Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 17-TADQIQ MAQOLASI

Yovuz ruhlarga qarshi turish uchun Yahovaning yordamini qabul qiling

Yovuz ruhlarga qarshi turish uchun Yahovaning yordamini qabul qiling

Ko‘kdagi yovuz ruhlar... bilan kurashyapmiz. EFES. 6:12

55-QO‘SHIQ Yovdan hech qo‘rqma!

BU MAQOLADA *

1. Efesliklarga 6:10–13 da tushuntirilganidek, Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rsatadigan muhim yo‘llaridan biri qanday? Tushuntiring.

YAHOVA biz xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rsatadigan muhim yo‘llaridan biri dushmanlarimizga qarshi turishga ko‘maklashishidir. Asosiy dushmanlarimiz Shayton va jinlar. Yahova bizni ular haqida ogohlantirib, ularga qarshi turishimiz uchun bizga kerakli narsalarni taqdim etmoqda. (Efesliklarga 6:10–13 ni o‘qing.) Yahovaning ko‘magini qabul qilib, Unga butunlayin tayansak, Iblisga qarshi turishda muvaffaqiyatli bo‘lamiz. Havoriy Pavlusning: «Agar Tangri biz tarafda bo‘lsa, unda kim bizga qarshi chiqadi?» — deb aytgan so‘zlariga aminmiz. (Rim. 8:31)

2. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Xudoning haqiqiy xizmatchilari ekanmiz, Shayton va jinlarga haddan tashqari e’tibor bermaymiz. Aksincha, ko‘proq diqqatimizni Yahova hamda Unga xizmat qilish borasida bilim orttirishga qaratamiz. (Zab. 25:5) Lekin Shayton bizni aldash maqsadida qo‘llayotgan asosiy usullarni bilishimiz kerak. Nima sababli? Chunki shunda, unga aldanib qolmaymiz. (2 Kor. 2:11) Ushbu maqolada Shayton va jinlar odamlarni yo‘ldan urish uchun qo‘llayotgan asosiy usulni ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, ularga qarshi turishda qay yo‘sin muvaffaqiyatli bo‘la olishimizni ham bilib olamiz.

QAY YO‘SIN YOVUZ RUHLAR ODAMLARNI YO‘LDAN URYAPTI?

3–4. a) Sehr-jodu bu nima? b) Sehr-joduga ishonish qanchalik keng tarqalgan?

3 Shayton va jinlar odamlarni yo‘ldan ozdirish uchun qo‘llaydigan asosiy usul sehr-jodu. Bu bilan shug‘ullanadigan  kishilarning ta’kidlashicha, ular odatda insonlar bilmaydigan yoki nazorat qila olmaydigan narsalarni bilib, nazorat qila olishar ekan. Masalan, ba’zilar folbinlik yoki munajjimlik orqali kelajakni bashorat qila olishini aytadi. Boshqalar esa, o‘zini arvohlar bilan gaplashayotgandek tutishi mumkin. Yana kimlardir sehrgarlik yoki afsungarlik bilan shug‘ullanib, issiq-sovuq qilishadi *.

4 Sehr-jodu bilan shug‘ullanish qanchalik keng tarqalgan? Tadqiqotlarga ko‘ra, Lotin Amerikasining 18 ta mamlakatida va Karib orollarida yashovchi odamlarning taxminan uchdan bir qismi afsungarlik, jodugarlik yoki sehrgarlik bilan shug‘ullanadi va deyarli shunchasi arvohlar bilan aloqa qilish mumkinligiga ishonadi. Boshqa tadqiqot Afrikaning 18 ta mamlakatida o‘tkazildi. Unga binoan, o‘rtacha hisobda, odamlarning yarmidan ko‘pi jodugarlikka ishonar ekan. Gap shundaki, qayerda yashashimizdan qat’i nazar, o‘zimizni sehr-jodudan himoya qilishimiz darkor. Negaki, Shayton «butun yer yuzidagi» insonlarni yo‘ldan ozdirmoqchi. (Vah. 12:9)

5. Yahova sehr-jodu borasida qanday fikrda?

5 Yahova «haqiqat Tangrisi». (Zab. 31:5) Shunday ekan, U sehr-jodu borasida qanday fikrda? Xudo undan nafratlanadi! Yahova Isroil xalqiga shunday degan: «Orangizda o‘g‘il-u qizlarini olovda kuydiradigan, folbin, sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi, belgilarga qarab fol ochuvchi, sehrgar, issiq-sovuq qiluvchi, arvoh chaqiruvchi bilan maslahatlashadigan, folbin yoki o‘liklarga murojaat qiluvchi bo‘lmasin. Chunki bunday narsalar bilan shug‘ullanadigan har qanday kishi Yahova uchun jirkanchdir». (Qonun. 18:10–12) To‘g‘ri, masihiylar Yahova Isroil xalqiga bergan Tavrot Qonuni ostida emas. Ammo bilamizki, Yahovaning sehr-jodu borasidagi fikri o‘zgarmagan. (Mal. 3:6)

6. a) Qanday qilib Shayton sehr-jodu orqali odamlarga zarar keltirmoqda? b) Voiz 9:5 da yozilgan haqiqatga ko‘ra, o‘lganlar qanday holatda?

6 Yahova sehr-jodudan bizni ogohlantirmoqda. Chunki Xudo biladiki, Shayton u orqali odamlarga zarar keltiradi. Shayton sehr-jodu orqali yolg‘onlarni, jumladan, arvohlar borasidagi uydirmani olg‘a surmoqda. (Voiz 9:5 ni o‘qing.) U shuningdek, sehr-jodudan foydalanib odamlarni qo‘rquv ostida tutmoqchi va ularni Yahovadan uzoqlashtirmoqchi. Uning maqsadi sehr-jodu bilan shug‘ullanadigan kishilar Yahovaga emas, yovuz ruhlarga tayanishiga qaratilgan.

QANDAY QILIB YOVUZ RUHLARGA QARSHI TURA OLAMIZ?

7. Yahova nima qilishimizni xohlayapti?

7 Yuqorida aytilganiday, Shayton va jinlar tomonidan aldanib qolmasligimiz uchun Yahova bu borada nima deyayotganiga quloq solishimiz lozim. Keling, Shayton va jinlar bilan qarshi kurashish uchun ba’zi amaliy maslahatlarga diqqat qarataylik.

8. a) Yovuz ruhlarga qarshi turishimizga ko‘maklashadigan asosiy yo‘l qaysi? b) Zabur 146:4 dagi so‘zlar Shaytonning o‘lganlar haqidagi yolg‘onini qay yo‘sin oshkor etmoqda?

8 Xudoning Kalomini o‘qib, uning ustida mulohaza yuriting. Bu yovuz ruhlar olg‘a surayotgan yolg‘onlarni rad etishimizga yordam beradigan asosiy yo‘ldir. Xudoning Kalomi  o‘tkir qilich bo‘lib, Shayton tarqatayotgan yolg‘onlarni oshkor etadi. (Efes. 6:17) Masalan, Muqaddas Kitobda arvohlar bilan gaplashish mumkinligi haqidagi uydirma fosh etilgan. (Zabur 146:4 ni o‘qing.) U yerda shuningdek, faqat Yahova kelajak haqida aniq bashorat qilishi eslatilgan. (Ishayo 45:21; 46:10) Xudoning Kalomini doim o‘qib, uning ustida mulohaza yuritsak, bu yovuz ruhlar bizni ishontirmoqchi bo‘lgan uydirmalarni rad etib, ulardan nafratlanamiz.

9. Sehr-jodu bilan bog‘liq qanday ishlardan yiroqlashamiz?

9 Sehr-jodu bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday narsani rad eting. Xudoning haqiqiy xizmatchilari bo‘lganimiz uchun sehr-joduning hech qanday turi bilan aslo shug‘ullanmaymiz. Masalan, arvoh chaqiruvchilarga murojaat qilmaymiz yoki o‘lganlar bilan hech qanday aloqa qilishga harakat qilmaymiz. O‘tgan maqolada muhokama qilganimizday, arvohlarga ishonishga asoslangan dafn marosimlardan yiroqlashamiz. Kelajakni bilish uchun munajjimlarga yoki folbinlarga murojaat qilmaymiz. (Ishayo 8:19) Bu kabi ishlarning bari juda xavfli ekanini va ular Shayton hamda jinlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilishga yetaklashini bilamiz.

Okkultizm bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan qutulishda va sehr-joduga aloqasi bor o‘yin-kulgi turlarini rad etishda ilk masihiylarga taqlid qiling (10–12-xatboshilariga qarang.)

10–11. a) Birinchi asrdagi ba’zilar haqiqatni bilib olganda qanday yo‘l tutdi? b) 1 Korinfliklarga 10:21 ga binoan, nega ilk masihiylarning o‘rnagiga taqlid qilishimiz kerak va qay yo‘sin buning uddasidan chiqa olamiz?

10 Okkultizm bilan bog‘liq narsalardan voz keching. Birinchi asrda Efesda yashaganlarning ba’zilari sehr-jodu bilan shug‘ullangan. Ular haqiqatni bilganda esa, qat’iy chora ko‘rgan. «Sehr-jodu bilan shug‘ullanganlardan ko‘plari kitoblarini yig‘ib, hammaning oldida yoqib yuborishdi». (Havor. 19:19) Ular yovuz ruhlar bilan kurashishga jiddiy yondashgan. Kitoblari juda qimmatbaho edi. Biroq ularni boshqalarga berib yoki sotib yuborishning o‘rniga, ularni yoqib tashlashdi. Bu kishilar uchun kitoblar qanchalar qimmatbaho bo‘lgani emas, Yahovani mamnun qilish muhimroq edi.

 11 Xo‘sh, birinchi asrdagi bu masihiylarga qanday taqlid qila olamiz? Okkultizm bilan bog‘liq har qanday narsadan qutulsak, dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. Bunga tumor, ko‘zmunchoq yoki odamlar o‘zini yovuz ruhlardan himoyalash niyatida taqib yuradigan yoki ega bo‘lgan boshqa narsalar ham kiradi. (1 Korinfliklarga 10:21 ni o‘qing.)

12. O‘yin-kulgilar borasida o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

12 O‘yin-kulgilaringiz turlari borasida yaxshilab o‘ylab ko‘ring. O‘zingizdan shunday so‘rang: «Men o‘qiyotgan kitoblar, jurnallar yoki Internetdagi maqolalar okkultizm bilan bog‘liq emasmi? Men tinglaydigan musiqa, tomosha qiladigan kino va teledasturlar yoki video o‘yinlarim nima haqida? Men tanlagan vaqtichog‘likning boshqa turlari sehr-jodu bilan bog‘liq emasmi? Ular, masalan, vampir, zombi yoki g‘ayritabiiy narsalar haqida emasmi? Ular sehr-jodu, afsungarlik yoki issiq-sovuq qilishni ziyonsiz ko‘ngilxushlik qilib ko‘rsatadimi?» Albatta, o‘ylab topilgan hikoyalardan yoki ertaklardan iborat o‘yin-kulgilarning hammasi ham sehr-jodu bilan bog‘liq emas. Vaqtichog‘lik turini tanlayotib, Yahova nafratlanadigan har qanday narsadan yiroqda bo‘lishga yordam beradigan qaror qabul qiling. Allohimiz oldida vijdonimizni toza saqlash uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz. (Havor. 24:16) *

13. Nima qilmasligimiz kerak?

13 Jinlar haqidagi hikoyalarni gapirib bermang. Bu borada Isoning o‘rnagiga taqlid qilsak arziydi. (1 Butr. 2:21) U yer yuziga kelishidan avval osmonda yashagan va Shayton hamda jinlar haqida anchagina ma’lumotga  ega edi. Lekin yovuz ruhlarning qilmishlari haqidagi hech qanday hikoyalarni aytib bermagan. Iso Shayton haqida emas, Yahova to‘g‘risida shohidlik berishni istagan. Biz ham unga taqlid qilib, jinlar haqidagi hikoyalarni tarqatmaymiz. Buning o‘rniga, so‘zlarimiz orqali yuragimizda yoqimli bir narsa, ya’ni haqiqat junbishga kelayotganini ko‘rsatishimiz kerak. (Zab. 45:1)

Yovuz ruhlardan qo‘rqmasligimiz kerak. Yahova, Iso va farishtalar ancha qudratliroqdir (14–15-xatboshilariga qarang.) *

14–15. a) Nega yovuz ruhlardan qo‘rqmasligimiz lozim? b) Yahova bugungi kunda O‘z xalqini himoya qilayotganining qanday tasdiqlari bor?

14 Yovuz ruhlardan qo‘rqmang. Bu dunyoda biz bilan biron kor-hol yuz berishi mumkin. Kutilmaganda fojia, kasallik yoki hatto o‘limga duch kelishimiz hech gap emas. Lekin bunda ruhiy shaxslar aybdor deb o‘ylamasligimiz kerak. Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, har birimiz «vaqt va tasodifga» duch kelamiz. (Voiz 9:11) Jinlarga keladigan bo‘lsak, Yahova ulardan ancha qudratliroq ekanini ko‘rsatgan. Misol uchun, Xudo Shaytonga Ayubni o‘ldirishga yo‘l qo‘ymagan. (Ayub 2:6) Musoning davrida esa, Yahova Misrdagi kohinlardan kuchli ekanini namoyon etgan. (Chiq. 8:18; 9:11) Keyinchalik osmonda Yahova Isoga hokimiyat ato etganda, u Shayton va jinlarni osmondan yer yuziga uloqtirgan. Yaqinda esa, ular boshqa hech kimga ziyon keltirmasligi uchun tubsizlikka tashlanadi. (Vah. 12:9; 20:2, 3)

15 Yahova bugungi kunda O‘z xalqini himoya qilayotganining ko‘pgina tasdiqlarini ko‘ryapmiz. Bir o‘ylab ko‘ring, yer yuzining turli joylarida haqiqatni va’z qilib, ta’lim beryapmiz. (Mat. 28:19, 20) Buning natijasida, Iblisning yovuzliklarini oshkor etyapmiz. Shubhasizki, agar Shaytonda faoliyatimizni butunlayin to‘xtatish imkoni bo‘lganida, u shunday qilardi, ammo bu uning qo‘lidan kelmaydi. Shu bois ham yovuz ruhlardan qo‘rqmasligimiz lozim. Bilamizki, «Yahova Unga chin dildan sadoqatli bo‘lganlarga qudratini namoyon etish niyatida butun yer yuzini ko‘zdan kechiradi». (2 Sol. 16:9) Agar Yahovaga sodiq bo‘lib qolsak, jinlar abadiy davom etishi mumkin bo‘lgan zararni bizga keltira olmaydi.

 YAHOVANING YORDAMINI QABUL QILGANLAR BARAKA TOPADI

16–17. Yovuz ruhlarga qarshi chiqish uchun jasoratli bo‘lishimiz kerakligini ko‘rsatadigan misol keltiring.

16 Ayniqsa, yaxshi niyat ila yo‘l tutayotgan do‘st yoki qarindoshlarimiz bizga bosim o‘tkazayotganda, yovuz ruhlarga qarshi chiqish uchun jasoratli bo‘lishimiz darkor. Yahova bunday jasoratli kishilarga barakalar yog‘diradi. Ganada yashovchi Erika ismli opamizning misoliga e’tibor qarataylik. U Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshlaganda 21 yoshda edi. Uning otasi jodugarlik bilan shug‘ullanadigan ruhoniy edi, shuning uchun u ham sehr-jodu bilan bog‘liq urf-odatda ishtirok etib, otasi sig‘inadigan xudolarga atalgan qurbonliklarning go‘shtidan yeyishi kerak edi. Erika buni rad etganda, qarindoshlari uning ishini xudolarga nisbatan hurmatsizlikday qabul qilishdi. Bu tufayli Erikaning oilasi xudolar ularni aqliy va jismoniy kasalliklar orqali jazolashiga ishonishgan.

17 Erikaning qarindoshlari uni bu urf-odatda ishtirok etishga majburlamoqchi bo‘lishdi, lekin bu, uydan ketish kerakligini anglatsa ham, u taslim bo‘lmadi. U ba’zi imondoshlarimizning uylarida qo‘nim topdi. Darhaqiqat, Yahova Erikaga yaqin bo‘lib qolgan birodar-u opa-singillardan iborat bo‘lgan yangi oilani ato etdi. (Mark 10:29, 30) Garchi, qarindoshlari undan yuz o‘girgan va hatto narsalarini yoqib yuborgan bo‘lsa-da, Erika Yahovaga sodiq bo‘lib, suvga cho‘mdi va doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilyapti. U jinlardan qo‘rqmadi. Qarindoshlari haqida esa u shunday dedi: «Men har kuni oila a’zolarim haqida ibodat qilib, ular Yahovani tanib-bilish va mehribon Tangrimizga xizmat qilish erkinlik baxsh etadigan baraka ekanini bilib olishlarini so‘rayman».

18. Yahovaga tayanish qanday baraklarga eltadi?

18 Har birimiz ham bu kabi qiyinchilikka duch kelmaymiz. Ammo hammamiz yovuz ruhlarga qarshi turishimiz va Yahovaga tayanishimiz lozim. Agar shunday yo‘l tutsak, ko‘pdan-ko‘p barakalarga ega bo‘lamiz va Shaytonning uydirmalariga laqqa tushmaymiz. Shuningdek, jinlardan qo‘rqish bizni qamrab olmaydi. Buning ustiga, Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimiz qalinlashadi. Isoning shogirdi Yoqub quyidagicha yozgan: «Xudoga bo‘ysunib, Iblisga qarshi turinglar, o‘shanda u sizlardan qochadi. Allohga yaqinlashinglar, shunda U ham sizlarga yaqinlashadi». (Yoqb. 4:7, 8)

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

^ 5- x.b. Yahova bizni mehr ila yovuz ruhlar va ular yetkazishi mumkin bo‘lgan zarardan ogohlantirgan. Qanday qilib yovuz ruhlar odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmoqchi? Ularga qarshi turish uchun nimalar qila olamiz? Bu maqolada Yahova biz ularning ta’siriga berilmasligimiz uchun qanday ko‘maklashayotganini bilib olamiz.

^ 3- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Sehr-jodu (jin va ruhlar bilan aloqa qilish) jinlar bilan bog‘liq uydirmalar va amallarni anglatadi. Bu shuningdek, odamning o‘limidan so‘ng tanasidan chiqib ketadigan ruh borligiga va u bilan, ayniqsa, arvoh chaqiruvchi orqali gaplashish mumkinligiga ishonishni bildiradi. Jinlar bilan aloqa qiladiganlar folbinlik va jodugarlik bilan shug‘ullanadi. Bu maqoladagi afsungarlik so‘zi okkultizm bilan shug‘ullanishni, ya’ni sirli, g‘ayritabiiy kuchlar mavjudligiga ishonishni anglatadi. Qolaversa, bunga dam solish va issiq-sovuq qilish yoki kinna solish ham kiradi. Bunga ba’zilar boshqalarni shunchaki hayratda qoldirish uchun qo‘llar bilan qiladigan chapdast xatti-harakatlar kirmaydi.

^ 12- x.b. Oqsoqollar o‘yin-kulgilar borasida qoidalar o‘rnatmaydi. Aksincha, har bir masihiy nima o‘qish, tomosha qilish yoki o‘ynash masalasida Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdoni bo‘yicha qaror chiqarishi kerak. Dono bo‘lgan oila boshi yaqinlari Muqaddas Kitobdagi prinsiplar asosida o‘yin-kulgi turlarini tanlayotganiga ishonch hosil qiladi. jw.org® saytidagi BIZ HAQIMIZDA > KO‘PCHILIKNI QIZIQTIRADIGAN SAVOLLAR sarlavhasi ostida keltirilgan «Sizlarda qandaydir kino, kitob yoki qo‘shiqlar taqiqlanadimi?» nomli maqolaga qarang.

^ 54- x.b. RASMGA SHARH. Iso qudratli samoviy Shohimiz sifatida farishtalardan iborat qo‘shinni boshqarib kelayotgani tasvirlangan.