Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 10-TADQIQ MAQOLASI

Suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?

Suvga cho‘mishimga nima to‘sqinlik qilyapti?

Ular ikkovi suvga kirishdi-da, Filip amaldorni suvga cho‘mdirdi. HAVOR. 8:38

52-QO‘SHIQ Yahovaga bag‘ishlanuv

BU MAQOLADA *

1. Odamato bilan Momohavo nimadan mahrum bo‘ldi va bu nimaga olib keldi?

SIZNINGCHA, nima yaxshi va nima yomon ekani borasidagi me’yorlarni kim o‘rnatishi kerak? Odamato bilan Momohavo nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtning mevasidan yeyishganda, o‘z nuqtai nazarini ko‘rsatishgan. Ular Yahovaga va Uning me’yorlariga ishonmagan. Bu juftlik nima yaxshi va nima yomon ekani borasida o‘z me’yorlarini o‘rnatmoqchi bo‘ldi. (Ibt. 3:22) Ammo ular nimadan mahrum bo‘lgani haqida o‘ylab ko‘ring. Odamato va Momohavo Yahova bilan bo‘lgan do‘stligini yo‘qotdi. Qolaversa, ular abadiy yashash imkoniyatini qo‘ldan boy berdi va gunoh hamda o‘limni bolalariga meros qilib qoldirdi. (Rim. 5:12) Bu juftlik qarori tufayli inqirozga uchradi.

Iso haqidagi ta’limotni qabul qilgach, habashistonlik saroy amaldori imkon boricha tezroq suvga cho‘mishni istadi (2–3-xatboshilariga qarang.)

2–3. a) Filipning va’zidan keyin habashistonlik amaldor nima qilgan? b) Suvga cho‘mib qanday barakalarga ega bo‘lish mumkin va qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

2 Odamato bilan Momohavodan farqli ravishda Filip va’z qilgan habashistonlik amaldor umuman boshqacha yo‘l tutdi. Bu amaldor Yahova hamda Iso u uchun qilganlarining qadriga yetdi va shu zahoti suvga cho‘mdi. (Havor. 8:34–38) Biz ham o‘zimizni Allohga bag‘ishlab, amaldor kabi suvga cho‘mganimizda o‘z nuqtai nazarimizni aniq ko‘rsatamiz. Bu bilan Yahova hamda Iso biz uchun qilganlaridan minnatdor ekanimizni namoyon etamiz. Shuningdek, Yahovaga ishonayotganimizni  va U nima yaxshi-yu nima yomon ekani borasidagi me’yorlarni o‘rnatishga haqli ekanini ko‘rsatamiz.

3 Yahovaga xizmat qilish olib kelayotgan qut-barakalar haqida bir o‘ylab ko‘ring! Masalan, ilk juftlik yo‘qotgan barcha imkoniyatlarga, jumladan, abadiy yashash istiqboliga ega bo‘lish umidimiz bor. Iso Masihga ishonayotganimiz bois, Yahova xatolarimizni kechirib, pok vijdon ato etyapti. (Mat. 20:28; Havor. 10:43) Buning ustiga, Yahova ma’qul deb topgan xizmatchilardan iborat bo‘lgan oilaning a’zosi bo‘lib, kelajakdagi barakalardan bahramand bo‘lishimiz mumkin. (Yuhan. 10:14–16; Rim. 8:20, 21) Biroq ushbu yaqqol ko‘rinib turgan barakalarga qaramay, Yahovani tanib-bilgan ba’zi kishilar habashistonlik amaldorning o‘rnagiga ergashishga ikkilanadi. Xo‘sh, suvga cho‘mishga nima to‘sqinlik qilishi mumkin? Ular bu borada duch kelgan qiyinchiliklarni qay yo‘sin yenga oladi?

BA’ZILARGA SUVGA CHO‘MISHGA TO‘SQINLIK QILAYOTGAN QIYINCHILIKLAR

Ba’zilar suvga cho‘mishdan avval duch keladigan qiyinchiliklar

O‘ziga nisbatan ishonchsizlik (4-5-xatboshilariga qarang.) *

4–5. Averi hamda Hanna qanday qiyinchiliklarga duch kelishgan?

4 O‘ziga nisbatan ishonchsizlik. Averi ismli yigitning ota-onasi Yahovaning Shohidlari. Otasi g‘amxo‘r oila boshi va muvaffaqiyatli oqsoqol sifatida tanilgan. Lekin Averi suvga cho‘mishni ortga surgan. Nima sababli? U shunday dedi: «Otam kabi yaxshi obro‘ga ega bo‘la olmayman deb o‘ylardim». Averi shuningdek, kelajakda u ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan mas’uliyatli vazifalarni eplay olishiga ko‘zi yetmagan. «Men omma oldida ibodat qila olamanmi, nutqlar ayta olamanmi yoki voizlik xizmati uchrashuvini o‘tkaza olamanmi deb xavotirlanardim»,— dedi u.

5 Hanna 18 yoshda va o‘ziga nisbatan ishonchsizlikdan qiynalgan. U Yahovaning xizmatchilari oilasida ulg‘aygan. Shunday bo‘lsa-da, Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashay olishiga ishonmagan. Nega? Gap shundaki, Hanna o‘ziga juda ham past nazar bilan qaragan. Gohida u o‘zini rosa yomon his qilganidan o‘ziga tan jarohatlarini yetkazgan. Bu esa vaziyatni yomonlashtirgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Qilmishim haqida hech kimga va hatto ota-onamga aytmas edim. O‘zimga jarohatlar yetkazayotganim bois, Yahova men Uning xizmatchisi bo‘lishimni istayotganini xayolimga ham keltira olmas edim».

Do‘stlarning ta’siri (6-xatboshiga qarang.) *

6. Vanessa suvga cho‘mishiga nima xalaqit qilgan?

6 Do‘stlarning ta’siri. 22 yoshli Vanessa: «Deyarli o‘n yildan beri tanigan yaqin dugonam bor edi»,— deb aytdi. Lekin Vanessaning dugonasi uning suvga cho‘mish qarorini  qo‘llab-quvvatlamagan. Bu Vanessaga og‘ir botgan. U shunday dedi: «Do‘st orttirishga qiynalaman va bu dugonamdan ayrilib qolsam, hech qachon yaqin do‘st topa olmayman deb tashvishlanardim».

Gunoh qilib qo‘yishdan qo‘rqish (7-xatboshiga qarang.) *

7. Makayla nimadan qo‘rqardi va nega?

7 Gunoh qilib qo‘yishdan qo‘rqish. Makayla ismli qiz besh yoshda bo‘lganida, akasi jamoatdan chetlatilgan edi. U ulg‘aygani sayin, akasining xatti-harakati ota-onasiga qanchalar qayg‘u keltirganini ko‘rgan. Makayla quyidagilarni aytdi: «Suvga cho‘mganimdan keyin, biron gunohga qo‘l ursam, jamoatdan chetlatilishdan va bu ota-onamga yanada og‘ir botishidan qo‘rqardim».

Qarshiliklardan qo‘rqish (8-xatboshiga qarang.) *

8. Maylz nimadan qo‘rqardi?

8 Qarshiliklardan qo‘rqish. Maylzning otasi va o‘gay onasi Yahovaga xizmat qiladi, lekin uning onasi Yahovaning Shohidi emas. U shunday dedi: «Onam bilan 18 yil yashagan edim va suvga cho‘mmoqchi ekanimni aytishdan qo‘rqardim. Dadam Yahovaning Shohidi bo‘lganida, onamning bunga bo‘lgan munosabatini ko‘rgan edim. Muammo tug‘ilishidan xavotirlanardim».

QANDAY QILIB QIYINCHILIKLARNI YENGA OLASIZ?

9. Yahova qanchalar sabrli va sevgiga boy ekanini bilsangiz nima yuz berishi mumkin?

9 Odamato bilan Momohavo Yahovaga xizmat qilmaslikni tanladi, chunki ular Unga nisbatan chuqur sevgini rivojlantirmadi. Shunday taqdirda ham, Yahova ularga yashashga va farzandlarini o‘zlarining me’yorlari bo‘yicha katta qilishga yo‘l qo‘ygan. Ko‘p o‘tmay, ilk juftlik chiqargan qarorning oqibati tufayli Yahovadan mustaqil bo‘lish qanchalar nodonlik ekanini aniq qilib ko‘rsatdi. Ularning to‘ng‘ich o‘g‘li ukasini o‘ldirdi, vaqt o‘tgach esa, insoniyat orasida zo‘ravonlig-u xudbinlik hukm sura boshladi. (Ibt. 4:8; 6:11–13) Lekin Yahova bu juftlikning Unga xizmat qilishni xohlagan barcha bolalarini qutqarmoqchi bo‘ldi. (Yuhan. 6:38–40, 57, 58) Yahova qanchalar sabrli va sevgiga boy ekanini bilganingiz sayin, Unga bo‘lgan sevgingiz ham kuchayadi. Shunda, Odamato bilan Momohavo tanlagan yo‘lni rad etib, o‘zingizni Yahovaga bag‘ishlashni istaysiz.

Bu qiyinchiliklarni qay yo‘sin yenga olasiz?

(9-10-xatboshilariga qarang.) *

10. Nega Zabur 19:7- oyat ustida fikr yuritish Yahovaga xizmat qilishingizga ko‘maklashadi?

 10 Yahova haqida tinmay bilim orttiring. Yahova to‘g‘risida qancha ko‘p bilib olsangiz, Unga muvaffaqiyat ila xizmat qila olishingizga amin bo‘lasiz. Yuqorida tilga olingan Averi: «Zabur 19:7 dagi (o‘qing) va’dani o‘qib, uning ustida fikr yuritish orqali ishonchim oshdi»,— dedi. Averi Yahova bu va’dani qanday qilib amalga oshirayotganini ko‘rganda, Unga bo‘lgan sevgisi tobora kuchayardi. Bu sevgi nafaqat ishonch ortishiga, balki diqqatimizni Yahovaga hamda Unga xizmat qilish istagiga qaratishga ko‘maklashadi. Yuqorida tilga olingan Hanna shunday dedi: «Muqaddas Kitobni o‘qib, tadqiq qilish orqali shuni tushundimki, o‘zimni jarohatlaganimda, Yahovani ham jarohatlagan bo‘lar ekanman». (1 Butr. 5:7) Hanna «Xudo kalomining» bajaruvchisi bo‘ldi. (Yoqb. 1:22) Buning natijasi qanday bo‘ldi? U quyidagicha dedi: «Yahovaga bo‘ysunish menga foyda keltirayotganini ko‘rganimda, Unga bo‘lgan sevgim kuchayardi. Shunga aminmanki, Yahova meni doim, men muhtoj bo‘lganimda boshqaradi». Hanna o‘zini jarohatlash moyilligini yenga oldi. U o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mdi.

(11-xatboshiga qarang.) *

11. Vanessa yaxshi do‘stlarga ega bo‘lish uchun nima qilgan va bundan qanday saboq olishimiz mumkin?

11 Donolik ila do‘st tanlang. Yuqorida tilga olingan Vanessa dugonasi unga Yahovaga xizmat qilishga xalaqit berayotganini asta-sekin tushundi. U bilan munosabatini uzdi. Vanessa boshqa qadamlar ham qo‘ydi. U jamoatda do‘st orttirishga harakat qildi. Uning aytishicha, Nuh va uning oilasi qoldirgan o‘rnak unga qo‘l keldi. Vanessa: «Ular Yahovani sevmaydigan insonlar orasida yashagan, lekin o‘zaro munosabatlari yaxshi edi»,— dedi. Suvga cho‘mgach, u kashshoflikni boshladi. Vanessa shunday deb aytdi: «Bu tufayli nafaqat o‘z jamoatimdan, balki boshqa jamoatlardan ham yaxshi do‘stlar topa oldim». Siz ham Yahova bizga topshirgan ishda imkon qadar ko‘p qatnashsangiz, yaxshi do‘stlarga ega bo‘la olasiz. (Mat. 24:14)

(12-15-xatboshilariga qarang.) *

12. Odamato bilan Momohavo nimadan qo‘rqishmagan va buning oqibati qanday bo‘ldi?

12 Qo‘rquvga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘ling. Qo‘rquvning ba’zi turlari  yaxshidir. Misol uchun, Yahovani ranjitib qo‘yishdan qo‘rqish. (Zab. 111:10) Odamato bilan Momohavo bunday qo‘rquvga ega bo‘lganda, Yahovaga qarshi isyon ko‘tarishmas edi. Ammo ular isyon ko‘tarishdi. Ular bunday qilgach, ko‘zlari ochilib, gunohkor bo‘lib qolishganini to‘la ravishda anglashdi. Bu juftlik bolalariga faqat gunoh va o‘limni bera oldi. Ular qanday ahvolda ekanini ko‘ra olgani yoki tushungani uchun, yalang‘och ekanidan xijolat bo‘lib, uyatli joylarini yopib oldi. (Ibt. 3:7, 21)

13–14. a) 1 Butrus 3:21 ga ko‘ra, nima uchun o‘limdan haddan ortiq qo‘rqmasligimiz lozim? b) Yahovani yaxshi ko‘rishimiz uchun qanday sabablar bor?

13 Yahovadan o‘rinli tarzda qo‘rqishimiz kerak, ammo o‘limdan haddan ortiq qo‘rqmasligimiz lozim. Yahova abadiy yashashimizning chorasini ko‘rgan. Bordi-yu, gunoh qilib qo‘ysak, Yahova xatolarimizni kechiradi. Buning uchun chin dildan tavba qilishimiz kerak. O‘g‘li taqdim etgan to‘lov qurbonligiga ishonsak, Xudo bizni kechiradi. Imonimizni namoyon etishning muhim yo‘llaridan biri hayotimizni Allohga bag‘ishlab, suvga cho‘mishdir. (1 Butrus 3:21 ni o‘qing.)

14 Yahovani yaxshi ko‘rishimiz uchun ko‘pgina sabablar mavjud. Masalan, biz har kuni zavq olishimiz uchun U ajoyib narsalarni taqdim etibgina qolmay, O‘zi va niyatlari borasidagi haqiqatga o‘rgatmoqda. (Yuhan. 8:31, 32) Yo‘l-yo‘riq berib, bizni qo‘llab-quvvatlash uchun imonlilar jamoatini bergan. Xudo hozirning o‘zida og‘irliklarimizni ko‘tarishda ko‘maklashyapti va kelajakda mukammallikka erishib abadiy yashashimiz uchun umid ato etyapti. (Zab. 68:19; Vah. 21:3, 4) Yahova bizni sevishidan dalolat beruvchi ishlari ustida mulohaza yuritganimiz sari, Unga bo‘lgan sevgimiz oshadi. Yahovani yaxshi ko‘rsak, Undan o‘rinli tarzda qo‘rqishga o‘rganamiz. Biz juda yaxshi ko‘radigan Shaxsni ranjitib qo‘yishdan qo‘rqamiz.

15. Qay yo‘sin Makayla qiyinchiligini yengdi?

15 Yuqorida tilga olingan Makayla Yahova qanchalar kechirimli Shaxs ekanini tushunganda, qiyinchiligini yenga olgan. U quyidagicha dedi: «Barchamiz nomukammal va xatolar qilib turishimizni tushundim. Lekin Yahova bizni yaxshi ko‘rishini va to‘lov asosida bizni kechirishini ham anglab yetdim». Yahovaga bo‘lgan sevgisi tufayli u o‘zini Unga bag‘ishlab, suvga cho‘mdi.

(16-xatboshiga qarang.) *

16. Maylzga qiyinchiligini yengishga nima yordam berdi?

16 Suvga cho‘msa onasi qarshilik ko‘rsata boshlashidan qo‘rqqan Maylz esa tuman noziri bilan maslahatlashdi. «Uning ham otasi Yahovaning Shohidi ekan, onasi esa yo‘q. Suvga cho‘mishga otam majburlayotgani uchun emas, bu o‘z qarorim ekanini onamga tushuntirib berish uchun u nima deyishim haqida o‘ylab ko‘rishimga yordam berdi»,— dedi Maylz. Uning onasiga bu qaror yoqmadi. Vaqt o‘tgach, Maylz boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘ldi, lekin qaroridan qaytmadi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Yahova men uchun  qilgan yaxshi narsalar haqidagi bilimlar qalbimni zabt etdi. Isoning to‘lov qurbonligi haqida chuqur fikr yuritganimda, Yahova meni qanchalar yaxshi ko‘rishini anglab yetdim. Bu o‘zimni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mishga undadi».

QARORINGIZDAN QAYTMANG!

Xudo biz uchun qilgan ishlarni qadrlashimizni ko‘rsata olamiz (17-xatboshiga qarang.)

17. Qanday imkoniyatga egamiz?

17 Momohavo Adan bog‘idagi daraxt mevasidan yeganda, Otasini rad etdi. Odamato ham unga qo‘shilganda, Yahova u uchun qilgan barcha yaxshiliklarning qadriga yetmaganini ko‘rsatgan. Barchamiz ilk juftlik kabi qaror chiqarmay, Yahova biz uchun qilgan yaxshiliklaridan minnatdor ekanimizni ko‘rsatish imkoniyatiga egamiz. Suvga cho‘mish orqali, Yahova biz uchun nima yaxshi va nima yomon ekani borasidagi me’yorlarni o‘rnatishga haqli ekaniga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. Otamizni yaxshi ko‘rishimizni va Unga ishonayotganimizni isbotlaymiz.

18. Qanday qilib Yahovaga muvaffaqiyat ila xizmat qila olasiz?

18 Suvga cho‘mgach, o‘zimizning emas, Yahovaning me’yorlari bo‘yicha hayot kechirish masalasida qiyinchilikka duch kelamiz. Millionlab imondoshlarimiz bunday hayot kechirmoqda. Xudoning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobni chuqurroq tushunishda davom etsak, doim birodar-u opa-singillarimiz bilan vaqt o‘tkazsak va mehribon Otamiz haqida boshqalarga g‘ayrat ila aytib bersak, ular kabi yo‘l tuta olamiz. (Ibron. 10:24, 25) Qaror chiqarayotganingizda, Yahova sizga Kalomi va tashkiloti orqali berayotgan maslahatiga quloq soling. (Ishayo 30:21) O‘shanda barcha ishingizda muvaffaqiyat qozonasiz. (Hik. 16:3, 20)

19. Nima qilishda davom etishingiz kerak va nega?

19 Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘i siz uchun qanchalik foydali ekanini tushunishda davom etsangiz, Unga va Uning me’yorlariga bo‘lgan sevgingiz oshadi. O‘shanda Shayton taklif qilayotgan hech qanday narsa Yahovaga xizmat qilishdan sizni to‘xtata olmaydi. Hayotingiz ming yildan keyin qanday kechishini tasavvur qiling. O‘shanda ortga qarab, suvga cho‘mishga qaror qilganingiz hayotingizdagi eng a’lo qaror bo‘lganini tushunasiz.

28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting erur?

^ 5- x.b. Hayotdagi eng muhim qaror suvga cho‘mish yoki cho‘mmaslikni tanlashdir. Nega bu qaror shu qadar muhim? Mazkur maqolada bu savolning javobini bilib olamiz. Shuningdek, suvga cho‘mish haqida o‘ylayotganlarga bu qadamni qo‘yishga xalaqit berayotgan qiyinchiliklarni yengishga nima yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Ishonch. Yosh birodar sharh berishga tortinyapti.

^ 58- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Do‘stlar. Yahovaning Shohidi bo‘lmagan dugonasi bilan ketayogan singlimiz imondoshlarimizni ko‘rib uyaladi.

^ 60- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Gunoh. Akasi jamoatdan chetlatilib, uydan ketayotganini ko‘rib turgan qiz u bilan ham bunday holat yuz berishidan xavotirlanadi.

^ 62- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Qarshiliklar. Onasi Yahovaning Shohidi bo‘lmagan yigit ovqat yeyishdan oldin ibodat qilishga qo‘rqyapti.

^ 65- x.b. PICTURE DESCRIPTION: Ishonch. Yosh birodar shaxsiy tadqiq o‘tkazyapti.

^ 67- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Do‘stlar. Singlimiz Yahovaning Shohidi bo‘lishdan faxrlanishga o‘rganadi.

^ 69- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Gunoh. Yosh qiz haqiqatni tanlab, suvga cho‘madi.

^ 71- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Qarshiliklar. Yigit onasiga o‘z e’tiqodini g‘ayrat ila tushuntiradi.