 6. Jannat qay yo‘sin yo‘qotilgan va bu borada qanday savol tug‘ilyapti?

5 Alloh Odamato bilan Momohavoni shu kabi jannatga joylashtirgan, lekin ular u yerdan haydalgan. Nima sababli? Chunki ular Xudoga bo‘ysunmagan. Shu yo‘sin, jannat ular va ularning avlodlari uchun yo‘qotilgan. (Ibt. 3:23, 24) O‘sha jannatda hech qanday odam qolmagan bo‘lsa-da, u Nuhning davridagi To‘fongacha mavjud bo‘lgan bo‘lsa kerak.

6 Ba’zilarda shunday savol tug‘ilishi mumkin: «Yer yuzida jannat yana barpo etilib, odamlar u yerda yashay oladimi?» Dalillar nimadan dalolat beryapti? Agar u yerda sevgan insonlaringiz bilan yashashni xohlasangiz, umid qilish uchun jiddiy asoslar bormi? Jannat bo‘lishiga amin ekaningizni tushuntirib bera olasizmi?

BO‘LAJAK JANNATGA OID DALIL

7, 8. a) Xudo Ibrohimga qanday va’da bergan? b) Xudoning va’dasi Ibrohimni nimada ishontirgan bo‘lishi mumkin?

7 Jannat haqida ishonchli javobni topish mumkin bo‘lgan kitob, bu uning Yaratuvchisi ilhomlantirgan kitobdir. Keling, Alloh do‘sti Ibrohimga nima deb aytganiga diqqat qarataylik. Xudo uning zurriyotini «dengiz sohilidagi qumday ko‘paytiraman» deb aytib, va’dasining ustidan chiqqan. «Sening zurriyoting orqali yer yuzidagi barcha xalqlar baraka topadi, chunki sen Mening aytganlarimga quloq solding». (Ibt. 22:17, 18) Tangri bu va’dasini Ibrohimning o‘g‘il-u nevaralariga takrorlagan. (Ibtido 26:4; 28:14 ni o‘qing.)

8 Muqaddas Kitobda Ibrohim osmonda jannat bo‘lib, odamlar o‘sha yerda mukofotni oladi deb o‘ylagani haqida hech nima yozilmagan. Demak, Xudo «yer yuzidagi barcha xalqlar baraka topadi» deganda, Ibrohim ushbu barakalar yer yuzida bo‘ladi deb to‘g‘ri xulosaga kelgan. Bu Xudoning va’dasi edi, shuning uchun «yer yuzidagi barcha xalqlar» u yerdagi hayotdan zavq olishi mumkin. Qiziq, yer yuzida jannat bo‘lishi haqida Muqaddas Kitobda yana biror dalil bormi?

9, 10. Qanday bashoratlar tufayli bo‘lajak barakalar amalga oshishiga ishona olamiz?

9 Ibrohimning avlodidan bo‘lgan Dovud kelajakda «yovuz odamlar» va «yomonlik qiluvchilar» yo‘q bo‘lib ketishi haqida yozgan. Oxir-oqibat, «yovuzlar yo‘q bo‘ladi». (Zab. 37:1, 2, 10) Ularning o‘rniga, «kamtar kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi». Dovud quyidagilarni ham bashorat qilgan: «Odil kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular yerda abadiy yashaydi». (Zab. 37:11, 29; 2 Shoh. 23:2) Xudoning irodasini bajarayotgan kishilarga bu va’dalar ta’sir qilyaptimi? Ha, bular tufayli ular bir kun kelib odil kishilar yer yuzida yashashiga va  yer yuzi Adan bog‘i kabi go‘zal jannatga aylanishiga ishonishadi.

10 Vaqt o‘tgach, Yahovaga xizmat qilayotganini ta’kidlagan ko‘pgina isroilliklar Undan va haq topinishdan yuz o‘girgan. Shunda, Tangri bobilliklar ularni asir qilishiga, yurtini vayron qilishiga va ularning ko‘pchiligini surgun qilishiga yo‘l qo‘ygan. (2 Sol. 36:15–21; Yerm. 4:22–27) Shunday bo‘lsa-da, Xudoning payg‘ambarlari 70 yil o‘tgach, Uning xalqi o‘z yurtiga qaytishini bashorat qilishgan. O‘sha karomatlar amalga oshgan. Lekin bu bizga qanday taalluqli? Ba’zi bashoratlarni ko‘rib chiqib, kelajakda yer yuzida jannat bo‘lishiga ishonishimiz uchun qanday sabab borligini bilib olamiz.

11. Ishayo 11:6–9 ilk bor qay yo‘sin amalga oshgan, lekin qaysi savol hali-hanuz ochiq qolyapti?

11 Ishayo 11:6–9 ni o‘qing. Xudo Ishayo payg‘ambar orqali Isroil xalqi o‘z yurtiga qaytishini va tinchlik bo‘lishini bashorat qilgan. Birorta hayvon yoki inson hujum qilishidan qo‘rqishga hojat yo‘q edi. Yosh-u qari himoyalangan bo‘lardi. Bu Adan bog‘ida Xudo barpo etgan muhitni esga solyapti, shunday emasmi?! (Ishayo 51:3) Ishayo shuningdek, nafaqat Isroil xalqi, balki butun yer yuzi borasida bashorat qilib, «suvlar dengizni to‘ldirgani kabi, yer yuzi ham Yahova haqidagi bilimga to‘ladi», deb aytgan. Xo‘sh, bu qachon yuz beradi?

12. a) Isroilliklar Bobildan qaytgach, qanday barakalar ko‘rishdi? b) Nega Ishayo 35:5–10 dagi so‘zlar kelajakda ham bajariladi deb ayta olamiz?

12 Ishayo 35:5–10 ni o‘qing. Bu yerda ham Ishayo yana bir bor Isroil xalqi Bobildan qaytgach, hayvonlar-u insonlardan zarar ko‘rmay yashashini ta’kidlagan. Ularning yurti ham xuddi Adan bog‘iday yaxshi sug‘orilib, mo‘l-ko‘l hosil yetishtirishi kerak edi. (Ibt. 2:10–14; Yerm. 31:12) Bu faqat o‘tmishda bajarilishi kerak bo‘lgan bashoratmidi? Shunga ham e’tibor bering, isroilliklar o‘z yurtiga qaytgach, mo‘jizaviy tarzda sog‘ayib ketgani haqida hech nima yozilmagan. Masalan, ko‘rlarning ko‘zlari ochilib ketmagan. Demak, Alloh barcha kasalliklardan kelajakda forig‘ bo‘lish mumkinligini ta’kidlagan.

13, 14. Ishayo 65:21–23 dagi bashorat qanday bajarilgan, ammo qaysi qismi amalga oshishi kerak? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

13 Ishayo 65:21–23 ni o‘qing. Yahudiylar o‘z yurtiga qaytganda, shinamgina uylari yoki ajoyib dala-yu uzumzorlari bo‘lmagan. Lekin Alloh ularga barakalar yog‘dirgani uchun, vaqt o‘tgach hammasi o‘zgardi. Bir tasavvur qiling, odamlar uylar qurib, u yerda yashaganda qanchalar baxtli bo‘lishgan! Ular o‘stirgan hosildan bahramand bo‘la olishgan.

14 Ushbu bashoratning muhim bir qirrasiga diqqat qarating. «Xalqimning umri daraxt umriday uzoq bo‘ladi». Bu amalga oshdimi? Gap shundaki, ba’zi daraxtlar minglab yillar mobaynida yashaydi. Odamlar ko‘p yashab, sog‘lom bo‘lishi kerak edi. Ular Ishayo bashorat qilganiday, xotirjam hayot kechirishi lozim edi, bu orzudagi jannatning o‘zginasi bo‘lishi kutilardi. Bu bashorat kelajakda amalga oshadi!

Iso jannat haqida bergan va’da qanday qilib bajariladi? (15-, 16- xatboshilariga qarang.)

15. Ishayo kitobida qanday barakalar karomat qilingan?

15 Hozir ko‘rib chiqayotgan va’dalar jannatda qay yo‘sin bajarilishi haqida mulohaza yuritib ko‘ring. Butun dunyo bo‘ylab yashayotgan insonlar Xudoning barakalarini ko‘radi. Hayvonlar yoki yovuz kishilar ziyon keltirishidan boshqa qo‘rqmasak ham bo‘ladi. Ko‘zi ko‘r, kar va cho‘loq insonlar shifo topadi. Odamlar o‘zi uchun uylar quradi, hosilini yetishtiradi. Daraxtlardan ham ko‘ra ko‘proq yashaydi. Ha, Muqaddas Kitobdan kelajakda ajoyib jannat bo‘lishi borasida dalillarga ega bo‘lyapmiz. Shunday taqdirda ham, ayrim kishilar bu bashoratlar yer yuzida jannat bo‘lishini anglatmaydi deb ta’kidlaydi. Ularga qanday javob berish mumkin? Yer yuzida chindan ham jannat bo‘lishini tasdiqlaydigan qanday jiddiy sabab  bor? Yer yuzida yashagan eng ulug‘ inson bu jiddiy sababni keltirgan.

JANNATDA BO‘LASIZ!

16, 17. Iso jannat haqida qaysi vaziyatda aytgan?

16 Garchi Iso benuqson bo‘lgan bo‘lsa ham, azob ustunida yahudiy jinoyatchilar bilan birga qatl etilishga mahkum etilgan. Ularning biri o‘lishidan avval Isoni shoh sifatida tan olib: «Iso, Shoh bo‘lganingizda meni eslang»,— degan. (Luqo 23:39–42) Iso bu kishiga bergan va’da Luqo 23:43 da keltirilgan bo‘lib, sizning ham kelajagingizga ta’sir qiladi. Ba’zi ilohiyotshunoslarning fikricha, bu oyatning so‘zma-so‘z tarjimasi quyidagicha: «Sizga va’da beraman, bugunning o‘zida siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz». «Bugun» so‘ziga diqqat qarating. Iso nimani nazarda tutgan? Bu borada turlicha fikrlar mavjud.

17 Bugungi ko‘p tillarda vergul kabi tinish belgilarini ishlatish yoki so‘zlarning joylarini o‘zgartirish gapning ma’nosini aniqroq tushunishga hissa qo‘shadi. Lekin o‘tmishda yunoncha qo‘lyozmalarda doim ham tinish belgilari qo‘llanilmagan. Shuning uchun quyidagicha savol yuzaga kelyapti: «Iso: “Sizga va’da beraman, bugunning o‘zida siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz”,— deb aytganmi?» Yoki u: «Bugunning o‘zida sizga va’da beraman, siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz»,— deganmi? Tarjimonlar Iso nimani nazarda tutganini o‘zlari tushungan holda so‘zlarning joyini o‘zgartiradi yoki tinish belgilarini qo‘yadi. Muqaddas Kitobning turli tarjimalarida buni ko‘rish mumkin.

18, 19. Iso nimani nazarda tutganini tushunishimizga nima yordam beryapti?

18 Endi, Iso izdoshlariga o‘limi haqida: «Inson O‘g‘li ham uch kecha-yu uch kunduz yer bag‘rida bo‘ladi»,— deb aytganini eslang. U shuningdek quyidagicha degan: «Inson O‘g‘li dushmanlarining qo‘liga tutib beriladi va ular uni o‘ldirishadi. Ammo u uchinchi kuni tiriladi». (Mat. 12:40; 16:21; 17:22, 23; Mark 10:34) Havoriy Butrus bu amalga oshganini yozgan edi. (Havor. 10:39, 40) Demak, u va yonidagi jinoyatchi o‘lgan kuni Jannatga tushmagan. Xudo Isoni tiriltirguniga qadar, u «mozorda [yoki «hadesda»]» bo‘lgan. (Havor. 2:31, 32, izoh) *

19 Xullasi kalom, Iso jinoyatchiga: «Bugunning o‘zida sizga aytyapmanki», deya va’da bergan. Muso payg‘ambarning davrida ham fikrlarni shunday tarzda ifodalash oddiy hol edi. Bir safar: «Bugun men sizlarga buyurgan bu so‘zlarni qalbingizda saqlanglar»,— deb aytgan. (Qonun. 6:6; 7:11; 8:1, 19; 30:15)

20. Iso aslida nimani nazarda tutgani borasida yana qanday dalillar bor?

20 Yaqin Sharqda yashovchi bir tarjimon Isoning javobi haqida shunday fikr bildirdi: «Ushbu oyatda “bugun” so‘ziga urg‘u berilgan va: “Bugunning o‘zida sizga aytyapmanki, siz men bilan birga Jannatda bo‘lasiz”,— deb o‘qilishi darkor. Va’da o‘sha kuni berilgan bo‘lib, keyinchalik bajarilishi kerak edi». Uning aytishicha, Sharqdagi odamlar va’da muayyan kunda berilganini va u albatta bajarilishini ta’kidlash uchun fikrlarini aynan shu tarzda ifodalagan. Beshinchi asrdagi yana bir nashrga ko‘ra, Iso: «Omin, bugun sizga aytamanki siz men bilan birga Adan bog‘ida bo‘lasiz»,— degan edi. («Syriac version») Bu va’da barchamizga dalda baxsh etmoqda.

21. Jinoyatchi bilan nima yuz bermagan va nega?

21 Iso jinoyatchiga jannatda bo‘lishini aytganda, u jannat osmonda bo‘lishini nazarda tutmagan. Sababi, bu jinoyatchi Iso sadoqatli havoriylari bilan ahd qilib, osmonda birga hukm  surishi kerakligini bilmagan. (Luqo 22:29) Buning ustiga, u kishi suvga ham cho‘mmagan edi. (Yuhan. 3:3–6, 12) Demak, Iso jinoyatchiga yer yuzidagi jannatda bo‘lishini va’da qilgan. Yillar o‘tgach, havoriy Pavlus «jannatga olib ketilgan» bir kishi haqida vahiy ko‘rganini yozgan. (2 Kor. 12:1–4) Jinoyatchidan farqli o‘laroq, Pavlus va boshqa sadoqatli havoriylar Samoviy Shohlikda Iso bilan birga hukm surish uchun tanlangan edi. Shunday bo‘lsa ham, Pavlus kelajakda bo‘ladigan, ya’ni bo‘lajak «jannat» * haqida aytgan. Bu jannat yer yuzida bo‘ladimi? Siz ham u yerda bo‘lasizmi?

NIMA KUTISHINGIZ MUMKIN?

22, 23. Nimaga umid bog‘lashingiz mumkin?

22 Yodingizda bo‘lsa, Dovud «odil kishilar yer yuziga egalik qiladi»gan payt haqida aytgan. (Zab. 37:29; 2 Butr. 3:13) Dovud yer yuzidagi barcha insonlar Xudoning adolatli me’yorlariga itoatli bo‘ladigan davrga ishora qilgan. Ishayo 65:22 da: «Xalqimning umri daraxt umriday uzoq bo‘ladi»,— deya bashorat qilingan. Bu degani odamlar minglab yillar yashaydi. Buni kutish arziydimi? Ha, Vahiy 21:1–4 dagi so‘zlarga ko‘ra, Alloh insonlarga qut-barakalar yog‘diradi. Bu barakalardan biri o‘limni yo‘qqa chiqarishdan iborat.

23 Jannatni aniqroq ko‘z o‘ngimizga keltira olyapmiz. Ilk juftlik Adan bog‘ida abadiy yashash imkoniyatini qo‘ldan boy berdi, biroq yer yuzida yana jannat bo‘ladi. Tangri va’da qilayotganday, yer yuzida insonlar ko‘p barakalar ko‘radi. Dovud ilohiy ilhom ostida kamtar va odil insonlar yer yuzida abadiy yashashini aytgan. Ishayo kitobidagi bashoratlar, yer yuzidagi ko‘rkam jannatda maza qilib yashashimiz mumkin bo‘lgan davrni intiqib kutishimizga yordam bermoqda. Bu qachon sodir bo‘ladi? Iso jinoyatchiga bergan va’dasi amalga oshganda bu yuz beradi. Siz ham bu jannatda bo‘lishingiz mumkin. O‘shanda Koreyada bo‘lgan anjumandagi imondoshlarimiz: «Jannatda ko‘rishguncha!» — degan so‘zlar amalga oshadi.

^ 18- x.b. Marvin Reyt ismli professor shunday yozgan: «Odatda “bugun” so‘zi ostida 24 soatdan iborat bir kun tushuniladi. Bu fikr Muqaddas Kitobdagi boshqa ma’lumotlarga zid, masalan, u yerda Isoning o‘limidan so‘ng hadesga “tushishi” (Mat. 12:40; Havor. 2:31; Rim. 10:7) va keyinchalik osmonga ko‘tarilishi haqida aytilgan».

^ 21- x.b. Bu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.