Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahova bilan har kuni hamkorlik qiling

Yahova bilan har kuni hamkorlik qiling

Biz Tangrining xizmatdoshlarimiz. 1 KOR. 3:9

QO‘SHIQLAR: 44, 28

1. Qay yo‘sin Yahova bilan hamkorlik qilishimiz mumkin?

YARATUVCHIMIZ niyatlariga erishishda mukammal insonlar bilan hamkorlik qilishni istagan. Garchi hozir insonlar nomukammal bo‘lsa-da, sadoqatli kishilar Yahova bilan har kuni hamkorlik qilishi mumkin. Masalan, Shohlik haqidagi xushxabarni e’lon qilib va shogird tayyorlab «Tangrining xizmatdoshlari» bo‘lamiz. (1 Kor. 3:5–9) Bir tasavvur qiling-a, Qodir Tangri muhim deb hisoblagan ishda qatnashish sharafiga egamiz! Ammo va’zgo‘ylik va shogird tayorlash ishida qatnashish Yahova bilan hamkorlik qilishning yagona yo‘li emas. Bu maqolada oilamizga va imondoshlarimizga yordamlashish, mehmondo‘st bo‘lish, tashkilotimiz dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan loyihalarda qatnashish va muqaddas xizmatimizni kengaytirishni ko‘rib chiqamiz. (Kolos. 3:23)

2. Nima sababdan Yahova uchun qiladigan ishlaringizni boshqalarniki bilan solishtirish donolik emas?

2 Ushbu maqola ustida mulohaza yuritar ekanmiz, Yahova uchun qila oladigan ishlaringizni boshqalarniki bilan solishtirmang. Shuni unutmangki, barchaning yoshi, sog‘ligi, sharoiti va qobiliyatlari bir-birinikidan farq qiladi. Havoriy Pavlus  ilohiy ilhom ostida quyidagi so‘zlarni yozgan: «Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi». (Galat. 6:4)

OILANGIZGA VA IMONDOSHLARINGIZGA YORDAMLASHING

3. Nima uchun oilasiga g‘amxo‘rlik qilayotganlar Xudo bilan hamkorlik qilyapti deb ayta olamiz?

3 Yahova xizmatchilaridan oilalariga g‘amxo‘rlik qilishlarini kutadi. Masalan, yaqinlaringizni moddiy tarafdan ta’minlash uchun ishlashingizga to‘g‘ri kelar. Ko‘pgina onalar yosh bolalariga g‘amxo‘rlik qilish uchun uyda o‘tirishadi. Yoki yordamga muhtoj ota-onamiz haqida g‘amxo‘rlik qilishimiz mumkin. Buning barchasi muhimdir. Xudoning Kalomida: «Agar kim o‘z yaqinlariga, ayniqsa uydagilariga g‘amxo‘rlik qilmasa, u imonini inkor etgan bo‘lib, imonsizdan ham battardir»,— deb yozilgan. (1 Tim. 5:8) Sizda ham shunday mas’uliyatlar bo‘lsa, Xudoning xizmatida qatnashish uchun istayotganingizdek ko‘p vaqt ajrata olmayotgandirsiz. Tushkunlikka tushmang! Zero, oilangizga g‘amxo‘rlik qilganingizda Yahova mamnun bo‘ladi. (1 Kor. 10:31)

4. Qay yo‘sin ota-onalar ma’naviy maqsadlarni ustun qo‘yishlari mumkin va buning natijasi qanday bo‘ladi?

4 Masihiy ota-onalar farzandlariga ma’naviy maqsadlar qo‘yishga yordam berib, Yahova bilan hamkorlik qiladi. Shunday yo‘l tutgan ko‘pgina ota-onalarning farzandlari hatto olisda bo‘lsa ham, to‘la vaqtli xizmatni boshlashga tayyor bo‘lgan. Ulardan ba’zilari to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y, ayrimlari esa ehtiyoj katta bo‘lgan joyda kashshof, yana boshqalari baytilchi bo‘lib xizmat qiladi. Ehtimol, masofa uzoq bo‘lgani bois, oila a’zolari ular bilan istaganidek tez-tez ko‘risha olmas. Lekin fidoyi ota-ona farzandini xizmatni to‘xtatmaslikka undaydi. Nega? Sababi ular farzandi Shohlik ishlarini birinchi o‘ringa qo‘yayotganidan ulkan quvonch va mamnuniyat his etadi. (3 Yuhan. 4) Balki bu ota-onalarning ko‘pi o‘zlarini Xanna kabi his etar. U o‘g‘li Shomuilni Yahovaga «qarzga berdim» deb aytgan. Bu ota-onalar ham bunday hamkorlikni ajoyib sharaf deb biladi. Ular farzandlari aynan shunday hayot kechirishini istaydi. (1 Shoh. 1:28, izoh)

5. Jamoatingizdagilarga qanday amaliy yordam bera olasiz? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

5 Bordi-yu, bunday mas’uliyatlaringiz bo‘lmasa, g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘lgan, kasal yoki yoshi ulug‘ imondoshlaringizga ko‘maklasha olasizmi? Jamoatingizda bunday yordamga muhtoj imondoshni topishga harakat qila olasizmi? Balki imondoshingiz boshqa yumushlarini ham bajara olishi uchun uning yoshi o‘tgan ota-onasi bilan vaqt o‘tkaza olarsiz. Yoxud yordamga muhtoj bo‘lganlarni yig‘ilishga olib borib, bozor-o‘charini qilib, uy yumushlarini bajarib ko‘maklasha olarsiz. Yoki kasalxonaga kimnidir yo‘qlagani borarsiz. Shunday yo‘l tutsangiz, Yahova bilan hamkorlik qilib, kimningdir ibodatiga javob bo‘lishingiz mumkin. (1 Korinfliklarga 10:24 ni o‘qing.)

MEHMONDO‘ST BO‘LING

6. Mehmondo‘stlik ko‘rsatish nimani anglatadi?

6 Xudoning xizmatchilari mehmondo‘stligi bilan tanilgan. Yunoncha yozuvlarda «mehmondo‘stlik» deb tarjima qilingan so‘z «begonalarga mehr» degan ma’noni anglatadi. (Ibron. 13:2, izoh) Bunday sevgini namoyon etish muhimligi borasida Xudoning Kalomida turli misollarni o‘qishimiz mumkin. (Ibt. 18:1–5) Imondoshimiz bo‘ladimi yoki yo‘qmi, boshqalarga yordam bera olamiz va buning imkoniyatlarini izlashimiz kerak. (Galat. 6:10)

7. Nima uchun to‘la vaqtli xizmatchilarni uyingizga qabul qilmoqchisiz?

 7 To‘la vaqtli xizmatchilarni uyingizga qabul qilib, Xudo bilan hamkorlik qila olasizmi? (3 Yuhanno 5, 8 ni o‘qing.) Ko‘pincha bunday imkoniyatlar tufayli o‘zaro «dalda olishingiz» mumkin. (Rim. 1:11, 12) Keling, Olafning misoliga diqqat qarataylik. Uning eslashicha, bir necha o‘n yillar avval uning jamoatida bo‘ydoq bo‘lgan tuman noziriga hech kim uyini taqdim eta olmagan. Yosh Olaf tuman noziri ularning uyida qolishi uchun Yahovaning Shohidi bo‘lmagan ota-onasidan ruxsat so‘radi. Ular rozi bo‘lishdi, faqat Olaf divanda uxlashi kerak edi. Albatta bunday o‘zgarish arzigulik edi! Olaf quyidagicha eslaydi: «Bu ajoyib hafta bo‘lgan! Tuman noziri bilan har kuni barvaqt turardik va nonushta paytida turli mavzular borasida suhbatlashardik. O‘shanda dalda olgan edim va bu meni to‘la vaqtli xizmatni boshlashga undadi». So‘nggi 40 yil davomida Olaf turli mamlakatlarda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qildi.

8. Garchi boshqalar harakatlarimizni qadrlamasa-da, nima uchun mehribon bo‘lishimiz kerak? Misol keltiring.

8 Garchi boshida begonalar harakatlaringizni qadrlamasa ham, ularga sevgingizni turli yo‘llar bilan ko‘rsatishingiz mumkin. Quyidagi misol borasida mulohaza qilib ko‘ring. Ispaniyada bir va’zgo‘y ekvadorlik Yesika bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotganda, Yesika o‘zini yig‘idan to‘xtata olmayotgan edi. Va’zgo‘y undan nima uchun yig‘layotganini so‘radi. Yesika bu yerga ko‘chishidan avval juda qashshoq bo‘lganini va bir kuni yeyishga hech vaqosi bo‘lmaganidan, qizalog‘iga faqatgina suv bera olgan ekan. Yesika qizini uxlatar ekan, yordam so‘rab Xudoga ibodat qildi. Ko‘p o‘tmay, ikkita imondoshimiz unikiga tashrif buyurdi. Lekin Yesika qo‘pol munosabat ko‘rsatib, ular taklif qilgan jurnalni yirtib tashladi. «Qizimga shuni ovqat qilib beramanmi?» — deb aytdi u. Opalarimiz unga tasalli bermoqchi edi, ammo urinishlari behuda bo‘ldi. Keyinroq ular Yesikaning eshigi tagida ovqat solingan savat qo‘yib ketishdi. Ularning mehribonligi Yesikaga ta’sir qildi. Xudo ibodatiga javob berganida, u e’tibor qilmaganidan xijolat bo‘ldi. Endi u Yahovaga xizmat qilishga qat’iy bel bog‘ladi. Darhaqiqat, imondoshlarimizning saxiyligi yaxshi ta’sir ko‘rsatdi. (Voiz 11:1, 6)

TASHKILOTIMIZ LOYIHALARIDA ISHTIROK ETING

9, 10. a) Qadimgi Isroilda ixtiyoriy xizmatchi sifatida yordam berishning qanday imkoniyati bo‘lgan? b) Bugungi kunda birodarlar jamoatga qay yo‘sin yordam bera oladi?

9 Qadimgi Isroilda turli ishlarni bajarish uchun ixtiyoriy xizmatchilar kerak bo‘lgan. (Chiq. 36:2; 1 Sol. 29:5; Naxim. 11:2) Bugungi kunda ham vaqt, mol-mulkingiz va qobiliyatlaringizdan foydalanib turli yo‘llar bilan imondoshlaringizga yordam bera olasiz. O‘zingizni taqdim etganingizdan ulkan quvonch his etib, mo‘l-ko‘l barakalarga ega bo‘lasiz.

10 Xudoning Kalomiga ko‘ra, birodarlar jamoat xizmatkori va oqsoqollar sifatida xizmat qilib, Yahova bilan hamkorlik qila oladi. (1 Tim. 3:1, 8, 9; 1 Butr. 5:2, 3) Bunday yo‘l tutishni istaganlar boshqalarga ham amaliy, ham ma’naviy yordam berishadi. (Havor. 6:1–4) Oqsoqollar sizdan yordamchi sifatida xizmat qilishni yoki adabiyot hamda hudud taqsimlash, ta’mirlash ishlari va hokazolarda ko‘maklashishni so‘raganmi? Bu kabi vazifalarni bajaradigan imondoshlarimizning aytishicha, boshqalarga yordam berish ko‘p quvonch keltiradi.

Tashkilotimiz loyihalarida ishtirok etib, yangi do‘st orttirish imkoniyatiga egasiz (11- xatboshiga qarang.)

11. Tashkilotimiz loyihalarida qatnashish tufayli bir opamiz boshqalar bilan do‘stlashib qanday foyda olgan?

11 Tashkilotimiz loyihalarida ishtirok etgan  ixtiyoriy xizmatchilar ko‘pincha yangi do‘stlar orttiradi. Masalan, 18 yil davomida Yig‘ilish zallarini qurishda ishtirok etgan Marjini olaylik. O‘sha yillar mobaynida u singillarimiz bilan hamkorlik qilib, ularga ko‘p narsani o‘rgatgan. U buni ma’nan dalda olishning ajoyib imkoniyati deb topgan. (Rim. 1:12) Hayotida qayg‘uli damlar bo‘lganida, qurilishda do‘stlashgan imondoshlari unga dalda bergan. Qurilish loyihasida ixtiyoriy xizmatchi sifatida ishtirok etganmisiz? Muayyan qobiliyatlaringiz bo‘lmasa ham o‘zingizni taqdim eta olasizmi?

12. Tabiiy ofatdan talafot ko‘rganlarga qanday yordam bera olasiz?

12 Tabiiy ofatlar yuz berganda imondoshlarimizga amaliy yordam ko‘rsatib, Alloh bilan hamkorlik qilamiz. Misol uchun, ularni moddiy tarafdan qo‘llashimiz mumkin. (Yuhan. 13:34, 35; Havor. 11:27–30) Amaliy yordam berishning yana bir yo‘li talafotdan keyin tozalash va qayta qurish ishlarida qatnashishdir. Polshalik imondoshimiz Gabrielaning uyi toshqin dastidan deyarli vayron bo‘lgan. Yaqin atrofdagi jamoatlardan birodarlarimiz unga yordam berganida u juda suyungan. Gabriela shunday deb bo‘lishdi: «Men nimalarni yo‘qotganim haqida gaplashmoqchi emasman. Bu shunchaki moddiy narsalar. Aksincha, qanchalik ko‘p narsaga ega bo‘lganim haqida bo‘lishmoqchiman. Bu voqea tufayli imonlilar jamoatining a’zosi bo‘lish o‘zgacha sharaf va quvonchu baxtiyorlik manbai ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim». Tabiiy ofatdan keyin yordam olgan ko‘plar o‘zlarini avvalgidan ham boyroq his etayotganini aytishdi. Bunday yordamni taqdim etish uchun Yahova bilan hamkorlik qilayotganlar baxtiyorlik hamda mamnuniyat his etmoqda. (Havoriylar 20:35; 2 Korinfliklarga 9:6, 7 ni o‘qing.)

13. Ixtiyoriy xizmatchi sifatida yordam berish Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizni qanday mustahkamlaydi? Misol keltiring.

13 Stefani va boshqa va’zgo‘ylar Qo‘shma Shtatlarga urush tufayli qochoqlar sifatida kelgan imondoshlariga yordam berish orqali Yahova bilan hamkorlik qilmoqda. Bu ularga quvonch baxsh etmoqda. Ushbu imondoshlarimiz qochoqlarga uy topishga va uni jihozlashga  yordam berishdi. «Ular umumjahon birodarligimizning sevgisini his etganidan quvonganini va minnatdor ekanini ko‘rib dalda oldik»,— deb aytdi Stefani. «Ularning o‘ylashicha, biz ularga yordam berdik. Aslida esa, ular bizga anchagina ko‘maklashdi. Ularning sevgisi, birligi, imoniyu Yahovaga tayanganini ko‘rib, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz kuchaydi. Qolaversa, tashkilotimiz taqdim etayotgan barcha narsa uchun minnatdorligimiz oshdi»,— deb qo‘shib qo‘ydi u.

XIZMATINGIZNI KENGAYTIRING

14, 15. a) Ishayo payg‘ambar qanday nuqtai nazarga ega bo‘lgan? b) Qay yo‘sin bugungi kunda Xudoning xizmatchilari Ishayoga taqlid qila oladi?

14 Yahova bilan yanada ko‘proq hamkorlik qilishni istaysizmi? Xizmatchilarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyga ko‘chib o‘tishga tayyormisiz? Albatta, Xudoga xizmat qilish uchun uzoq joyga ko‘chishga majbur emasmiz. Ammo ba’zi birodaru opa-singillarimizning sharoiti yo‘l qo‘ygani sababli ular olis hududga ko‘cha olgan. Ular Ishayo payg‘ambar kabi nuqtai nazarga ega. Yahova: «Kimni yuboray? Biz uchun kim boradi?» — deb so‘raganda, u: «Men boraman! Meni yubor!» — deb javob qaytargan. (Ishayo 6:8) Siz ham Yahovaning tashkilotiga yordam berishga tayyormisiz? Buni qay yo‘sin amalga oshira olasiz?

15 Va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash borasida Iso quyidagi so‘zlarni aytgan: «Hosil chindan ham mo‘l, faqat ishchilar oz. Ana shu sababdan hosilni yig‘ish uchun ishchilar yuborsin deb, hosil Egasiga iltijo qilinglar». (Mat. 9:37, 38) Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda kashshof bo‘lib xizmat qila olasizmi? Yoki imondoshingizga bunga erishishda yordam bera olasizmi? Ko‘pgina birodaru opa-singillarimizning fikricha, Xudoga va yaqinimizga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsatishning eng a’lo yo‘li hosilni yig‘ish uchun ishchilarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlarda kashshoflik qilishdir. Xo‘sh, xizmatingizni kengaytirishning boshqa yo‘llari haqida o‘ylab ko‘ra olasizmi? Bunday qilsangiz ulkan quvonch topishingiz aniq.

16, 17. Muqaddas xizmatni kengaytirishni istasangiz, buning qanday imkoniyatlari bor?

16 Baytilda yo qurilish loyihalarida vaqtincha yoki haftada bir necha kun yordam bera olasizmi? Qayerga tayinlanishidan yoki qanday vazifa berilishidan qat’i nazar, Yahovaga xizmat qilishga tayyor bo‘lgan xizmatchilarga doim ehtiyoj bor. Garchi ular muayyan qobiliyatga yoki tajribaga ega bo‘lsa-da, ular ehtiyoj bor joyga tayinlanishi mumkin. Ammo fidoyilik ruhini namoyon etib, ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish uchun o‘zini taqdim etganlarni Yahova qadrlaydi. (Zab. 110:3)

17 Muqaddas xizmatni yaxshiroq bajara olishingiz uchun ko‘proq ta’lim olishni istaysizmi? Unday bo‘lsa, Shohlik xabarchilari maktabida o‘qishga harakat qilishingiz mumkin. To‘la vaqtli xizmatda ishtirok etayotgan ma’nan yetuk birodaru opa-singillarimiz xizmatini kengaytirish uchun mazkur maktabda tahsil oladi. Bu maktabda o‘qimoqchi bo‘lganlar ularga topshiriladigan har qanday vazifani bajarishga tayyor bo‘lishlari kerak. Shu kabi imkoniyatdan foydalanib Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga tayyormisiz? (1 Kor. 9:23)

18. Yahova bilan har kuni hamkorlik qilib nimaga erishasiz?

18 Yahovaning xalqi ekanmiz, boshqalar haqida har kuni saxiylik ila g‘amxo‘rlik qilib, himmatni, mehribonlikni va sevgini namoyon etishni istaymiz. Shunday qilsak, sevinch, tinchlik va baxtiyorlikni his etamiz. (Galat. 5:22, 23) Sharoitingiz qanday bo‘lmasin, Yahovaning saxiyligiga taqlid qilib va Uning aziz xizmatdoshiga aylanib, shodlikka to‘lasiz! (Hik. 3:9, 10)