Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 27-TADQIQ MAQOLASI

Ta’qiblarga hozirdanoq tayyorlaning

Ta’qiblarga hozirdanoq tayyorlaning

Iso Masihning izdoshi sifatida xudojo‘y bo‘lib hayot kechirishni istaydigan barcha ta’qiblarga duchor bo‘ladi. 2 TIM. 3:12

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

BU MAQOLADA *

1. Nega ta’qiblarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak?

O‘LIMIDAN oldingi kechada Hazrati Iso uning shogirdi bo‘lishni istagan barcha nafratga duch kelishini aytgan. (Yuhan. 17:14) Hozirgi kungacha Yahovaning sadoqatli xizmatchilari Unga topinmaydigan kishilar tomonidan ta’qiblarga duch kelmoqda. (2 Tim. 3:12) Ushbu zamonaning oxiri yaqinlashar ekan, dushmanlarimiz yanada qattiq qarshiliklar ko‘rsatadi. (Mat. 24:9)

2–3. a) Qo‘rquv borasida nimani tushunishimiz kerak? b) Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Qay yo‘sin hozirdan ta’qiblarga tayyorgarlik ko‘ra olamiz? Biz bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan barcha narsani tasavvur qilishning hojati yo‘q. Bordi-yu, bunday yo‘l tutsak, qo‘rquv va xavotirlar girdobida qolib ketishimiz hech gap emas. Biz bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha yomon narsalar haqida o‘ylayversak, qo‘rquvga berilib, hatto ular yuz bermasidan avval Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatib qo‘yishimiz mumkin. (Hik. 12:25; 17:22) Zero, «dushmanimiz Iblis» bizga qarshi qo‘llaydigan kuchli qurol qo‘rquvdir. (1 Butr. 5:8, 9) Xo‘sh, ta’qiblarda sabr-bardoshli bo‘lish uchun qanday tayyorgarlik ko‘ra olamiz?

3 Mazkur maqolada qay yo‘sin Yahova bilan munosabatlarimizni mustahkamlay olishimiz va hozirdanoq bunday qilish nega muhim ekanini ko‘rib chiqamiz. Bundan tashqari, yanada jasoratli bo‘lish uchun nima qila olishimiz to‘g‘risida so‘z boradi. So‘ng bizdan nafratlanadigan insonlarga duch kelganimizda nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

QAY YO‘SIN YAHOVA BILAN MUNOSABATLARINGIZNI MUSTAHKAMLAY OLASIZ?

4. Ibroniylarga 13:5, 6 ga ko‘ra, qanday ishonchga ega bo‘lishimiz kerak va nega?

4 Yahova sizni sevishiga va aslo tark etmasligiga amin bo‘ling. (Ibroniylarga 13:5, 6 ni o‘qing.) Ko‘p yillar avval «Qo‘riqchi  minorasi»da quyidagi fikr keltirilgan edi: «Xudoni yaxshi biladigan inson sinovlar paytida eng ko‘p Unga tayanadi». Bu rost, shunday emasmi?! Ta’qiblarni muvaffaqiyat ila yengish uchun Yahovani sevishimiz, Unga butkul tayanishimiz va bizga bo‘lgan sevgisidan hech ham shubhalanmasligimiz lozim. (Mat. 22:36–38; Yoqb. 5:11)

5. Yahovaning sevgisini his etishga nima yordam berishi mumkin?

5 Muqaddas Kitobni o‘qiyotganingizda, maqsadingiz Yahovaga yaqinlashish bo‘lsin. (Yoqb. 4:8) Kalomni o‘qir ekansiz, Yahovaning ajoyib fazilatlariga diqqat qarating. Uning sevgisi va mehri so‘zlari-yu ishlarida qanday aks etganini his eting. (Chiq. 34:6) Ba’zilar ularga hech qachon sevgi ko‘rsatilmagani bois, Xudo ularni sevishiga ishonishga qiynalishadi. Sizda ham bunday qiyinchilik bo‘lsa, Yahova har kuni sizga qay yo‘sin rahm-shafqati-yu mehrini ko‘rsatganini yozib boring. (Zab. 78:38, 39; Rim. 8:32) Shaxsiy voqealar va Muqaddas Kitobdan o‘qiganlaringiz ustida mulohaza yuritib, Yahova siz uchun qilgan ko‘pgina yaxshiliklarni payqay olasiz. Yahovaning barakalari uchun minnatdorchiligingiz oshgani sayin, U bilan bo‘lgan munosabatlaringiz mustahkam bo‘ladi. (Zab. 116:1, 2)

6. Zabur 94:17–19 ga binoan, sidqidildan ibodat qilish sizga qay yo‘sin ko‘maklasha oladi?

6 Doim ibodat qiling. Mehribon otaning bag‘ridagi bolakayni tasavvur qiling. Bola o‘zini bexatar his etadi va kun bo‘yi u bilan yuz bergan yaxshi va yomon narsalarning barchasini otasiga ochiqchasiga aytib beradi. Har kuni sidqidildan ibodat qilib Yahovaga yaqinlashsangiz, siz ham o‘sha bolakay kabi munosabatlarga ega bo‘lasiz. (Zabur 94:17–19 ni o‘qing.) Ibodat qilar ekansiz, qalbingizni «suvday to‘kib», sevuvchi Otangizga barcha qo‘rquvlaringiz-u xavotirlaringizni ayting. (Marsiya 2:19) Buning natijasi qanday bo‘ladi? Shunda Muqaddas Kitobda aytilganiday, «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi»ni his etasiz. (Filip. 4:6, 7) Shu yo‘sin Yahovaga qancha ko‘p ibodat qilsangiz, Unga shuncha yaqin bo‘lasiz. (Rim. 8:38, 39)

Yahovaga hamda Uning Shohligiga bo‘lgan ishonch yordamida jasoratli bo‘la olasiz

Stenli Jouns Xudoning Shohligi chin ekaniga amin bo‘lgani uchun imonini mustahkamlagan (7-xatboshiga qarang.)

7. Nima uchun Xudo Samoviy Shohlik borasida berayotgan va’dalari chin ekaniga ishonchingiz komil bo‘lishi kerak?

7 Xudoning Shohligi barakalar olib kelishi chin ekaniga ishonchingiz komil bo‘lsin. (Sah. 23:19) Xudoning va’dalari amalga oshishiga amin bo‘lmasangiz, Shayton va uning malaylari uchun sizni yo‘ldan ozdirish oson kechadi. (Hik. 24:10; Ibron. 2:15) Qiziq, qanday qilib hozirdanoq Xudoning shohligiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlay olasiz? Masalan, Tangrining Samoviy Shohlik to‘g‘risidagi va’dalarini o‘rganib chiqishni va nega bunga ishonishingiz mumkinligining dalillarini shaxsiy tadqiqda ko‘rib chiqing. Bu sizga qanday yordam berishi mumkin? E’tiqodi uchun yetti yil qamoqda o‘tirgan Stenli Jounsning misoli  ustida fikr yuriting *. U nima tufayli sadoqat ila bardosh qila olgan? Stenli shunday degan: «Imonim mustahkam edi, chunki Xudoning Shohligi va u nimalarni amalga oshirishini bilardim. Bu borada aslo shubhalanmaganman. Shu bois, hech kim meni Yahovani tark etishga majburlay olmadi». Sizning ham Xudoning va’dalariga bo‘lgan ishonchingiz kuchli bo‘lsa, Unga yaqinlashasiz va qo‘rquvga berilmaysiz. (Hik. 3:25, 26)

8. Jamoat uchrashuvlarini qoldirmaslikka bo‘lgan munosabatimiz nimaning belgisi? Tushuntiring.

8 Jamoat uchrashuvlarini qoldirmang. Yahovaga yaqinroq bo‘lishda yig‘ilishlar bizga tirgak bo‘la oladi. Jamoat uchrashuvlarini qoldirmaslikka bo‘lgan munosabatimiz kelajakdagi ta’qiblarda qanchalik sabr-bardoshli bo‘lishimizning belgisidir. (Ibron. 10:24, 25) Nega deysizmi? Hozirdanoq kichik to‘siqlar yig‘ilishlarni qoldirishimizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ysak, kelajakda birodar-u opa-singillar bilan uchrashish uchun o‘zimizni xavf ostiga qo‘yish borasida nima desa bo‘ladi? Ammo jamoat uchrashuvlarini qoldirmaslik qarorimiz qat’iy bo‘lsa, bizga qarshi chiqishganda ham, bu bizni yig‘ilishlarga borishdan to‘xtata olmaydi. Hozir yig‘ilishlarni qadrlashga o‘rganish paytidir. Yig‘ilishlarga borishdan zavq olsak, hech qanday qarshilik, hatto hukumatning taqiqlari odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimizga to‘siq bo‘la olmaydi. (Havor. 5:29)

Hozirdanoq oyatlarni va hamd-u sanolarni yodlash ta’qiblarda asqatishi hech gap emas (9-xatboshiga qarang.) *

9. Nima uchun oyatlarni yodlab olish ta’qiblarga tayyorlanishning yaxshi yo‘li?

9 Sevimli oyatlaringizni yodlab oling. (Mat. 13:52) Mukammal xotiraga ega emasdirsiz, biroq yodlagan oyatlaringizni Yahova muqaddas ruhi orqali eslashingizga ko‘maklashadi. (Yuhan. 14:26) Sharqiy Germaniyada qamoqxonaning bir kishilik kamerasida o‘tirgan birodarimizning fikriga e’tibor bering: «O‘sha paytga kelib bir necha yuz oyatlarni yodlab olganim men uchun baraka bo‘ldi! Garchi yolg‘iz bo‘lsam-da, Muqaddas Kitobdagi turli mavzular ustida mulohaza yuritib vaqt o‘tkazardim». Birodarimiz yodlab olgan oyatlari yordamida Yahovaga yaqinroq bo‘lib, sadoqat ila bardoshli bo‘la oldi.

(10-xatboshiga qarang.) *

10. Nega qo‘shiqlarimizni yodlab olishimiz kerak?

10 Yahovani madh etadigan hamd-u sanolarni yodlab oling. Pavlus va Sila Filippida qamoqda bo‘lganida, esida bo‘lgan hamd-u sanolarni kuylashgan. (Havor. 16:25) Shunga o‘xshab, sobiq Sovet Ittifoqida Sibirga surgun qilingan  imondoshlarimiz qay yo‘sin o‘zlarini mustahkamlay olgan? Opamiz Mariya Fedun shunday eslaydi: «Hamd-u sano kitobidan yodlab olgan hamma qo‘shiqlarni kuylardik». Uning aytishicha, mazkur qo‘shiqlar ularga dalda berib, Yahovaga yaqinroq qilgan. Siz ham sevimli hamd-u sano va saytimizdagi qo‘shiqlarni kuylaganingizda kuch olasizmi? Unday bo‘lsa, hozirdanoq ularni yodlab oling! (« Jasorat ber!» nomli ramkaga qarang.)

QANDAY QILIB YANADA JASORATLI BO‘LA OLASIZ?

11–12. a) 1 Shohlar 17:37, 45–47 ga ko‘ra, nima uchun Dovud jasoratli bo‘la olgan? b) Dovudning misolidan qanday saboq olyapmiz?

11 Ta’qiblarni yengish uchun jasoratli bo‘lishingiz kerak. Agar bu fazilat yetishmayotganini his etsangiz, nima qila olasiz? Shuni unutmangki, haqiqiy jasorat bo‘y-bastingizga, kuchingizga yoki qobiliyatlaringizga bog‘liq emas. Misol uchun, yosh Dovud Go‘liyotga qarshi chiqqani borasida o‘ylab ko‘ring. Bu bahaybat kishi bilan solishtirganda, Dovud pastroq va zaifroq bo‘lib, yaxshi qurollanmagan edi. Hatto qilichi bo‘lmasa ham, Dovud jasoratli bo‘lgandi. U qo‘rqmay o‘sha bahaybat mag‘rur kishiga qarshi chiqdi.

12 Xo‘sh, qanday qilib Dovud jasoratli bo‘la oldi? Dovud Yahova u bilan ekaniga qat’iy ishongan. (1 Shohlar 17:37, 45–47 ni o‘qing.) Dovud Go‘liyotga qaraganda ancha kichkina ekaniga e’tibor bermagan. Aksincha, u Go‘liyot Yahovaning oldida zarrachaday ekaniga diqqat qaratgan. Bundan qanday saboq olyapmiz? Yahova biz bilan ekaniga va bizga qarshi chiqayotganlar Uning oldida zarrachaday ekanini eslasak, jasoratli bo‘la olamiz. (2 Sol. 20:15; Zab. 16:8) Ta’qiblarga duch kelmasdan avval, qay yo‘sin yanada jasoratli bo‘la olamiz?

13. Qanday qilib yanada jasoratli bo‘la olamiz? Tushuntiring.

13 Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni va’z qilib hozirdanoq yanada jasoratli bo‘lishga o‘rgana olamiz. Sababi, va’zgo‘ylik ishi tufayli Yahovaga tayanishga va odamlardan qo‘rqmaslikka o‘rganamiz. (Hik. 29:25) Jismoniy mashqlar tufayli mushaklarimiz chiniqqani singari, uyma-uy, jamoat joylarida, norasmiy va odamlarning ish joylarida va’z qilish orqali jasoratimizni kuchaytira olamiz. Hozirdanoq va’z qilish uchun jasoratli bo‘lsak, faoliyatimiz taqiqlanganda ham haqiqatni aytishda davom etish uchun yaxshi tayyorlangan bo‘lamiz. (1 Salon. 2:1, 2)

Nensi Yuen ta’qiblarga qaramay, xushxabarni va’z qilishda davom etgan (14-xatboshiga qarang.)

14–15. Nensi Yuen va Valentina Garnovskayaning misollaridan qanday saboq olyapmiz?

 14 Ajoyib jasorat ko‘rsatgan ikkita sadoqatli opamizning misolidan ko‘p narsaga o‘rganishimiz mumkin. Nensi Yuenning bo‘yi salkam 1,5 metr bo‘lsa ham, dovyurak edi *. U ta’qiblarga qaramay, Xudoning Shohligi to‘g‘risidagi xabarni va’z qilishdan to‘xtamagan. Oqibatda, Yuen Xitoyda deyarli 20 yilga qamoqqa tashlangan. Opamizni so‘roq qilgan xodimlarning aytishicha, u mamlakatdagi «eng qat’iy inson» bo‘lgan.

Valentina Garnovskaya Yahova u bilan ekaniga ishonchi komil edi (15-xatboshiga qarang.)

15 Shunga o‘xshab, sobiq Sovet Ittifoqida qamoqda o‘tirgan Valentina Garnovskayaning misolini olaylik. U uch marta qamoqqa olingan va umumiy hisobda deyarli 21 yilga ozodlikdan mahrum etilgan *. Nega deysizmi? Uning va’z qilish qarori shunchalik qat’iy bo‘lganki, davlat xodimlari uni «ashaddiy jinoyatchi» deb hisoblagan. Bu ikkita sadoqatli imondoshimiz nima tufayli shunchalik jasoratli bo‘la olgan? Opalarimiz Yahova ular bilan ekaniga amin edi.

16. Haqiqiy jasoratning kaliti nima?

16 Ko‘rib chiqqanimizday, jasoratli bo‘lish uchun o‘z kuchimiz-u qobiliyatlarimizga tayanmasligimiz kerak. Aksincha, Yahova biz bilan ekaniga va biz uchun U kurashishiga ishonishimiz zarur. (Qonun. 1:29, 30; Zakr. 4:6) Ha, bu haqiqiy jasoratning kalitidir!

BOSHQALAR SIZDAN NAFRATLANSA, NIMA QILA OLASIZ?

17–18. Yuhanno 15:18–21 da keltirilganidek, Iso bizga qanday ogohlantirish bergan? Tushuntiring.

17 Odamlar bizni hurmat qilishini yoqtiramiz, ammo ular bizni yomon ko‘rsa, o‘zimizni arzimas his etmasligimiz kerak. Iso: «Odamlar sizlardan nafratlanib, inson O‘g‘li tufayli quvg‘un qilishsa va haqoratlab badnom etishsa, baxtlisizlar»,— degan. (Luqo 6:22) Iso nimani nazarda tutgan?

18 Iso masihiylar boshqalar ulardan nafratlanishidan zavqlanadi demoqchi emasdi. U biz bilan nimalar bo‘lishi mumkinligi  borasida ogohlantirmoqchi edi. Biz dunyoga tegishli emasmiz. Isoning ta’limotlariga muvofiq hayot kechiramiz hamda u va’z qilgan xabarni insonlar bilan bo‘lishamiz. Bu tufayli esa, dunyo bizdan nafratlanadi. (Yuhanno 15:18–21 ni o‘qing.) Biz Yahovani mamnun qilishni xohlaymiz. Bordi-yu, odamlar Otamizga bo‘lgan sevgimiz tufayli bizdan nafratlansa, bu ularning muammosi.

19. Havoriylarning misoliga qanday taqlid qila olamiz?

19 Oddiygina odamning aytgan so‘zlari yoki ishlari Yahovaning Shohidi ekaningizdan uyalishingizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. (Mixo 4:5) Isoning o‘limidan so‘ng Quddusdagi havoriylar qanday o‘rnak ko‘rsatgani ustida mulohaza yuritib, odamlardan qo‘rqish bilan kurasha olamiz. Havoriylar yahudiy din rahbarlari ulardan qanchalar nafratlanishini bilardi. (Havor. 5:17, 18, 27, 28) Lekin ular har kuni ma’badga borib Isoning shogirdlari ekanini aytishdan to‘xtamagan. (Havor. 5:42) Havoriylar qo‘rquv ularni kishanlashiga yo‘l qo‘ymagan. Biz ham ishda, maktabda va yashayotgan hududimizda — barchaning oldida muntazam ravishda Yahovaning Shohidi ekanimizni bildirib odamlardan qo‘rqmaslikni o‘rganamiz. (Havor. 4:29; Rim. 1:16)

20. Garchi havoriylardan nafratlanishgan bo‘lishsa-da, nega ular bundan suyunishgan?

20 Havoriylar nima uchun suyunishgan? Sababi, ulardan nega nafratlanishlarini tushunishgan va Yahovaning irodasi uchun haqoratga sazovor bo‘lishni sharaf deb bilishgan. (Luqo 6:23; Havor. 5:41) Vaqt o‘tib havoriy Butrus quyidagicha yozgan: «Hattoki odillik uchun azob cheksangiz ham, baxtiyorsizlar». (1 Butr. 2:19–21; 3:14) To‘g‘ri yo‘l tutayotganimiz uchun bizni yomon ko‘rishlarini tushunsak, odamlarning nafrati bizni qo‘rquv bilan kishanlab qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

TAYYORGARLIKDAN FOYDA OLASIZ

21–22. a) Ta’qiblarga tayyorgarlik ko‘rish uchun nima qilishga qaror qildingiz? b) Navbatdagi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

21 Qachon ta’qiblar girdobida qolishimizni yoki hatto qachon Yahovaga topinishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlab qo‘yishlarini bilmaymiz. Ammo shuni bilamizki, Yahova bilan munosabatlarimizni mustahkamlab, yanada jasoratli bo‘lib va bizdan nafratlanadigan insonlarga chidamli bo‘lib tayyorlana olamiz. Hozirdanoq ko‘radigan bunday tayyorgarliklar kelajakda qat’iy turishimizga tirgak bo‘lishi mumkin.

22 Xo‘sh, faoliyatimizni taqiqlab qo‘yishsa-chi? Navbatdagi maqolada, faoliyatimiz taqiqlanganiga qaramay, Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtamaslikka yordam beradigan prinsiplarni ko‘rib chiqamiz.

118-QO‘SHIQ «Imonimizga imon qo‘sh»

^ 5- x.b. Bizdan nafratlanishlarini istamaymiz. Lekin ertami-kechmi barchamiz ta’qiblarga duch kelamiz. Ushbu maqola ta’qiblarni jasorat ila qarshi olishimizga ko‘maklashadi.

^ 7- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1965-yil 15-dekabr sonidagi (ingl.) 756–767-sahifalarga qarang.

^ 14- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1979-yil 15-iyul sonidagi (ingl.) 4–7-sahifalarga qarang. Shuningdek, JW Internet-televideniyesidagi «Имя Иеговы будет открыто» nomli videoga qarang. ИНТЕРВЬЮ И СЛУЧАИ ИЗ ЖИЗНИ sarlavhasi ostida.

^ 15- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2009-yil 15-aprel sonidagi 9–10-sahifalarida keltirilgan 10–11-xatboshilariga va 2008-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»ning (rus) 191–192-sahifalariga qarang.

^ 67- x.b. RASMGA SHARH. Oilaviy topinishda ota-ona kartochkalardan foydalanib, bolalariga oyatlarni yodlab olishga ko‘maklashyapti.

^ 70- x.b. RASMGA SHARH. Yig‘ilishga ketayotib, oila a’zolari hamd-u sanolarni kuylayapti.