Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

 14-TADQIQ MAQOLASI

Xizmatingizni to‘la ado etyapsizmi?

Xizmatingizni to‘la ado etyapsizmi?

Xushxabarni va’z etish bilan mashg‘ul bo‘l, xizmatingni to‘la ado et. 2 TIM. 4:5

57-QO‘SHIQ Har turli odamlarga va’z qilamiz

BU MAQOLADA *

Iso tirilgach, shogirdlari bilan ko‘rishadi va ularga: «Boringlar... shogird tayorlanglar»,— deydi (1-xatboshiga qarang.)

1. Xudoning barcha xizmatchilari nima qilishni xohlaydi va nega? (Muqovadagi rasmga qarang.)

ISO MASIH izdoshlariga: «Boringlar, barcha xalqlardan shogird tayyorlanglar»,— degan amr bergan. (Mat. 28:19) Xudoning barcha sodiq xizmatchilari ularga topshirilgan xizmatni «to‘la ado etishni» o‘rganishni xohlaydi. (2 Tim. 4:5) Darhaqiqat, bu ish hayotimizdagi boshqa barcha ishlardan ko‘ra muhimroq, arzigulik va shoshilinch hisoblanadi. Ammo istaganimizday ko‘p vaqt xizmat qilish biz uchun oson bo‘lmasligi mumkin.

2. Xizmat qilish bilan birga qanday qiyinchiliklarga duch kelyapmiz?

2 Vaqtimiz-u kuchimizni boshqa muhim ishlarga ham sarflaymiz. O‘zimizni va oila a’zolarimizning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun kun bo‘yi ishlashimizga to‘g‘ri kelar. Shuningdek, oilada o‘zgacha mas’uliyatimiz bordir, kasal bo‘lib turarmiz, ruhimiz tushib turar yoki yoshimiz o‘tayotgani tufayli qandaydir muammolarga duch kelayotgandirmiz. Xo‘sh, bunday qiyinchiliklarni yengish bilan birga qanday qilib xizmatimizni to‘la ado eta olamiz?

3. Matto 13:23 dagi so‘zlarga binoan qanday xulosaga kelishimiz mumkin?

3 Vaziyatimiz tufayli Yahovaga ko‘proq xizmat qilmayotgan bo‘lsak, ruhimiz tushmasligi kerak. Iso xizmatda har birimiz turlicha hosil keltirishimizni bilgan. (Matto 13:23 ni o‘qing.) Yahova qo‘limizdan kelgancha xizmat qilish uchun harakat qilayotganimizni juda ham qadrlaydi. (Ibron. 6:10–12) Shuningdek, vaziyatimiz ko‘proq qilishga yo‘l qo‘yayotganini his etishimiz mumkin. Ushbu maqolada xizmatimiz birinchi o‘rinda bo‘lishi, sodda hayot kechirish hamda va’z qilish va ta’lim  berish qobiliyatimizni rivojlantirish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz. Avvalo, xizmatimizni to‘la ado etish nimani anglatishini ko‘rib chiqaylik.

4. Xizmatni to‘la ado etish nimani anglatadi?

4 Xizmatni to‘la ado etish uchun va’zgo‘ylikda va ta’lim berish ishida imkon qadar ko‘proq ishtirok etishimiz kerak. Biroq bu, va’zgo‘ylik uchun sarflayotgan vaqtdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Yahova uchun bizning niyatimiz muhim ahamiyatga ega. Yahovani hamda yaqinlarimizni sevganimiz uchun sidqidildan xizmat qilyapmiz *. (Mark 12:30, 31; Kolos. 3:23) Allohga bajonidil xizmat qilish — bu ishga jon-jahdimiz bilan bor kuchimizni-yu eng yaxshi qobiliyatlarimizni bag‘ishlashni anglatadi. Voizlik ishini sharafli deb bilsak, imkon qadar ko‘proq insonlarga xushxabarni aytishga intilamiz.

5–6. Vaqti chegaralangan kishi qanday qilib xizmatni birinchi o‘ringa qo‘yishi mumkin? Misol keltiring.

5 Aytaylik, bir yigit gitara chalishni yoqtiradi. Musiqa uning jon-u dili. U hatto uyining yaqinidagi kafeda dam olish kunlari gitara chalib ishlay boshlaydi. Lekin topgan puli yashashiga yetarli emas. Shuning uchun, u dushanbadan jumagacha do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlaydi. Garchi sotuvchi bo‘lib ishlasa ham, butun xayoli musiqa bilan band. U mahoratini oshirib, professional musiqachi bo‘lishni orzu qiladi. Shu bois, u hatto qisqa vaqt bo‘lsa-da, har bir imkoniyatdan foydalanib, musiqa bilan shug‘ullanadi.

6 Shu singari, va’zgo‘ylik xizmatiga istaganimizday ko‘p vaqtimizni sarflashning imkoni yo‘qdir. Lekin xizmat qilish jon-u dilingiz. Xushxabar insonlarning qalbini zabt etishi uchun qobiliyatlaringizni rivojlantirishga intilayotgandirsiz. Boshqa ko‘p ishlarni bajarish bilan birga va’zgo‘ylik xizmati hayotimda birinchi o‘rinda bo‘lishi uchun nima qilsam bo‘ladi deb o‘ylayotgandirsiz.

 QAY YO‘SIN XIZMATINGIZ BIRINCHI O‘RINDA BO‘LISHI MUMKIN?

7–8. Isoning xizmat borasidagi nuqtai nazariga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?

7 Isoning xizmat borasidagi nuqtai nazari biz uchun a’lo o‘rnakdir. Xudoning Shohligi haqida aytib berish u uchun eng muhim narsa bo‘lgan. (Yuhan. 4:34, 35) Iso imkon boricha ko‘proq kishilarga va’z qilish uchun uzoq masofalarga borgan. U jamoat joylarida va odamlarning uylariga borib va’z qilish uchun imkon izlagan. Isoning butun hayoti xizmat bilan bog‘liq edi.

8 Biz ham Isoga taqlid qilgan holda xushxabarni har qachon va har yerda gapirish imkonini qo‘ldan boy bermasligimiz mumkin. Voizlik ishida qatnashish uchun o‘z qulayliklarimizdan voz kechishga tayyormiz. (Mark 6:31–34; 1 Butr. 2:21) Kimdir maxsus, doimiy yoki ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qila olar. Ba’zilar esa til o‘rganadi yoki va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilish maqsadida u yerga ko‘chib o‘tadi. Ammo bularni qilishga imkoni bo‘lmasa-da, qo‘lidan kelganini qilayotgan va’zgo‘ylar tufayli xushxabar tarqalishida ancha ish amalga oshirilmoqda. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Yahova qo‘limizdan kelmaydiganini bizdan talab qilmaydi. Barchamiz Unga quvonch ila xizmat qilishimizni, «baxtiyor Tangrining... ulug‘vor xushxabarini» e’lon qilishimizni xohlaydi. (1 Tim. 1:11; Qonun. 30:11)

9. a) Qanday qilib Pavlus ishlashga vaqt ajratgan bo‘lsa ham, va’zgo‘ylikni birinchi o‘ringga qo‘ygan? b) Havoriylar 28:16, 30, 31 ga ko‘ra, Pavlus xizmatga nisbatan qanday nuqtai nazarda edi?

9 Havoriy Pavlus xizmatni hayot mazmuniga aylantirish borasida yaxshi o‘rnak bo‘la oladi. U Korinfda ikkinchi va’zgo‘ylik safarida bo‘lganda, puli kamroq bo‘lgan va chodir tikish uchun vaqt ajratgan. Lekin bu u uchun eng muhim ish bo‘lmagan. Pavlus xizmat qila olish va korinfliklar uning xarajatlarini qoplamasligi uchun bunday yo‘l tutgan. (2 Kor. 11:7) Garchi Pavlus oz-moz ishlashiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham, xizmatni birinchi o‘ringa qo‘yib, har Shabbat kuni va’z qilgan. Vaziyati yaxshi tarafga o‘zgargach, Pavlus va’zgo‘ylikka ko‘proq diqqat qarata olgan. U «Allohning kalomi haqida aytishga astoydil kirishdi. Yahudiylarga Isoning Masih ekanini isbotlab, shohidlik berardi». (Havor. 18:3–5; 2 Kor. 11:9) Keyinchalik, u Rimda ikki yil uy qamog‘ida bo‘lganda, yoniga kelganlarga va’z qilardi va xatlar yozardi. (Havoriylar 28:16, 30, 31 ni o‘qing.) Pavlus uni xizmatidan hech nima chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymagan. U shunday deb yozgan: «Bu xizmatga... ega bo‘lgan ekanmiz, taslim bo‘lmaymiz». (2 Kor. 4:1) Pavlusga o‘xshab biz ham ishlashga vaqt ajratsak-da, voizlik xizmatini bajarish hayotimizda eng muhim o‘rinda bo‘ladi.

Xizmatimizni to‘la ado etishimizning turli yo‘llari bor (10–11-xatboshilariga qarang.)

10–11. Sog‘lik muammolariga qaramay, qanday qilib xizmatni to‘la ado eta olamiz?

10 Yoshimiz o‘tgani yoki sog‘lik muammolari dastidan istaganimizcha uyma-uy xizmat qila olmasak-da, boshqacha tarzda va’z qilishimiz mumkin. Ilk masihiylar ham borgan joyida xizmat qilishgan. Ular har bir imkoniyatdan foydalanib haqiqatni yoyishgan, ya’ni uyma-uy, omma oldida va norasmiy tarzda «duch kelgan odamga» va’z qilishgan. (Havor. 17:17; 20:20) Ko‘p vaqt davomida piyoda yura olmasak, odam gavjum joylarda o‘tirib o‘tgan-ketgan kishilarga shohidlik bera olamiz. Yoxud kundalik ishlarimizni qilayotganimizda, xatlar yoki telefon orqali va’z qilib norasmiy shohidlik berishimiz mumkin. Sog‘ligi yoki boshqa qiyinchiliklari tufayli uyma-uy xizmat qila olmayotgan ko‘pgina va’zgo‘ylar xizmatning bu usullaridan foydalanib xursandchilikka to‘lmoqda.

 11 Sog‘lik muammolariga qaramay, xizmatingizni to‘la ado eta olishingiz mumkin. Keling, yana Pavlusning misolini eslaylik. U: «Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman»,— degan. (Filip. 4:13) Pavlus va’zgo‘ylik safarlarining birida mazasi qochib qolgan va bu madadga muhtoj bo‘lgan. Galatiyaliklarga u quyidagilarni yozgan: «Birinchi marta sizlarga xushxabarni aytganimda kasal bo‘lganimni bilasizlar». (Galat. 4:13) Shu kabi, sog‘lik muammolari ham boshqalarga xushxabarni aytish imkoniyatini ochib berishi hech gap emas, masalan shifokor, hamshira va sizga g‘amxo‘rlik qiladigan boshqalarga va’z qila olasiz. Va’zgo‘ylar bu insonlarning uyiga borganda, ularni uchratmasliklari mumkin.

QANDAY QILIB SODDA HAYOT KECHIRA OLASIZ?

12. Matto 6:22 dagi so‘zlar nimani anglatadi?

12 Iso: «Ko‘z — tananing chirog‘i. Agar ko‘zingiz faqat bir narsaga qaratilgan [yoki «oddiy», izoh] bo‘lsa, butun tanangiz yorug‘ bo‘ladi»,— degan. (Mat. 6:22) Bu nima degani? Iso biz xizmatimizdan chalg‘imay, sodda hayot kechirishimiz yoki muayyan maqsadga diqqat qaratishimiz kerakligini aytgan. Uning o‘zi ham xizmatni birinchi o‘ringa qo‘yishda a’lo o‘rnak qoldirib, shogirdlarini Yahova hamda Uning Shohligiga xizmat qilishga diqqat qaratishga undagan. Iso kabi xizmatni hayot mazmuniga aylantirib, «Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda» bo‘lishiga muvaffaq bo‘lasiz. (Mat. 6:33)

13. Xizmatga diqqat qaratishimizga nima yordam berishi mumkin?

 13 Xizmatga diqqat qaratishning yana bir yo‘li hayotimizni soddalashtirishdir. Shu yo‘sin, boshqalarga Yahovani tanib-bilishiga va Unga yaqinlashishiga yordam berish uchun ko‘proq vaqtimizni bag‘ishlay olamiz *. Masalan, ishlashga sarflayotgan vaqtimizni ko‘rib chiqib, hafta mobaynida ko‘proq vaqt xizmat qila olamizmi? Dam olishga ketayotgan vaqtimiz haqida ham mulohaza yuritib ko‘rsak arziydimi?

14. Bir juftlik xizmatga ko‘proq vaqt ajratish maqsadidan qanday o‘zgarishlar qildi?

14 Eliaz ismli oqsoqol va uning xotini bunday yo‘l tutishgan. U shunday deb bo‘lishdi: «Qaysidir vaqt mobaynida kashshoflik qila olmagandik, lekin uni boshlashni orzu qilardik. Shu bois, xizmatimizga ko‘proq vaqt ajratish uchun kichik qadamlardan boshladik. Misol uchun, xarajatimizni kamaytirdik, dam olishga ko‘p vaqt ketkazayotganimizni tushundik va rahbarlarimizdan kamroq ishlashni so‘radik. Natijada, oqshom paytlari va’z qiladigan bo‘ldik, Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkaza boshladik va hatto oyda ikki marta voizlik xizmati uchrashuvida ishtirok etadigan bo‘ldik. Bu juda zo‘r!»

VA’Z QILISH HAMDA TA’LIM BERISH QOBILIYATLARINGIZNI YAXSHILANG

Jamoatda o‘rganganlarimizga amal qilib xizmatda muvaffaqiyatli bo‘la olamiz (15–16-xatboshilariga qarang.) *

15–16. Qanday qilib 1 Timo‘tiyga 4:13, 15 ga binoan, va’zgo‘ylar sifatida qobiliyatlarimizni yaxshilay olamiz? (« Xizmatni to‘la ado etishga qo‘l keladigan maqsadlar» nomli ramkaga ham qarang.)

15 Xizmatimizni to‘la ado etishimizga yana bir narsa ko‘maklashadi, bu ham bo‘lsa, voizlik ishidagi qobiliyatlarimizni yaxshilash. Ayrim kasb egalari bilim va qobiliyatlarini  rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda ta’lim olib turishi kerak. Shohlik xabarchilari haqida ham shunday desa bo‘ladi. Biz ham xizmatdagi qobiliyatlarimizni qay yo‘sin yaxshilay olishimiz mumkinligiga o‘rganishimiz lozim. (Hik. 1:5; 1 Timo‘tiyga 4:13, 15 ni o‘qing.)

16 Xo‘sh, qanday qilib xizmatimizda muvaffaqiyatli bo‘la olamiz? «Hayot tarzimiz va xizmatimiz» uchrashuvida olayotgan yo‘l-yo‘riqlarga o‘ta diqqatli bo‘lishimiz darkor. Negaki, bu uchrashuvda va’z qilish qobiliyatlarimizni yaxshilashimizga ko‘maklashadigan foydali maslahatlar olamiz. Masalan, va’zgo‘ylar ko‘rsatgan namoyishlardan so‘ng maslahat beradigan birodarni tinglab, o‘z xizmatimizni yaxshilashimiz mumkinligiga o‘rgana olamiz. Kelasi safar kimdirga xushxabarni aytayotganimizda o‘sha maslahatlarga amal qilib ko‘rsak bo‘ladi. Va’zgo‘ylik guruhi noziridan yordam so‘rashimiz yoki u bilan yo bo‘lmasa boshqa tajribali va’zgo‘y, kashshof yoxud tuman noziri bilan xizmat qilishimiz mumkin. «Ta’lim berish “qutimizdagi” asboblar»ning har birini qo‘llashda mahoratimizni oshirib, voizlik va ta’lim berish ishida ko‘p xursandchilik topamiz.

17. Xizmatni to‘la ado etib nimalarni his eta olasiz?

17 «Tangrining xizmatdoshlari» bo‘lish biz uchun katta sharaf! (1 Kor. 3:9) «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlab», diqqatimizni xizmatga qaratsak, «xursand bo‘lib Yahovaga xizmat qilamiz». (Filip. 1:10; Zab. 100:2) Allohning xizmatkori sifatida shunda amin bo‘lingki, qiyinchiligingiz yoki vaziyatingiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar U xizmatingizni bajara olishingiz uchun sizga kerakli kuchni ato eta oladi. (2 Kor. 4:1, 7; 6:4) Shohidlik berishga ko‘p yoki kamroq vaqt ajratishingizdan qat’i nazar, jon-jahdingiz bilan xizmat qilsangiz «suyunishga sabab topa» olasiz. (Galat. 6:4) Xizmatni to‘la ado etib, Yahovaga va yaqinlaringizga nisbatan sevgingizni ko‘rsata olasiz. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Bunday yo‘l tutaversang, ham o‘zingni, ham seni tinglayotganlarni qutqarasan». (1 Tim. 4:16)

58-QO‘SHIQ Mo‘min qalblarni izlaymiz

^ 5- x.b. Iso Masih Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilish va shogird tayyorlash ishini bizga tayinlagan edi. Bu maqolada biz hatto ko‘pgina qiyinchiliklarga qaramay, xizmatimizni qay yo‘sin to‘la ado eta olishimiz mumkinligi to‘g‘risida gap boradi. Qolaversa, yanada samarali va quvonch ila va’z qilishimizga nima yordam berishini ham bilib olamiz.

^ 4- x.b. IBORA MA’NOSI. Xizmatimiz va’z qilish hamda ta’lim berishning turli usullaridan iborat bo‘lib, tashkilotimiz bilan bog‘liq qurilish va ta’mirlash, tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganlarga ko‘maklashish ishida qatnashishni o‘z ichiga oladi. (2 Kor. 5:18, 19; 8:4)

^ 13- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2016 yil iyul sonining 10-sahifasidagi «Hayotingizni qanday soddalashtirishingiz mumkin?» nomli ramkada keltirilgan yettita qadamga qarang.

^ 62- x.b. RASMGA SHARHLAR. Imondoshimiz jamoat uchrashuvida takroriy tashrifni namoyish etyapti. So‘ng esa birodar namoyish borasida maslahat berayotganda, «Ta’lim berish» risolasiga qaydlar qilyapti. Dam olish kunlarida esa xizmatda bularga amal qilyapti.